Nerv sistemasi haqida umumiy ma’lumot
Nerv sistemasi murakkab tuzilishga ega bo‘lib, organizmning har bir faoliyatini boshqaradi, nazoratda ushlaydi va tashqi dunyo bilan bog‘laydi. Umumlashtirib oladigan bo‘lsak, nerv sistemasi quyidagi 2 vazifani bajaradi: 1) organizmni tashqi muhit bilan bog‘laydi; 2) ichki a’zolar faoliyatini boshqarib turadi, ya’ni gomeostazni ta’minlaydi.
Nerv sistemasi organizmni sezgi a’zolari orqali tashqi muhit bilan bog‘laydi. Organizmning 5 ta sezgi a’zosi farq qilinadi: 1) Umumiy sezgi, ya’ni og‘riq, harorat va silash orqali tashqi dunyodan ma’lumot olib turadi; 2) ko‘ruv sezgisi orqali atrof-muhitni ko‘radi; 3) eshituv a’zolari orqali turli xil tovushlar va insonlar nutqini eshitadi; 4) hid bilish orqali hidlarni sezadi; 5) ta’m bilish orqali ta’mlarni sezadi.
Nerv sistemasi (shu erda alohida ta’kidlab o‘tish joiz: nerv sistemasini «nerv tizimi» deb tarjima qilish mumkin emas, chunki «tizim» va «sistema» boshqa-boshqa ma’noni anglatadi) sezgi a’zolari orqali tashqi signallarni qabul qilmay qo‘ysa, organizm faoliyati izdan chiqadi yohud butkul to‘xtab qoladi. Komadan keyin rivojlangan detserebratsion va dekortikatsion rigidlik yoki apallik sindrom bunga misol bo‘la oladi. Demak, sezgi a’zolari – nerv sistemasi darvozasi demakdir.
Mutlaq eshitmaydigan yoki ko‘rmaydigan bo‘lib tug‘ilganlarda nerv sistemasi faoliyat ko‘rsatadiku, degan savol tug‘iladi. Agar bola ba’zi sezgi a’zolari nuqsoni bilan tug‘ilsa, ontogenetik rivojlanish davrida nerv sistemasi boshqa sezgi a’zolarini faollashtirib yuboradi. Masalan, ko‘zi ko‘rmaydiganlarda eshitish va taktil sezgilar faollashadi, eshitmaydiganlarda esa ko‘rish ziyraklashadi. Bunday bolalar maxsus maktablarda o‘qitiladi va ko‘p yutuqlarga erishadi ham.
Mashxur neyrofiziolog I.P. Pavlov (1849-1936) 5 ta sezgi a’zosini birlamchi signal sistemasi deb atagan. Birlamchi signal sistemasi hayvonlarda ham mavjud. Ular ham ko‘radi, eshitadi, og‘riq sezadi, ta’m biladi va hid sezadi. Yashash tarzidan kelib chiqib, turli hayvonlarda sezgi a’zolari turlicha rivojlangan. Masalan, qushlarda ko‘rish, baliqlarda eshitish, tipratikanda hid bilish va h.k
Hayvonda hissiyot bo‘ladimi? Albatta. Masalan, kuchukni erkalatsa, u hursand bo‘lib dumini likillatadi, jahlini chiqarsa tishini g‘ijirlatadi. Biroq hayvonda ong bo‘lmaydi. Hayvon – ongiz jonzot. Chunki ularda ikkilamchi signal sistemasi yo‘q. I.P. Pavlov nutq va u bilan bog‘liq oliy ruhiy funktsiyalarni ikkilamchi signal sistemasiga kiritgan. Ikkilamchi signal sistemasi faqat insonlar uchun xos.
Ong – bu ob’ektiv borliqning inson miyasida sub’ektiv aks etishi. Inson miyasi atrofdagi barcha ob’ekt va hodisalarni idrok qilish xususiyatiga ega. Masalan, osmondagi oy – ob’ekt, uning nomi esa sub’ekt. Oldimizda turgan noutbuk – ob’ekt, uning nomi esa sub’ekt va h.k.
Nerv sistemasi markaziy nerv sistemasi (MNS) va periferik nerv sistemasiga (PNS) ajratiladi. MNS ga bosh miya va orqa miya kiradi, PNS ga esa kranial va spinal nervlar hamda ularning tarmoqlari kiradi. Shuningdek, vegetativ nerv sistemasi (VNS) ham farqlanadi. VNS avtonom tarzda faoliyat ko‘rsatgani uchun, uning ikkinchi nomi – avtonom nerv sistemasi. Vegetativ nerv sistemasi o‘z navbatida simpatik va parasimpatik nerv sistemalariga ajratiladi.
VNS ning vazifasi ichki a’zolar faoliyatini boshqarib turish, ya’ni gomeostazni ta’minlashdir. Nima uchun VNS MNS dan alohida ajratib o‘rganiladi va unga «avtonom» deb nom berilgan? Chunki, VNS MNS tomondan boshqarilmaydi va o‘zi holis tarzda ishlaydi. Obrazli qilib aytganda, bosh miya tungi uyquga ketib orqa miya ham orom olayotganda, yurak urishdan, tomirlarda esa qon aylanishdan to‘xtamaydi, nafas olaveramiz va to‘qimalar kislorod bilan ta’minlanaveradi, endokrin bezlar gormonlarni ishlab chiqarib ichki a’zolarga yuboraveradi, to‘qimalarda moddalar almashinuvi to‘xtamaydi va h.k. Demak, MNS dan farqli o‘laroq, VNS tunu-kun ishlaydi va uning uyquga ketishi – o‘lim demakdir. Nerv sistemasi haqida umumlashtirilgan qisqacha ma’lumot shulardan iborat. Boshqa tafsilotlar keyingi mavzularda ketma-ket bayon etiladi.