Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Miyacha qanday vazifani bajaradi?

Miyacha qanday vazifani bajaradi?


Miyacha kalla suyagining orqa ensa chuqurchasida joylashgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi tana muvozanatini boshqarishdir. Miyacha ham xuddi bosh miya yarim sharlari kabi ikkita yarim shardan iborat. Uni katta miyaning kichik ukasi ham deyishadi. Miyachaning ikkala yarim shari bir-biri bilan birlashgan. Ularning birlashgan bu qismi chuvalchang deb ataladi. Chunki u chuvalchang shakliga ega. Miyacha ham xuddi bosh miya katta yarim sharlari kabi tashqi tomondan po‘stloq bilan qoplangan va kulrang tusga ega. Miyachaning po‘stloq neyronlaridan chiquvchi nerv tolalari uning oq moddasini hosil qilishda ishtirok etadi. Miyachaning oq moddasi ichida joylashgan kulrang tusdagi tuzilmalar miyacha yadrolari deb aytiladi. Ular 4 juft bo‘lib, tana muvozanati va harakatlar koordinatsiyasini boshqarishda bevosita ishtirok etishadi.

Tana muvozanati deganda, miyacha faqat to‘g‘ri yurish uchun javob berarkan deb o‘ylamang. Miyacha zararlanganda oyoq-qo‘llarda falajliklar bo‘lmasa-da, odamning bir maromdagi harakat faoliyati izdan chiqadi. Chunki qog‘ozga oddiy nuqtani qo‘yishdan tortib, to inson bajaradigan eng murakkab yirik ishlar ham (masalan, samolyotni boshqarish) miyacha ishtirokisiz amalga oshmaydi. Bizning husnixatimiz chiroyliligi, ravon gapirishimiz, ovqatlanayotganda qoshiqni bemalol og‘zimizga olib kelishimiz, qulfga kalitni tiqib bemalol ochishimiz, choynak-piyolalarni chiroyli qilib taxlab qo‘yishimiz, geometrik figuralar chizishimiz, boringki, mushaklar ishtirokida bajariladigan har bir harakat miyacha ishtirokida bajariladi.

Miyacha zararlansa nima bo‘ladi? Mast odamning gandiraklab yurishini albatta ko‘rgansiz. Miyacha zararlansa, odam xuddi mast odamdek gandiraklab yuradi, g‘o‘ldirab gapiradi va hatto ismini ham yoza olmaydi. Uning qo‘lidan narsalar tushib ketaveradi, eshik qulfiga kalitni to‘g‘ri tiqa olmaydi, piyoladagi choyni og‘ziga olib kela olmay to‘kib yuboradi, tugmasini taqa olmaydi va h.k. Shuning uchun ham miyacha harakat faoliyatini koordinatsiya qiladi deb aytamiz. Biroq miyacha zararlansa, odam mast kishiga o‘xshab aqlini yo‘qotmaydi. Chunki miyachada aql markazlari joylashmagan.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив