Tekshirish usullari
Tekshirish usullari
- Shikoyatlari. Suhbat chog‘ida ovoz jarangdorligi va tembriga e’tibor qaratiladi. Manqalanib gapirish, ovqat yutishda qalqib ketish, ovqatning burunga o‘tib ketishi, hiqichoq kabi holatlar bor-yo‘qligi o‘rganiladi.
- Yumshoq tanglay va tilcha holati. Bemordan og‘zini katta ochib baland ovozda «a-a-a» deyish so‘raladi. Normada yumshoq tanglay simmetrik qisqarib, tepaga ko‘tariladi va tilcha o‘rta chiziqda turadi (6-33a-rasm). Harakat yadrosining bir tomonlama zararlanishida yumshoq tanglay o‘sha tomonda osilib qoladi, tilcha esa sog‘lom tomonga og‘adi (6-33b-rasm).
- Yumshoq tanglay va yutqin reflekslari. Bemordan og‘zini katta ochib turish so‘raladi. So‘ngra shpatel bilan galma-gal yumshoq tanglayning chap va o‘ng tomonlariga ohista tegiziladi. Normada yumshoq tanglay qisqarib tepaga ko‘tariladi. So‘ngra yutqin refleksi tekshiriladi. Buning uchun tomoq orqa devorining chap va o‘ng tomonlariga shpatel bilan galma-gal tegiziladi. Bunda yutish, qusish yoki yo‘talish harakatlari paydo bo‘ladi. Bu reflekslar sog‘lom odamda juda yaxshi chaqiriladi. Biroq qariyalarda ushbu reflekslar birmuncha sust chaqirilishini esda tuting. Bu reflekslarning bir tomonda chaqirilmasligi o‘sha tomonda IX va X nervlarning periferik tipda zararlanganligidan dalolat beradi.
- Ta’m bilish. Tilning orqa 1/3 qismiga engil ta’mli moddalar tomizib tekshiriladi (tekshirish qoidasi V nerv yozilgan joyda keltirilgan).
Zararlanish simptomlari va topik diagnostikasi
Disfagiya – yutishning buzilishi kuzatiladi, ovqatlanish paytida suyuq ovqat burun-halqum bo‘shlig‘iga o‘tib, uning bir qismi burundan oqib tushadi, bemor manqalanib gapiradi, ya’ni rinolaliya kuzatiladi. Ovoz pardalari falajlanishi sababli disfoniya rivojlanadi. Yumshoq tanglay zararlangan tomonda osilib qoladi, fonatsiya paytida faqat sog‘lom tomon qisqaradi, buning natijasida tilcha (uvula) sog‘lom tomonga og‘adi. Zararlangan tomonda halqum va yumshoq tanglay reflekslari so‘nadi.
Tilning orqa 1/3 qismi va halqum devorida sezgi va ta’m bilish buziladi, ya’ni anesteziya va agevziya kuzatiladi. Shuningdek, yumshoq tanglay va halqum reflekslari pasayadi yoki so‘nadi. Ta’m bilish analizatorining kortikal markazi ta’sirlansa, ta’m bilish gallyutsinatsiyasi paydo bo‘ladi. Quloq oldi so‘lak bezi faoliyati so‘nishi oqibatida og‘iz qurishi ro‘y beradi.