Ko‘ruv nervi


Nerv haqida qisqacha ma’lumot. Ko‘ruv nervi (n.opticus, II nerv)  sezuvchi nerv bo‘lib, ko‘rish funktsiyasini ta’minlaydi. Ko‘z to‘r pardasida (retina) joylashgan kolbachalar va tayoqchalar yorug‘likni qabul qiluvchi hujayralar hisoblanadi. Kolbachalar rangli dunyoni qabul qilsa, tayoqchalar oq-qora signallarni qabul qiladi. Retinal parda hujayralari aksonlari to‘planib ko‘ruv nervini hosil qiladi. Ko‘ruv nervi foramen opticum orqali kranial bo‘shliqqa kiradi va miyaning bazal yuzasi bo‘ylab turk egari tomon yo‘naladi. Turk egariga etmasdan sal teparoqda ko‘ruv yo‘llari o‘zaro kesishib chiasma opticum ni tashkil qiladi. Retinaning ichki  (nazal) qismidan boshlangan tolalar kesishadi. Retinaning tashqi (chakka) qismidan boshlangan tolalar xiazmadan kesishmay o‘tadi. Bu qoidani bilish gemianopsiya tomonini aniqlashda o‘ta muhimdir.

Ko‘ruv yo‘llarining xiazmadan keyingi qismi ko‘ruv trakti (tractus opticus) deb aytiladi. Chap tomondagi ko‘ruv trakti ikkala ko‘zning ham ko‘ruv maydonining o‘ng tomonidan, o‘ng tomondagi ko‘ruv trakti esa chap tomonidan kelayotgan optik signallarni o‘tkazadi. Ko‘ruv maydonining tashqi qismidan kelayotgan optik signallar retinaning ichki qismiga, ichki qismidan kelayotganlari retinaning tashqi qismiga tushadi. Chunki optik signallar qavariq gavhardan sinib o‘tadi va shu bois qarama-qarshi tomonga tushadi.

Ko‘ruv trakti birlamchi ko‘ruv markazlari, ya’ni yuqori ikki tepalik (colliculus superior), lateral tizzasimon tana (corpus geniculatum laterale) va talamus yostiqchasi (pulvinar) tomon yo‘naladi. Bu erdan boshlangan tolalar Gratsiole tutamini hosil qilib bosh miyaning ensa qismida joylashgan ko‘ruv markazi (17-maydon) tomon yo‘naladi.        

 

Tekshirish usullari

 

Nevrologiyada ko‘ruv nervini tekshirish alohida o‘rin kasb etadi. Vaholanki, bosh miyada kechuvchi aksariyat kasalliklar ko‘ruv nervi va uning tubi o‘zgarishi bilan namoyon bo‘ladi. Shu bois nevrologlar orasida “Ko‘z – bosh miya ko‘zgusi” degan ibora bor. Neyrodiagnostikaga MRT kirib kelgunga qadar neyroxirurglar va nevrologlar oftalmodiagnostika usullaridan keng foydalanishgan. Xatto oftalmonevrologiya fani paydo bo‘lgan. Endi ko‘ruv nervini tekshirish usullari bilan tanishib chiqamiz.

Ko‘ruv nervi quyidagi tekshiruv usullari orqali o‘rganiladi:

  1. Ko‘ruv o‘tkirligi;
  2. Ko‘ruv maydoni;
  3. Ranglarni ajratish;
  4. Ko‘z tubi.
  5. Ko‘ruv o‘tkirligini tekshirish. Ko‘ruv o‘tkirligi (visus) 5 m uzoqlikda devorga osib qo‘yilgan Sivtsev (harflar) va Landolt jadvallari (ochiq halqalar) yordamida tekshiriladi (5-rasm).
 

5-rasm.  Ko‘ruv o‘tkirligini tekshirish uchun Sivtsev va Landolt jadvallari

 

Ko‘ruv o‘tkirligi har bir ko‘zda galma-gal tekshiriladi. Bunda bir ko‘z kaft bilan yopib turiladi (6-rasm).

 6-rasm. Ko‘ruv o‘tkirligini tekshirish.

