Gipotalamus va gipofiz
Gipotalamus – barcha ichki a’zolar va sistemalar faoliyatini bevosita boshqaradigan miya tuzilmasi. Obrazli qilib aytganda, bosh miya inson organizmini aql bilan boshqarsa, gipotalamus ularni gormonlar yordamida boshqaradi. Gipotalamus tana harorati, arterial qon bosimi, hissiyot, moddalar almashinuvi, ya’ni oqsil, yog‘, uglevod, suv va elektrolitlar almashinuvi uchun javob beradi. Birorta ichki a’zo va sistemaning faoliyati gipotalamus ishtirokisiz ro‘y bermaydi. Gipotalamus ham o‘z vaqtida unga yaqin joylashgan gipofiz bilan birgalikda faoliyat ko‘rsatadi. Gipofizda inson organizmi uchun o‘ta muhim bo‘lgan gormonlar ishlab chiqariladi.
Bu gormonlar ahamiyati shu darajada kattaki, ular keragidan ortiqcha yoki kam ishlab chiqarilsa, hatto tana shakli ham o‘zgarib ketadi. Siz, albatta, bu haqda eshitgansiz. Agar bolaning bo‘yi o‘smay qolsa, unda gipofiz gormonlarini tekshirish kerak deb yurishadi. Chunki somatotrop deb atalmish gormon etarli miqdorda ishlab chiqarilmasa, bolaning bo‘yi o‘smay qoladi. Bunga nanizm deb aytiladi. Aksincha, bu gormon ortiqcha ishlab chiqarila boshlasa, bola tez o‘sib ketadi, yuz va tana xunuk tarzda kattalashadi. Bu holatni akromegaliya deb atashadi.
Professor Zarifboy Ibodullaev