Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi MIOPATIYaLARDA DAVOLASh TAMOYILLARI

MIOPATIYaLARDA DAVOLASh TAMOYILLARI


Miopatiyalar bilan bemorlarni samarali davolash usullari hanuzgacha ishlab chiqilmagan. Genetik nuqsonlarni bartaraf etgandagina samara­li davolash haqida so‘z yuritish mumkin. Bugungi kunda bunday imkoniyat yo‘q. Biz faqat rivojlanib borayotgan miodistrofiyani pasaytirishimiz mumkin, xolos. Asosan farmakologik vositalar, fizioterapevtik muolajalar va jismoniy mashqlar, ortopedik moslamalar, xirurgik operatsiyalar va psixoterapevtik davolash muolajala­ri qo‘llaniladi. Oqsil va vitaminlarga boy bo‘lgan maxsus parhez belgilanadi.

Farmakologik vositalar

  • Vitaminlar va polivitaminlar.
  • L-karnitin, koenzim Q10, tsitoxrom S .
  • Anabolik gormonlar (retabolil va b.q.).
  • Kaliy preparatlari (kaliy orotat, panangin).
  • Antixolinesteraz dorilar (prozerin, nivalin, neyromidin).
  • Periferik qon aylanishni yaxshilash uchun trental, niko­tin kislotasi, ksantinol nikotinat.

Fizioterapevtik muolajalar va jismoniy mashqlar

  • Dorilar (prozerin, nivalin, kaltsiy xlorid) elektroforezi – sinaptik o‘tkazuvchanlikni kuchaytiradi, muskullar tonusini oshiradi, vegetativ buzilishlarni pasaytiradi.
  • Elektromagnitostimulyatsiya atrofiyaga uchrayotgan muskullarga qilinadi. Engil elektrostimulyatsiya muskullar trofikasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
  • Elektrovibromassaj engil vibratsiyalar bilan qilinadi.
  • Natijada muskullar faolligi oshadi.
  • Darsonval atrofiyalar kuzatilayotgan barcha sohalarga qilinadi. Bu usul muskullarda mikrotsirkulyatsiyani yaxshilaydi va ularning faolligini oshiradi.
  • Oltingugurt, natriy xlorid va radonli vannalar buyuriladi. Ular butun organizmga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, immunitetni oshiradi, periferik mikrotsirkulyatsiyani yaxshilaydi.
  • Balchiq bilan davolash (asosan, bo‘yin va bel sohalariga qo‘yiladi).
  • Umurtqa pog‘onasi bo‘ylab suvosti uqalashlari, Sharko dushi.

Umumiy uqalash va jismoniy mashqlar – umurtqa pog‘onasi deformatsiyasi va muskul-bo‘g‘im kontrakturalarining oldini oladi yoki rivojlanishini to‘xtatadi. Bu muolajalar muskullar atrofiyasi va kontrakturalar bilan kechadigan kasalliklarda uqalash va jismoniy mashqlar o‘tkazish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassis tomonidan amalga oshirilishi kerak. Kuchli uqalash va bemorni charchatuvchi faol mashqlar mumkin emas.

Ortopedik moslamalar va xirurgik operatsiyalar

  • Oyoq panjasi deformatsiyasini bartaraf etish va bemorning yurishini engillashtirish uchun maxsus ortopedik poyafzallar tayyorlab kiydiriladi.
  • Umurtqa pog‘onasi deformatsiyasini korrektsiya qilish uchun max­sus shina va korsetlar tayyorlanadi. Bemor har doim tekis joyda yotishi kerak.
  • Xirurgik muolajalardan axillotomiya va miotomiyalar qilinadi.

Ushbu davolash muolajalari bemorning umumiy ahvoli va atrofiya darajasiga qarab o‘zgartirib boriladi. Atrofiyalar zo‘rayib bemor harakatsiz bo‘lib qolganda aktiv fizioterapevtik, ortopedik va xirurgik davolash muolajalarini o‘tkazish mumkin emas. Bunday paytda, asosan, umumiy parvarish, parhez va quvvatlantiruvchi dorilardan foydalanish davom ettiriladi.

Miopatiyalar profilaktikasi. Miopatiyalar nasliy kasallik bo‘lganligi uchun qarindosh-urug‘lar o‘zaro oila qurishi aslo mumkin emas. Bu borada aholi orasida tushuntirish ishlarini olib borish UASh ning asosiy vazifasidir. Yaqin qarindoshlar orasida ham, uzoq qarindoshlar orasida ham oila qurish taqiqlanadi. Agar shu holatlar mavjud bo‘lib, ularning farzandida miopatiya rivojlansa, bu oilani vrach-genetik nazoratga olishi kerak. Ona homilador paytida bolaning jinsini aniqlash va DNK testi o‘tkazish genetik prognoz tuzish uchun o‘ta muhim.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив