“VRACh YO‘QLIGI SINDROMI”
Nevroz, depressiya va isteriya bilan kasallangan bemorlarni uzoq yillar mobaynida kuzatish va davolash natijasida shu narsaga amin bo‘ldimki, tibbiyotga, xususan, neyropsixologiyaga “Vrach yo‘qligi sindromi” degan atamani kiritish kerak. Ishonchim komilki, har bir nevropatolog bu sindromni bir marta bo‘lsa-da, o‘z amaliyotida kuzatgan. Masalan, siz nevroz bilan kasallangan bemorni muvaffaqiyatli davoladingiz. U yaxshi bo‘lib ketdi. Hatto uni bir oy nazoratga ham oldingiz. U yoningizga har haftada kelib turdi. U sizning ko‘rigingizdan, suhbatlaringizdan ko‘ngli to‘lib, yaxshi bo‘lib yurdi. Undagi kasallik alomatlari butunlay yo‘qoldi. Siz xursand bo‘lib bemorni uyiga jo‘natdingiz. Har ehtimolga qarshi telefon raqamingizni ham berdingiz. Ishonchingiz komilki, endi u sizga o‘z kasalligidan shikoyat qilib kelmaydi. Bayramlar bilan tabriklab, telefon qilishi mumkin, xolos. Chunki u tuzaldi.
Biroq... Ming afsuski, bemor uyiga ketganidan so‘ng bir hafta o‘tar-o‘tmas (ba’zida bir oy o‘tgach), u sizga telefon qila boshlaydi. “Doktor, mening boshim yana og‘riyapti, yana uyqum buzilgan, kayfiyatim yana tushib ketdi, tanam qaqshab og‘riyapti” deb shikoyat qiladi. Agar ayol kishi bo‘lsa, yig‘lab yuboradi. Siz “Bemor shamollab qolibdi yoki oilada urish-janjal bo‘libdi, shekilli” deb o‘ylaysiz. Ma’lum bo‘ladiki, oilada hech qanaqa mojaro bo‘lmagan, bemor shamollamagan ham! Siz uni obdon tekshirasiz va hech qanday kasallik alomatlarini topmaysiz. Bu haqda bemorga ham aytasiz. U xursand bo‘lib uyiga qaytadi.
E’tibor qiling-a, kechagina ahvolidan aziyat chekib turgan bemor sizni ko‘rgach va tekshiruvlardan o‘tgach 1-2 soat ichida yaxshi bo‘ldi-qoldi. Nega shunday bo‘ldi? Nega bemor uyiga ketgach, kasal bo‘lib qoldi. Bu holatni bemalol “Vrach yo‘qligi sindromi” deb atash mumkin. Go‘yoki bemorning yonida vrach yo‘qligi sababli, uning yoniga kasallik alomatlari tashrif buyurdi. Bemor vrachning yoniga keluvdi, bu alomatlar yana yo‘q bo‘lib ketdi. Bu fenomenni ko‘pchilik nevropatologlar o‘z amaliyotida kuzatgan.
Isterik bemorda bu holat ko‘p takrorlanadi. Shuning uchun ham bunday bemorlar vrachma-vrach sarson bo‘lib yurishadi. Bir yil ichida 10 ta nufuzli klinikada davolangan, tuzalgan va har gal uyiga qaytgach, yana kasal bo‘lavergan bitta ayolni bilaman. Axiyri uni neyropsixologga, ya’ni menga yuborishgan. Men ham uni 3 marta “samarasiz” davolaganman. To‘g‘risini aytganda, shu ayolni tekshiraverib va davolayverib, “Vrach yo‘qligi sindromi” atamasini o‘ylab topdim.
Bir kuni u: “Doktor, menga hech kim tashxis qo‘ya olmadi. Siz ham buni eplay olmadingiz. Agar tashxisni to‘g‘ri qo‘yganlaringizda men tuzalib ketardim” dedi. Ketayotganida “Yangi davolash usullarini o‘ylab toping, keyin oldingizga balkim kelarman” dedi. Albatta, uning bu so‘zlari menga alam qildi. Chunki bemorda nevroz va psixosomatik buzilishlardan boshqa hech qanday kasallik yo‘q edi. Buni unga tushuntirib ham bo‘lmasdi.
Psixologiyada hech qanday gapga yurmaydigan va hech kimga ishonmaydigan odamlarni “psixologik rigid odam” deb atashadi. Bundaylarni hech qanday usul bilan davolab bo‘lmaydi. Uning ismi Tamara edi, asosan rus tilida so‘zlashardi. “Tamara opa, men sizga yangi davolash usulini emas, balki siz uchun yangi diagnoz o‘ylab topdim, ya’ni “Sindrom otsutstvuyushego vracha” dedim. Xohlasangiz bu sindromni sizning nomingiz bilan “Tamara opa sindromi” deb atayman. Mashhur vrach Parkinsonga o‘xshab tarixda qolib ketasiz” dedim. U kulib yubordi. Men unga nega shu fikrga kelganimni tushuntirib berdim. Har doim uyiga ketganidan so‘ng kasallik alomatlari paydo bo‘la boshlashini, vrach huzuriga kelganidan so‘ng esa bu belgilar o‘tib ketayotganligini misollar bilan tushuntirib berdim. Suhbatimiz oxirida “Endi siz vrachlarning oldiga emas, balki vrachlar sizning uyingizga tashrif buyurishlari kerak” dedim hazillashib. Bir oydan keyin yana dod-voy solib kelasiz. Sizda “Vrach yo‘qligi sindromi” dedim. Oradan 1 oy o‘tgach, bemor telefon qildi va jiddiy ohangda: “Doktor, men uyga kelganimdan so‘ng sizning gaplaringiz haqida ko‘p o‘yladim. Siz juda to‘g‘ri xulosaga kelgansiz. Menda haqiqatan ham “Vrach yo‘qligi sindromi” shekilli. Kasalim qandayligini endi tushundim. Sizga katta rahmat! Sizni ko‘p qiynaganim uchun uzr” dedi.
Men ham “Agar siz qiynamaganingizda yangi sindromni o‘ylab topmasdim” dedim. U haqiqatan ham o‘sha suhbatdan keyin tuzalib ketdi. Bemor bilan keyingi uchrashuvlarimizda ham men unda hech qanaqa nevrotik alomatlarni ko‘rmadim. U hatto ruhan tetiklashib, dunyoqarashi o‘zgarib ketdi. Chunki unda kasalliklarga nisbatan kuchli psixologik immunitet shakllangan edi.
Professor Zarifboy Ibodullaev