Qo‘shimcha nerv
Nerv haqida qisqacha ma’lumot. Qo‘shimcha nerv (n. accessorius, XI nerv) harakat nervi hisoblanadi. Uning yadrosi uzunchoq miyaning pastki qismida va CI-CV spinal segmentlarning oldingi shoxi bo‘ylab joylashgan. Yadroning kranial qismi ikki tomonlama kortiko-nuklear innervatsiyaga ega, spinal qismi esa qarama-qarshi tomondan bir tomonlama innervatsiya oladi. Nervning spinal yadrolardan chiqadigan qismi (radix spinalis) orqa miyaning lateral yuzasi bo‘ylab joylashib yuqoriga ko‘tariladi va ensaning katta teshigi (foramen occipitale magnum) orqali kranial bo‘shliqqa kirib nervning kranial qismi (radix cranialis) bilan qo‘shiladi. Hosil bo‘lgan qo‘shimcha nerv bo‘yintiriq teshik (foramen jugulare) orqali kranial bo‘shliqdan chiqadi va ikkiga bo‘linadi (34-rasm).
34-rasm. Qo‘shimcha nerv
Nervning birinchi qismi to‘sh-o‘mrov-so‘rg‘ichsimon (m. sternocleidomastoideus) muskulga borsa, ikkinchi qismi trapetsiyasimon muskul (m.trapezius) tomon yo‘naladi. Ushbu muskullar bo‘yin, elka va boshning turli tomonlarga harakatlarini ta’minlaydi. Ularning funktsiyalari boshni yon tomonlarga burish, orqaga va oldinga egish, elkalarni ko‘tarish (qisish), elka kamarini orqaga tortish, kuraklarni umurtqa pog‘onasiga yaqinlashtirish va elkani gorizontal sathdan tepaga ko‘tarishdan iborat.
Tekshirish usullari
Dastlab bemorning bo‘yin-elka sohasi umumiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. So‘ngra boshni o‘ng va chapga, oldinga va orqaga burish hamda elkalarni ko‘tarish so‘raladi. Bo‘yin muskullari paypaslab tekshiriladi, ularning simmetrikligi, atrofiya va fastsikulyatsiyalar bor-yo‘qligiga e’tibor qaratiladi.
To‘sh-o‘mrov-so‘rg‘ichsimon muskul kuchini tekshirayotganda bemorga “Boshingizni sal ko‘tarib yon tomonga burang” deb ko‘rsatma beriladi. Vrach esa bunga qarshilik ko‘rsatadi (35a-rasm). Trapetsiyasimon muskul kuchini tekshirish uchun esa “Elkalarni ko‘tarib shu holatda ushlab turing” deb ko‘rsatma beriladi. So‘ngra vrach elkalar ustidan bosadi (35b-rasm).
35 a-rasm. M. trapezius kuchini aniqlash sinamasi |
35 b-rasm. M. sternocleidomastoideus kuchini aniqlash sinamasi. |
Patologiyasi. Qo‘shimcha nerv yadrosi va ildizchasi zararlanganda o‘sha tomonda elka tushib turadi, muskullar atrofiyaga uchraydi, bosh oldinga osilib qoladi yoki uni sog‘lom tomonga burib bo‘lmaydi, qo‘lni gorizontal chiziqdan tepaga ko‘tarish qiyinlashadi (36-rasm).
Bemorning boshi oldinga osilib qoladi |
Zararlangan tomonda elka tushib turadi |
Qo‘llarni pastga tushirib kaftlarni bir-biriga biriktirib tursa, elka osilgan tomonda barmoqlar biroz chiqib turadi |
Qo‘lni gorizontal chiziqdan tepaga ko‘tarib bo‘lmaydi |
36-rasm. Qo‘shimcha nervning zararlanish simptomlari |
Qo‘shimcha nerv ta’sirlantirilsa bosh, bo‘yin va elkada tonik spazm va klonik titroqlar yuzaga keladi, bosh qarama-qarshi tomonga qiyshayib qoladi (tortikollis).
Professor Zarifboy Ibodullaev