Sog‘lom odam eng pastda, ya’ni 10-qatordagi harflarni (halqalarni) bemalol ko‘ra oladi. Normada ko‘ruv o‘tkirligi 1,0 ga teng. Ko‘ruv o‘tkirligi darajasi har bir ko‘zda alohida yozilishi kerak.

 

Agar sinaluvchi 9-qatorni ko‘rsa – Vis = 0,9, 8-qatorni ko‘rsa – Vis = 0,8, 7-qatorni ko‘rsa – Vis = 0,7 va h.k. deb yoziladi. Bolalarda ko‘ruv o‘tkirligini tekshirish uchun Orlov jadvalidan foydalaniladi (7-rasm).

7-rasm. Bolalarda ko‘ruv o‘tkirligini tekshirish uchun Orlov jadvali.

 

Ko‘ruv o‘tkirligi patologiyasi. Ko‘ruv o‘tkirligi pasaysa – ambliopiya, yo‘qolsa – amavroz  deb aytiladi. Yosh bolalarda ko‘ruv o‘tkirligi biroz past bo‘ladi. Masalan, 3 yoshli bolada ko‘ruv o‘tkirligi 0,6–0,8 ga teng bo‘lsa, 5–6  yoshga kelib 0,9–1,0 ga etadi. 

Ko‘ruv yo‘llari va markazlarini zararlovchi juda ko‘p patologik holatlar mavjud bo‘lib ular haqida pastroqda ma’lumotlar berilgan. Biroq tibbiy amaliyotda psixogen ko‘rlik ham birmuncha uchrab turishini esda tutish lozim.  Bunday bemorlar “Men ko‘r bo‘lib qoldim, umuman ko‘rmayapman” deb shikoyat qilishadi. Biroq ularda qorachiqlarning yorug‘likka reaktsiyasi saqlangan, ko‘z tubi qon tomirlari normal holatda bo‘ladi. Psixogen ko‘rlik tashxisini qo‘yishda bemorning xatti-harakatlariga e’tibor qaratiladi. Uni xonada yolg‘iz qoldirib chiqib ketsa, oynaga qarab ust-boshini to‘g‘irlab olishi yoki boshqa harakatlar qilishi mumkin. Bunday bemorlarni davolashda platseboterapiya usuli yaxshi samara beradi. Psixogen ko‘rlikning sabablari turli-tuman bo‘lib, bu vaziyat aksariyat hollarda yaqinlarining e’tiborini o‘ziga jalb qilish (ayniqsa, qariyalarda), ko‘z oldida ayanchli voqea ro‘y berishi, yatrogeniya, yaqinlaridan ayrilish va boshqa bir stressli omillar hosilasidir. 

  1. Ko‘ruv maydonini tekshirish. Ko‘ruv maydonining tashqi, ichki, yuqori va pastki chegaralari farqlanadi. Ko‘ruv maydonini tekshirishning bir nechta oddiy usullari bo‘lib, ular bilan tanishtirib chiqamiz.

1-usul. Ko‘ruv maydonini perimetr yordamida tekshirish. Dastlab tekshiruv qoidalari bemorga tushuntiriladi. Bemor perimetr ro‘parasiga qulay o‘tirib oladi va iyagini perimetrning qoq o‘rtasida joylashgan maxsus qurilmaga qo‘yadi (8-rasm).

 8-rasm. Ko‘ruv maydonini perimetr yordamida tekshirish

 

Unga bir ko‘zini kafti bilan bekitib, ikkinchi ko‘zi bilan perimetr o‘rtasida joylashgan oq dog‘ga qarash buyuriladi. Vrach uchi oq dog‘ bilan belgilangan cho‘pni (yoki qalamni) perimetrning tashqi tomonidan markaz tomonga qarab sekin yurgizib keladi. Bemor perimetr markazi tomon yaqinlashib kelayotgan oq dog‘ni ko‘rsa, o‘sha joy ko‘ruv maydoni chegarasi hisoblanadi. Xuddi shu tartibda ko‘ruv maydoninig qolgan chegaralari aniqlab olinadi. Normada ko‘ruv maydonining tashqi chegaralari 90°, ichki chegarasi 60°, pastki chegarasi 70°, yuqori chegarasi 60° ga teng.

2-usul. Ko‘ruv maydonini nevrologik bolg‘acha yordamida tekshirish. Dastlab tekshiruv bemorga aniq va lo‘nda qilib tushuntiriladi. Undan “Ikkala qoshimning o‘rtasiga qarab turing” deb so‘raladi. Bemor kafti bilan bir ko‘zini bekitadi. Vrach bemorning ochiq qolgan ko‘zi tomonidan eng chekkadan nevrologik bolg‘achani o‘rtaga yaqinlashtirib keladi (9-rasm).

 9-rasm. Ko‘ruv maydonini bolg‘acha yordamida tekshirish

 

Bolg‘acha ko‘ringan zahoti bemor vrachni xabardor qiladi. Bolg‘acha ko‘ringan joy ko‘ruv maydonining tashqi chegarasi hisoblanadi. Shu tartibda har bir ko‘zning tashqi, ichki, pastki va ustki ko‘ruv maydonlari aniqlab olinadi va qog‘ozga belgilanadi. Nevrologik bolg‘acha o‘rniga qalamni ishlatib ham tekshirish mumkin. Perimetr yo‘q paytlarda va yotgan bemorlarda ushbu usuldan keng foydalaniladi.

3-usul. Ko‘ruv maydonini sochiq yorlamida tekshirish. Bemorning ikkala ko‘zi ham ochiq turadi. Vrach bemorning ro‘parasiga o‘tirib oladi va ikkala qo‘li bilan sochiqning ikkala chekkasidan ushlab turadi (10-rasm).

 10-rasm. Ko‘ruv maydonini sochiq yordamida tekshirish

 

Sochiqning uzunligi 70-80 sm bo‘lishi kerak. Bemordan “Ko‘rsatkich barmog‘ingiz bilan sochiqning o‘rtasini ko‘rsating” deb so‘raladi. Bemor sochiqning qoq o‘rtasini ko‘rsatsa, demak ko‘ruv maydoni buzilmagan. Agar  sochiqning bir tomoni uzun qolsa, demak o‘sha tomonda gemianopsiya bor. Bu sinamini tekshirayotgan vrachning o‘zida gemianopsiya bo‘lmasligi kerak.

Ko‘ruv maydonini tekshirishning diagnostik ahamiyati. Bu tekshiruv orqali bir qator kasalliklarni aniqlab olish mumkin. Masalan, bitemporal gemianopsiya aniqlangan bemorda gipofiz o‘smasi ehtimoli juda yuqori. Chunki gipofiz ko‘ruv yo‘llari kesishmasi, ya’ni xiazmaning ichki yuzasiga juda yaqin joylashgan. Binazal gemianopsiya esa ichki uyqu arteriyasi anevrizmasi haqida dalolat berishi mumkin. Chunki ushbu arteriya xiazmaning tashqi tomoniga yaqin joylashgan. Aniqlangan har qanday gemianopsiyada turk egari sohasi patologiyasini izlash kerak. Gemianopsiyani yuzaga keltiruvchi patologik holatlar 11-rasmda keltirilgan.

 

 

 

 

I

II

III

IV

V

 

VI

VII

 

11-rasm. Ko‘ruv yo‘llarining har xil sohalarda zararlanishi va ko‘ruv maydoni buzilishlari. 1-ko‘ruv nervi; 2-ko‘ruv trakti; 3-tashqi tizzasimon tana; 4 va 5-ko‘ruv analizatorining po‘stloq markazlari.

I. Ko‘ruv nervi zararlanishi – amavroz; II. Xiazmaning ikkala tashqi qismi zararlanishi – binazal gemianopsiya;   III. Xiazmaning ichki qismi zararlanishi – bitemporal gemianopsiya; IV. Ko‘ruv traktining o‘ng tomonda zararlanishi – chap tomonlama gemianopsiya; V. Gratsiole tutamining o‘ng tomonda zararlanishi – chap tomonlama gemianopsiya (markaziy ko‘ruv saqlanib qolgan); VI. Ensa sohasidagi po‘stloq ko‘ruv markazining pastki qismi (g. lingualis) zararlanishi – yuqori kvadrant gemianopsiya; VII. Ensa sohasidagi po‘stloq ko‘ruv markazining yuqori qismi (cuneus) zararlanishi – pastki kvadrant gemianopsiya.

 

12-jadval. Ko‘rish  buzilishlari

 

Ambliopiya

Ko‘rishning pasayishi

Amavroz

Ko‘rishning yo‘qolishi

Bitemporal gemianopsiya

Ko‘rish maydonining chakka qismlarida qo‘rishning yo‘qolishi

Binazal gemianopsiya

Ko‘rish maydonining ichki qismlarida qo‘rishning yo‘qolishi

Chap tomonlama gomonim gemianopsiya

Ko‘rish maydonining chap tomonida qo‘rishning yo‘qolishi

O‘ng tomonlama gomonim gemianopsiya

Ko‘rish maydonining o‘ng tomonida qo‘rishning yo‘qolishi

Yuqori kvadrant gemianopsiya

Ko‘rish maydonining yuqori 1/4 qismida qo‘rishning yo‘qolishi

Pastki kvadrant gemianopsiya

Ko‘rish maydonining pastki 1/4 qismida qo‘rishning yo‘qolishi

Ko‘ruv maydonining kontsentrik torayishi

Ko‘rish maydonining chekka qismlaridan torayib kelishi

Skotomalar

Ko‘rish maydonida paydo bo‘lgan ko‘rish nuqsonlari

 

  1. Ranglarni ajratish. Maxsus polixromatik jadvaldan foydalanib ranglarni ajratish tekshiriladi (12-rasm).
 

12-rasm. Ranglarni ajratishni tekshirish uchun polixromotik jadval

 

Unda turli xil ranglar fonida geometrik figuralar, harflar va raqamlar aks ettirilgan. Bemor ularni ajratib topa olishi kerak. Boshqa ranglar fonida yashil va qizil ranglarni ajrata olmaslikka daltonizm, ranglarga ko‘rlik esa axromatopsiya deb aytiladi. Aholi orasida disxromatopsiya, ya’ni turli rangli figuralarni ajratib ayta olmaslik keng tarqalgan. Odatda, bu holatlar tug‘ma bo‘ladi. Daltonizm erkaklarda ko‘p uchraydi.

  1. Ko‘z tubini tekshirish. Ko‘z tubini tekshirish juda katta diagnostik ahamiyatga ega. Bu maqsadda oftalmoskopdan foydalaniladi. Bunda ko‘z to‘r pardasi (retina) qon tomirlari va ko‘ruv nervi diski holatiga e’tibor qaratiladi. Normada ko‘z olmasi tubi qizil rangda bo‘ladi. Ko‘z tubi o‘rtasida biroz bo‘rtib turgan oval shakldagi pushtirang ko‘ruv nervi diski joylashgan. Ko‘z tubining markaziy qismida markaziy retinal arteriya, uning yonida markaziy retinal vena joylashgan. Arteriya venaga qaraganda kichiqroq bo‘ladi.

Ko‘ruv nervi va diski patologiyasi. Meningioma, glioma, tuberkulema, zahm gummasi, ishemiya, gemarrogiya, qandli diabet, arterial gipertoniya, IKG, tarqoq skleroz, neyrodegenerativ kasalliklar, intoksikatsiyalar, ichki uyqu arteriyasi anevrizmasi va stenozi, a.ophthalmica trombozi va oldingi kranial chuqurcha jaroxatlari ko‘ruv nervi va uning diski zararlanishiga olib keladi. Bu kasalliklarda retinal arteriyalar deformatsiyasi, gemorragiyalar, venoz turg‘unlik, disk dimlanishi kabi patologik holatlar aniqlanadi. Agar bir ko‘zda ko‘ruv nervi atrofiyaga uchrab, ikkinchi ko‘zda disk dimlanishi kuzatilsa, Foster-Kennedi sindromi rivojlangan bo‘ladi. O‘sma bor tomonda ko‘ruv nervi atrofiyasi rivojlanadi.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив