Yangiliklar Yangiliklar Brom davoladimi yoki obro‘

Brom davoladimi yoki obro‘


 

Bu voqea XIX asr o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan. Bu paytlarda tinchlantiruvchi dori sifatida brom keng qo‘llanilar edi. Mashhur professor Sharko talabalarni yig‘ib «Brom va uning tinchlantiruvchi xususiyatlari» haqida ma’ruza o‘qiyapti. So‘nggi qatorga joylashib olgan bebosh talaba hech tinch o‘tirmas, yonidagilarga ham xalaqit berar, ko‘p so‘zlab professorning diqqatini tortardi. Professor bir amallab ma’ruzani tugatdi va haligi bebosh talabani yoniga chaqirib, «Qani aytchi, bugungi ma’ruza nima haqida bo‘ldi», deb so‘radi. Tabiiyki, talaba bu savolga javob bera olmadi. Shunda professor: «Bugungi ma’ruza eng zo‘r tinchlantiruvchi dori brom haqida bo‘ldi, u haqda o‘qib kel», deb keyingi ma’ruzada tinch o‘tirishini tayinladi. Talaba «tinchlantiruvchi» degan so‘zga qiziqib, «U hammani ham tinchlantiradimi? Bizning yon qo‘shnimiz Inessa xola bor. Hovlisi biz yashaydigan hovliga yonma-yon. U juda jahldor va yomon, javragani javragan, uyining oldidan o‘tgani, kechasi tinch uxlagani qo‘ymaydi, yomon iti ham bor. U meni bolaligimdan yomon ko‘radi. Unga brom bersa tinchlanib qolarmikan», debdi. Professor: «Albatta, unga brom bersang bo‘ladi. Sen huv anavu dorixonaga bor. U erdan brom sotib ol va uni Inessa xolaga ber. Kechasi yotishdan oldin bir osh qoshiq ichib yotsin. Bu dorini ichgan qo‘shning tinch uxlab qoladi», debdi.

Professor Sharkoning bu so‘zlaridan xursand bo‘lgan talaba brom sotib olib, qo‘shnisi yoniga chopibdi. «Inessa xola! Qaerdasiz? Men Sizga asablarni tinchlantiruvchi zo‘r dori olib keldim. Uni ichsangiz asabingiz tinchlanib qoladi, mazza qilib uxlaysiz! Men uni dorixonadan sotib oldim, juda zo‘r dori, debdi. Shunda Inessa xola: «Buni sen qaerdan bilasan, yomon dori bo‘lsa-chi», deb so‘rabdi. Haligi talaba: «Inessa xola! Siz ichavering. Men bu dorini yaxshi bilaman. U sizni tinchlantiradi», debdi. Inessa xola: «Xo‘p men bu dorini yotishdan oldin ichaman, biroq sen aytgandek bo‘lmasa, o‘zingdan ko‘r», debdi. Inessa xola kechasi yotishdan oldin ishonib-ishonmay nordon bromdan bir qoshiq ichibdi va shu zahoti miyasiga yomon xayollar yog‘ilib kela boshlabdi. «Men bu dorini nima uchun ichdim, axir bu bezori zumrashani bolaligidan bilamanku, nega uning aytganini qildim, u biror marta qo‘liga kitob olib o‘qimagan bo‘lsa». Shu kabi turli xayollar bilan Inessa xola tuni bilan mijja qoqmay boshi og‘rib chiqibdi. Erta saharda qotib uxlab yotgan qo‘shnisi, ya’ni haligi talabaning ustiga brom solingan idishni otib yuboribdi va javray boshlabdi. «Sen zumrasha qachon odam bo‘luvding o‘zi, nega men o‘ylamay-netmay bergan doringni ichdim. Bu doring ham o‘zingga o‘xshagan zaharku», deb talabani urishib tashlabdi.

