QO‘LLAR NEGA TITRAYDI?
Tremor “titroq” degan ma’noni anglatadi. Tremor ikkala qo‘l, oyoqlar, bosh va tanada kuzatiladigan titroqlardir. Tremor, ko‘pincha, simmetrik tarzda namoyon bo‘ladi va ikkala qo‘lda ko‘p uchraydi. Har kim o‘zida tremor bor-yo‘qligini aniqlab olish uchun ikkala qo‘lini oldinga cho‘zib turishi kerak.
Tremor nevrozda, ya’ni asabiylashadigan va tez hayajonlanadigan odamlarda ko‘p uchraydi. Bunday odamlarda ortiqcha hayajonlanish tremorni kuchaytirib yuboradi. Biroq tremor eng ko‘p uchraydigan va yillab davom etadigan kasallik borki, uning nomi “Essentsial tremor”dir. Bu kasallik ko‘pincha nasldan-naslga o‘tadi. Bunday bemorlarda tinch holatda ham kichik amplitudali tremor kuzatilib turadi, ya’ni tremor doimiyligi bilan ajralib turadi. Nevrozlarda tremor doimiy emas, ya’ni bemor tinchlanganda, uning fikrini chalg‘itganda, psixoterapiya o‘tkazilsa, fizioterapevtik muolajalar va tinchlantiruvchi dorilar qo‘llanilganda tremor kamayadi yoki yo‘qoladi. Bu muolajalar samarasi essentsial tremorda juda past. Shuningdek, nevrozda turli darajada ifodalangan xulq-atvor buzilishlari aniqlanadi.
Bo‘qoq kasalligida ham tremor kuzatiladi. Yurakning tez-tez urishi, ko‘p terlash, oyoq-qo‘llarning muzlab yurishi, qo‘rquv va fobiyalar, qonda T3 va T4 miqdorining oshishi tireotoksik tremor uchun juda xos. Tremor, shuningdek, parkinsonizm, miyacha kasalliklari, alkogolizm, mis, qo‘rg‘oshin, simob va marganets kabi metallar bilan surunkali zaharlanishlarda ham kuzatiladi.
Yuz-ko‘zlarda uchraydigan tiklarni tremor bilan chalkashtirmaslik kerak. Tik degani ma’lum bir muskullarda kuzatiluvchi va takrorlanib turuvchi kichik titroqlardir. Tiklar tez chastotali bo‘ladi, qisqa muddat davom etadi va shu tarzda takrorlanib turaveradi. Qaysi muskullarda joylashganiga qarab, tiklar turli-tuman ko‘rinishlar, ya’ni qosh qoqish, ko‘zni yumib-ochish, bujmaytirish, burunni tortib qo‘yish, lab burchaklarini qimirlatish, boshning silkinib ketishi kabi ixtiyorsiz harakatlar bilan namoyon bo‘ladi. Agar tiklar tananing boshqa qismlariga tarqalsa, elkani siqish, qo‘llarni qimirlatish, nafas olish harakatlarini qilish va qorinni ichkariga tortish kabi tiklar ham kuzatiladi.
Til, xalqum muskullarida kuzatiladigan tiklar vokal harakatlar bilan namoyon bo‘ladi. Vokal tiklarda bemor o‘z-o‘zidan ovoz chiqarib baqirib yuboradi, uning ovozi xuddi opera teatrida kuylayotgan qo‘shiqchilar ovoziga o‘xshab ketadi. Bu holat Turett sindromi uchun juda xos. Tiklar takrorlanib turuvchi yo‘tallar, ovoz qirishlar, hushtak chalib yuborishlar bilan ham namoyon bo‘ladi.
Tiklar ko‘p hollarda xulq-atvor buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Tiklar tomog‘i ko‘p “shamollaydigan” bolalarda ham kuzatilib turadi. Bunday bolalarning diqqati tarqoq bo‘ladi, bir joyda tinch o‘tira olmaydi, ota-onasi koyisa, yig‘lab yuboradi, qo‘lidan narsalar tushib ketadi, ovqatni to‘kib eydi, eslab qolish qobiliyati sustlashadi.
Tashxis qo‘yish va davolash. Bemorni albatta nevropatologga ko‘rsatib, tashxisni aniqlab olish zarur. Vrachning o‘zi kasallik sababini aniqlab, to‘g‘ri davolash muolajalarini belgilaydi. Har qanday tremorni bartaraf etish, avvalombor, uning sababini aniqlashni talab etadi.
Professor Zarifboy Ibodullaev