Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi MIYaDAN KETMAYDIGAN FIKRLAR

MIYaDAN KETMAYDIGAN FIKRLAR


Nevrozning bu turi qadimdan ma’lum bo‘lib, uning ikkinchi nomi – psixasteniyadir. Psixasteniya atamasini frantsuz olimi P’er Jane taklif qilgan va miyadan ketmaydigan fikrlar bu kasallikning asosiy belgisi ekanligini ta’kidlagan.

Agar tarixga bir nazar tashlaydigan bo‘lsak, nev­rasteniya, isteriya va psixasteniyaning klinik belgilari to‘g‘risida Sharq olimlari (ayniqsa, Ibn Sino) risolalarida ko‘p bor eslatib o‘tilgan. Bir ne­cha asrlardan so‘ng deyarli barcha kasalliklar singari nevroz va psixasteniyalar ham Evropa olimlari tomonidan sistemalashtirildi, ularga nom berildi va tasniflari yaratildi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, biz Evropa olim­lari tomonidan yaratilgan darsliklarda Sharq (Markaziy Osiyo, Xitoy, Eron, Iroq va h.k.) olimlarining nomlarini juda kam uchratamiz.

Miyadan ketmaydigan fikrlar nevrozning bir turi bo‘lib, uning uchun psixastenik belgilar ju­da xos, ya’ni doimiy shubhalar, qo‘rquv, miyaga azob beruvchi g‘oyalar, turli harakatlar va intilishlar. Bemor bu fikrlarning barchasidan qutulishga harakat qiladi, intiladi, davo choralarini izlaydi, lekin bu urinishlar ko‘pincha zoe ketadi, uni miyaga o‘rnashib qolgan fikrlar qiynayveradi. Miyadan ketmaydigan fikrlarning doimiyligi, takrorlanuvchanligi va ulardan qutulishning o‘ta qiyinligi bemorni qiyin ahvolga solib qo‘yadi. Bu holatlarga bemor tanqidiy nuqtai nazar bilan qaraydi, ularning asosli emasligini, g‘alati ekanligini tushunadi, ularga bardosh berishga intiladi, lekin azob beruvchi fikrlar uning irodasi va xohishiga bog‘liq bo‘lmagan holda paydo bo‘laveradi. Bemor ularni mustaqil ravishda enga olmaydi.

  

Miyadan ketmaydigan fikrlarning yaqqol klinik ko‘rinishlari – bular qo‘rquv (fobiyalar) va miyaga o‘rnashgan turli g‘oyalar (obsessiyalar). Fobiya – bu xayoldan ketmaydigan qo‘rquv. Uning quyidagi turlari farq qilinadi: kantserofobiya – rakka chalinib qolishdan qo‘rqish, kardiofobiya   tuzatib bo‘lmaydigan yurak kasalligiga chalinishdan qo‘rqish, lisofobiya ruhiy xastalikka chalinishdan qo‘rqish, klaustrofobiya – yopiq joydan qo‘rqish (masalan, lift kabinasi, kichik xona), agarofobiya – aksincha, ochiq joylardan qo‘rqish va hokazo. Balandlik, metroda yurish, biror kasallik yuqib qolishi, iflos bo‘lish va odamlar oldida so‘zga chiqishdan qo‘rqish ka-bi simptomlar ham fobiyalar uchun xos.

Dastlabki qo‘rquv muayyan vaziyatlarda paydo bo‘ladi va u miyaga o‘rnashib qoladi. Masalan, bemor hamma yoqni ko‘rish uchun tomga chiqadi va pastga qaragan zahoti qo‘rqib ketadi, boshi aylanadi, go‘yo pastga qarab, qulab tushayotgandek xavfsiraydi. Buning oqibatida balandlikdan qo‘rqish miyasiga o‘rnashib qoladi va keyinchalik u boshqa vaziyatlarda ham paydo bo‘laveradi. Dastlab qo‘rquv balandlikka ko‘tarilish ehtimoli paydo bo‘lganda, so‘ngra ana shu balandlikka ko‘tarilayotganda paydo bo‘ladi. Bemorda balandlikdan qo‘rqadigan vaziyatlar borgan sari ko‘payadi. Endilikda u liftda yurish va derazadan qarashdan qo‘rqadi, hatto balandlik uncha katta bo‘lmaganda ham cho‘chib tushadi.