Talaba dorining ta’sir qilmaganidan hayron qolib, yoqar-yoqmas yana darsga otlanibdi. Professor ma’ruzani boshlabdi. «Yozinglar, bugun bromning boshqa xususiyatlarini o‘rganamiz», debdi. Talaba indamay o‘tirib ma’ruzani eshitibdi. Uning kayfiyati yo‘qligini ko‘rgan professor ma’ruzadan so‘ng qolishini tayinlabdi. Hamma ketgach bebosh talabadan: «Nimaga kayfiyating yo‘q», deb so‘rabdi. Talaba bo‘lgan voqeani aytib beribdi. Professor talabani qunt bilan tinglab miyig‘ida kulib qo‘yibdi va kechagi brom qani, deb so‘rabdi. Talaba: «Mana», deb brom solingan idishni stol ustiga qo‘yibdi. «Sen bu bromni uyinga olib ket. Men senga boshqa brom beraman. Uni Inessa xolanga berasan», debdi. Talaba: «Hech qachon, – deb javob qaytaribdi. Agar shunaqa qilsam, u meni yana urishib, sharmanda qiladi. U o‘ta yomon xotin. Axir, brom unga ta’sir qilmadi-ku, nima qilaman yana boshimni baloga qoldirib. To‘g‘risini aytganda, brom siz maqtagandek yaxshi dori emas ekan», debdi. Professor kulib: «Sen buni ol! Inessa xolaga ber. Buni sizga professor Sharko berib yubordi, degin. Unga mendan salom ham aytib qo‘y», debdi.

Talaba yoqar-yoqmas professor bergan bromni olibdi. Kechasi qo‘rqa-pisa devordan mo‘ralab Inessa xolani chaqiribdi. Inessa xola unga qarab: «Ha, nima deysan, zumrasha. Yana nima gaping bor», debdi zaharxandalik bilan. Talaba: «Sizga professor Sharko mana bu dorini berib yubordi», debdi. Mashhur Sharko nomini eshitgan qo‘shnisi hovridan tushib, hayron qolib, so‘rabdi: «Ie sen professor Sharkoni qaerdan taniysan, uni qaerda ko‘rding», debdi. Inessa xolaning yuzidagi iliqlikni ko‘rgan talaba faxr bilan «Professor Sharko bizlarga ma’ruza o‘qiydi. Men uning talabasiman! Men siz haqingizda gapiruvdim, unga manavi dorini berib qo‘y va salom ham ayt», dedi. Bu so‘zlarni eshitgan Inessa xola «Qiziq, Sharko menga salom aytib yuboribdi, o‘z qo‘llari bilan dori ham beribdi, qanday yaxshi», deb xursand bo‘libdi va dorini olibdi.

Sharko nomini eshitib bir daqiqada o‘zgarib qolgan qo‘shnisiga qarab talaba hayron qolibdi. Talaba qo‘rqqanidan: «Inessa xola, bir qoshiq emas, yarim qoshiq icharkansiz», debdi har ehtimolga qarshi. Inessa xola talaba aytganidek qilibdi va qotib uxlab qolibdi. Ko‘zlariga ishonmagan talaba, baribir hozir turib javray boshlaydi, shishani boshimga qarab otadi, deb tuni bilan mijja qoqmay chiqibdi. Erta saharda turadigan qo‘shnisi haliyam qotib uxlab yotardi. Uning yonida professor bergan brom turardi. Talaba qo‘lida turgan kechagi brom idishi bilan uxlab yotgan Inessa xola yonida turgan brom idishi bir xilligiga e’tibor qaratibdi. «Qiziq, kecha e’tibor qilmagan ekanman. Axir bu ikkala idish bir xil-ku, shakli ham bir xil, yozuvlari ham bir xil. Kechagi brom nega ta’sir qilmay, bugungisi ta’sir qildi. Buning ustiga kecha bir qoshiq ichuvdi, bugun esa yarim qoshiq ichdi. Shundayam qotib uxlab qoldi».

Shu xayollar bilan talaba darsga otlanibdi, professorning navbatdagi ma’ruzasi boshlanibdi. Professor Sharko: «Hurmatli talabalar, brom haqidagi ma’ruzalarimiz tugadi. Endi boshqa mavzuga o‘tamiz», debdi. Shunda haligi talaba: «Ustoz, brom haqida savolim bor edi. Kecha men dorixonadan sotib olgan brom bilan siz bergan brom bir xil idishda, yozuvlari ham bir xil. Biroq nega birinchi brom ta’sir qilmadi-yu, ikkinchisi yaxshi ta’sir qildi», deb so‘rabdi. Shunda professor qo‘liga bor olib doskaga ushbu formulani yozibdi:

Kechagi brom – bebosh talaba = yomon natija.

Bugungi brom+professor Sharko = yuqori natija!

Tibbiyot institutlarida ta’lim olayotgan bo‘lajak shifokorlar! Bu ikkala formulani doimo esda tuting. Shifokorning obro‘si har qanday doridan ustun!

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив