Vegetativ distoniya sindromi nima?
Bu tashxis vrachlar tomonidan ko‘p qo‘yiladi. Bemorlar ham bu kasallik qanday dard ekan deb qiziqib yurishadi.
Shu haqda ma’lumot berib o‘tsak. Vegetativ distoniya sindromi yurak tez urib ketishi, qizib yoki sovib ketish, ko‘p terlash, qo‘rquv va xavotir, uyqu buzilishi, jizzakilik, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘luvchi kasallik. Kasallikning eski nomi “neyrotsirkulyator distoniya” bo‘lib, yoshlar orasida ko‘p uchraydi. Bunday bemorlarning qon bosimi ko‘pincha past yuradi, yuragi tez uradi, to‘yib nafas ololmaydi, xuddi havo etmagandek tuyuladi, qorni g‘o‘ldirab yuradi, tez-tez siyishga boradi, jinsiy sovuqqonlik paydo bo‘ladi. Ularda yurak sanchishlari ko‘p kuzatilganligi bois, doimo EKG apparatiga tushib yurishadi. Biroq yurak kasalligi aniqlanmaydi va bu holat asab bilan bog‘liqligi ma’lum bo‘lib qoladi. Yurak sohasidagi og‘riqlar sanchuvchi, kuydiruvchi va siquvchi xususiyatga ega.
Bemorning jahli chiqsa, qorachiqlari kengayib ketadi, yuragi dukillab ura boshlaydi, qon bosimi tushib ketadi, boshi aylanadi, ko‘ngli ayniydi, quloqlari shang‘illaydi va bitib qoladi. Ularda havo etishmay bo‘g‘ilib qolish, tomoqda biror narsa bordek holatlar ko‘p kuzatiladi. Aksariyat bemorlarda chuqur xo‘rsinib qo‘yishlar paydo bo‘ladi. Odamlar gavjum va havosi dimiqqan joylar ularga yomon ta’sir qiladi, sovuqqa ham chidamsiz bo‘lishadi. Tunda ikkala oyog‘i bezovta bo‘lib, uxlay olmay chiqish ham uchrab turadi. Tong yorishi bilan oyoqlardagi bezovtalik o‘tib ketadi. Bunday bemorlar ertalab uyg‘onganda yuz-ko‘zlari bir oz shishgan va ko‘zlar tagi salqigan bo‘ladi. Ba’zida ayollar «Shishib ketayapman» deb, siydik haydovchi dorilar ichib yurishadi. Qorinning pastki qismi og‘rib turishi, ichak faoliyati buzilishi, ovqatning qiyin hazm bo‘lishi ham kuzatilib turadi.
Bu kasallikda bemorning kayfiyati tez-tez buzilib turadi va arzimagan narsaga jahli chiqadi, hissiy portlashlar tez-tez kuzatilib turadi, atrofdagi voqealardan doimo norozi bo‘lib yuradi. Ba’zida depressiyaga tushib, hech kim bilan gaplashmay qo‘yadi, hech narsadan qoniqmaydi. Asossiz qo‘rquv va xavotir, aqliy va jismoniy ishlarga xohish yo‘qligi, parishonxotirlik va xotiraning pand berib yurishi vegetativ distoniyaning doimiy hamrohidir.
Davolash qanday olib boriladi? Bemorni davolash deyarli har doim ijobiy natija beradi. Davolashni nevropatolog va tibbiy psixolog amalga oshiradi. Davolashda fizioterapevtik va psixoterapevtik muolajalar ko‘p qo‘llaniladi.
Professor Zarifboy Ibodullaev