Fobiyalar paydo bo‘lganda vegetativ simptomlar ham vujudga keladi, ya’ni bemorning yuzi qizaradi yoki rangi o‘chadi, og‘zi quriydi, yuragi tez-tez uradi, arterial bosim o‘ynayveradi, ter bosadi, ko‘z qorachiqlari kengayadi va hokazo.

Ichki a’zolarning og‘ir kasalligi paydo bo‘lishidan qo‘rqish, odatda, psixosomatik simptomlar bilan birga kechadi, ya’ni bemor o‘z salomatligiga haddan ziyod e’tibor qaratadi. Masalan, bemor kardiofobiyada yurak urishini eshitib turadi, tomir urishini sanaydi yoki qon bosimini o‘lchayveradi, har safar yuragi noto‘g‘ri ishlayotganidan gumonsirab, terapevtdan EKG qilish va puxta tekshiruv o‘tkazishini iltimos qiladi.

Kasallik xuruji qo‘zg‘ab qolishidan qo‘rqib bemor yo‘lda odamlar bor joydan yuradi, tibbiyot muassasalariga yaqin bo‘lgan yo‘lni tanlaydi, yo‘l-yo‘lakay dorixonaga kirib turadi, u erda yurak dorilari va tibbiy xodimlar borligini ko‘rib tinchlanadi.

Obsessiyalar – miyaga ketma-ket yog‘ilib kelaveradigan xayollar. Ular bemorning irodasi va xohishiga bog‘liq bo‘lmagan holda quyilib keladi, miyaga o‘rnashib qoladi. Bu xayollar bemorga og‘ir botadi, aslida yoqmaydi va ulardan vrach yordamisiz qutula olmaydi. Masalan, bemor uyidan tashqariga chiqqandan so‘ng, uning miyasiga eshikni qulfladimmi, olovni o‘chirdim­mi, suvni berkitdimmi kabi xayollar yog‘ilib kelaveradi. U uyiga qaytib kiradi, hammayoqni qayta tekshiradi, hammasi joyidaligiga ishonch hosil qilgach, tinchgina ko‘chaga chiqib ketadi. Uydan biroz uzoqlashgan haligi fikrlar yana paydo bo‘ladi va u yana uyiga qaytadi. Bemor siqilib ketganidan yig‘lab yuboradi, hech qayoqqa chiqmay qo‘yadi. O‘zida kechayotgan bu alomatlarga, albatta, bemor tanqidiy ko‘z bilan qaraydi va ulardan qutulishni xohlaydi, lekin buning ilojini topa olmaydi.

Ba’zan bemorda mantiq jihatdan bir-biriga zid bo‘lgan xayollar paydo bo‘ladi. Masalan, yaqinlashib kelayotgan mashina tagiga o‘zini tashlash istagi paydo bo‘ladi-yu, mashina yaqinlashganda birdan qo‘rqib ketib, orqaga tisariladi. Gohida bemorning miyasiga o‘ziga yoki boshqa birovga pichoq sanchishdek fikrlar keladi va shu ishni qilib qo‘ymay deb, pichoqqa yaqin bormaydi yoki uni berkitib qo‘yadi.

Nevroz bilan o‘z vaqtida davolangan bemor samarali natija bilan tuzalib ketadi. Davolashda psixoterapiya, fizioterapiya, refleksoterapiya, tinchlantiruvchi dori vositalari va giyohlardan keng foydalaniladi. Ba’­zi hollarda yaxshi natijaga erishish bir necha oy va hatto bir qancha yillargacha cho‘zilib ketadi. Ayniqsa, ipoxondriya bilan namoyon bo‘luvchi nevroz va psixasteniyani bartaraf etish ancha mushkul. Remissiya bilan kuzatiladigan holatlar ham bo‘ladi, ya’ni bemor bir necha oy yaxshi bo‘lib yuradi va so‘ng miyadan ketmaydigan fikrlar yana paydo bo‘ladi.

Nevrasteniya va isterik nevrozdan farqli o‘laroq, miyadan ketmaydigan fikrlar surunkali kechishga moyil. Aksariyat bemorlar tuzalib ketganidan so‘ng ham xursand bo‘lish o‘rniga, yana o‘sha kasallik belgilari qachon paydo bo‘lishini kutib yashashadi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив