Yangiliklar Yangiliklar BUYuK FREYD VA UNING PSIXOANALIZ TA’LIMOTI

BUYuK FREYD VA UNING PSIXOANALIZ TA’LIMOTI


 

BUYuK FREYD VA UNING PSIXOANALIZ TA’LIMOTI

 Freydni o‘qitish g‘oyasi qachon paydo bo‘ldi?

 Men “Asab va ruhiyat” nomli kitobimda shu davrgacha (o‘ylaymanki, bundan keyin ham) o‘zining psixoanaliz ta’limoti bilan bilan butun dunyo ilm ahlini hayratga solib kelayotgan buyuk mutafakkir olim Zigmund Freyd haqida qisqacha ma’lumot berayotganimdan hursandman. Mening maqsadim bu olim haqida kitob yozish edi. Bu fikr 1997 yili qo‘limga “Psixologiya bessoznatelnogo” kitobi tushib qolgandan so‘ng paydo bo‘lgandi. Zigmund Freydning psixoanaliz ta’limotini o‘qidimu, u meni o‘ziga rom etdi. Uning ishlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib kichikroq bir kitob yozmoqchi bo‘ldim. Biroq bu ishlarim qolib ketdi.

Menda Z. Freydning psixoanaliz ta’limotini  “Tibbiyot psixologiyasi” darsligiga kiritish va uni talabalarga o‘qitib boshlash fikri paydo bo‘ldi. Balkim uning ta’limoti Respublikamizning psixologiya kafedralari bor boshqa institutlarda o‘qitilar deb qiziqib ko‘rdim. Biroq psixoanaliz ta’limoti hech joyda o‘qitilmas edi. Men Z. Freydning psixoanaliz ta’limotini institumizning (u paytda 2-chi ToshMI) o‘quv dasturiga kiritshga muvaffaq bo‘ldim. Z. Freyd ta’limoti bo‘yicha alohida ma’ruza tayyorladim va uni barcha fakultetlarda o‘qitib boshladim. Amaliy mashg‘ulotlarda bu ta’limotni talabalarga o‘rgatib boshladik. Ayniqsa psixoanalitik davolash usullari talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. O‘sha paytlari gipnoz bilan ham shug‘ullanib talabalar va bemorlarga gipnoterapiya ham o‘tkazar edim. Biroq psixoanalitik terapiya meni shu qadar o‘ziga rom etdiki, men gipnoz bilan shug‘ullanishni to‘xtatib qo‘ydim. Qiziqqan talabalarga ham psixoanalitik davolash usullarini darsdan keyin o‘rgatib boshladim.  Bu talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi va juda ko‘p talabalar “Freyd hayoti va ijodi”, “Psixoanaliz ta’limoti”, “Psixonalitik terapiya” mavzularida ilmiy to‘garaklarida dokladlar qilib boshlashdi.

Men mamnuniyat bilan aytamanki, Z.Freydning psixoanaliz ta’limoti haqidagi ma’ruzamizni eshitishga boshqa institutlar, xususan 1-ToshDavTI talabalari ham kelishardi. Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika universiteti amaliy psixologlar tayyorlash kafedrasi tinglovchilari va pedagoglari ham ushbu ma’ruzani tinglashga kelib turishgan.

Vaqtlar o‘tib ba’zi ta’limotlar inqirozga uchraydi va unut bo‘ladi. Ch. Darvinning “Turlarning kelib chiqishi” haqidagi ta’limotini bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin. Z. Freydning psixoanaliz ta’limoti ham o‘z vaqtida juda ko‘p tandiqlarga uchragan. Biroq bu tanqidlar ostida uning nazariyasi o‘zgarib, yangi tusga kirib va insonlarga yanada yaqinroq bo‘lib boraverdi, uning mohiyati yanada yuksalaverdi. Z.Freyd ta’limoti nafaqat tibbiy fanlar va psixologiyada, balki falsafa, etika, estetika, deontologiya, etnologiya, yuridik fanlar, jamiyatshunoslik kabi o‘ndan ortiq yirik fanlar ichiga kirib bordi. Fikrimizcha, nafaqat jamiyatda bo‘layotgan voqealarni, balki ikkala inson orasida  ro‘y beradigan har qanday munosabatlarni Freyd ta’limotiga asoslanib tushuntirib berish mumkin. 

Men Zigmund Freydning “Psixonaliz ta’limoti” ni insoniyat oldidagi mohiyati bo‘yicha buyuk Eynshteynning “Nisbiylik nazariyasi” bilan bemalol taqqoslagan bo‘lur edim. Agar Nobel mukofoti oluvchilar ro‘yxatida psixologlar ham bo‘lganiida edi, bu mukofotni hech ikkilanmay Freydga taqdim qilishgan bo‘lur edi. Xuddi buyuk fiziolog I.P. Pavlovga: “Sizning analizatorlar haqidagi ta’limotiningiz Nobel mukofotiga arzigulik. Biz Sizga ushbu mukofotni bermoqchimiz” deganlaridek, Freydga ham  xuddi shu so‘zlar bilan murojat qilishgan bo‘lur edi. Umuman olganda o‘sha paytlari Nobel mukofoti bugungidek mashxur emas edi. Shuning uchun ham ba’zi buyuk olimlar bu mukofotdan voz kechishgan yoki beriladigan pulga qiziqib mukofotni olishga rozi bo‘lishgan. Shular ichida Pavlov ham bor edi. Nobel mukofoti obro‘sini oshirish maqsadida uni butun dunyoga mashxur shaxslarga  berishadi. Natijada Nobel mukofoti juda mashxur bo‘lib ketadi.

Bu erda keltirilgan ma’lumotlar har bir o‘quvchida “Men Z. Freydni o‘rganishim kerak!”  degan fikrni uyg‘ota oladi, degan fikrdaman. Chunki Freyd ta’limotidan zavqlanib ketgan bir olim: “Agar Freyd bo‘lmaganda edi, uni o‘ylab topish kerak bo‘lardi” deb xitob qilgan. To‘g‘ri! Freydni jamiyatning o‘zi yaratdi. Freyd va uning ta’limotisiz psixologiyani tasavvur qilish qiyin! 

        Freydning bolalik davri?

 Zigmund Freyd 1856 yili 6 mayda Avstriya imperiyasiga qarashli Frayburg dunyoga kelgan. 1960 yili Freydlar oilasi Vena shahriga ko‘chib o‘tishgan. Demak, kichkina Zigmund bu shaharda bor-yo‘g‘i 4 yoshga kirgunga qadar yashagan. Shunday bo‘lsada, chexlar bu buyuk olim sharafiga Praga shaxrida “U bizning yurtda dunyoga kelgan” deb yodgorlik haykalini o‘rnatishgan.

Z. Freyd xuddi o‘zbeklarga o‘xshab ko‘p bolalik oilada tug‘ilgan. Ularning oilasida 8 ta farzand bo‘lgan. Zigmund esa oilada uchinchi farzand bo‘lgan. Zigmund o‘ta nimjon bola edi va tez-tez kasal bo‘lardi. Shuning uchun ham oiladagi katta e’tibor unga qaratilardi. Otasi o‘g‘lining kasal bo‘lib o‘lib qolishidan juda qo‘rqardi. Freydlar oilasi kambag‘al yashashgan. Uning otasi jun (sherst) sotib farzandlarini boqqan.

Freyd jismonan nimjon bo‘lishiga qaramasdan (o‘zi buyuk odamlar jismonan nimjon bo‘ladi shekilli) ilm olishga juda chanqoq edi. U bolalik davridanoq o‘tkir aqli, ziyrakligi va shu bilan birga o‘ta injiqligi bilan ajralib turardi. Yosh Zigmundni deyarli barcha ma’lumotlar qiziqtirardi. U chet tillarni ham tez o‘zlashtirib olgan.

Hayolparast va shuxratparast Zigmund

 Freyd o‘smirlik davridanoq hayolparast va shuxratparast bo‘lgan. Uning ilmga, ayniqsa tabiiy fanlarga chanqoqligi avj olib borardi. Zigmund barcha ilmlarni egallab mashxur kishi bo‘lishni orzu qilardi.  U maktabda o‘qib yurgan paytidayoq Ch. Darvinning ta’limoti bilan qiziqib qoladi va uni boshdan-oyoq o‘qib chiqadi. Yosh Freyd o‘z tengdoshlariga “Men Ch. Darvinga o‘xshagan tabiatshunos olim bo‘laman” deb xitob qilgan edi. Menimcha buning ajablanarli joyi yo‘q. Chunki o‘smirlar hayolparast va orzumand bo‘lishadi.

Ota-onasi og‘ir xarakterli Zigmunddan aziyat chekishsa-da, uning ta’lim olishi uchun hamma sharoitni yaratishga harakat qilishgan. Z.Freyd bolalik davridayoq tabiiy fanlarga juda qiziqqan.

Freydning nega do‘sti bo‘lmagan?

Zigmundning xarakteri o‘ta og‘ir bo‘lganligi uchun ham uning do‘stlari deyarli bo‘lmagan. Freyd keyinchalik Eynshteynga yozgan xatida buni o‘zi ham tan olgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u yolg‘izlikka intilgan. U xatto mashhur bo‘lib ketganida ham yolg‘iz qolgan.  “Nevroz – bu kasallik emas, balki fe’l-atvorning yomon bir ko‘rinishidr, deb yozgan edi Freyd. Bunda u o‘zini ko‘zda tutgan bo‘lsa ajab emas. U xatto o‘zining dastlabki shogirdlari – Alfred Adler va Karl Gustav Yung bilan ham kelishmagan. Ular Freydni tark etishgan. Balkim Freydning o‘zi ularni haydab yuborgandir. Agar Gyote “Oddiylik – bu buyuklikdir” degan bo‘lsa, Freyd “Yolg‘izlik – bu buyuklikdir” degan tamoyilga asoslanib yashagan va ijod qilgan.

Ilm pillapoyalari

Freyd 17 yoshida, ya’ni 1873 yili gimnaziyani muvaffaqiyatli tugatib mashhur Vena universitetining meditsina fakultetiga o‘qishga kiradi. Vena universiteti Evropada eng mashhur ilm maskanlaridan biri edi va unda dunyoga mashhur olimlar dars bergan. Freyd falsafiy yo‘nalishdagi fanlar bo‘yicha ilmiy to‘garaklarga qatnashadi.

U 1876-1882 yillari Freyd Ernst Bryukkning fiziologiya laboratoriyasida ilmiy izlanishlar olib boradi. Freyd orqa miyaning fiziologiyasi bilan shug‘ullangan. Fiziologik jarayonlarni o‘rganishga sho‘ng‘ib ketgan Freyd ruhiyatning biologik asoslari va fiziologik parametrlariga e’tibor qaratdi. U tug‘ma instinktlar bilan ruhiyat orasida bog‘liqlik izladi. O‘sha davrlarda psixologiyada falsafiy qonunlar ustunlik qilgan. Psixologlar voqea va hodisalarning tafsilotlarini o‘rganish bilan chegaralanib qolishgan. Buni tushunish mumkin albatta. Chunki fiziologiya hali yaxshi rivojlanmagan va tabiiyki fiziologik qonunlarga asoslangan eksperimental psixologiya ham tug‘ilmagan edi. Umuman olganda tibbiyot va psixologiya fiziologlar va biologlarga doimo ta’zim bajo aylashi kerak. Chunki tibbiyotning gurkirab rivojlanishida ham, psixologiyaning gurkirab rivojlanishida ham fiziologiya va biologiyaning o‘rni hech qaysi fan bilan taqqoslab bo‘lmas darajada beqiyosdir.

Menimcha Freydning boshqa psixologlardan keskin ilgarilab ketganligining asosiy sababi – uning fiziologiya va biologiya qonunlariga qatiyan amal qilganligida. U endi rivojlanib kelayotgan fiziologiyaning har bir yutug‘idan psixologik qonuniyatlarni o‘rganishda o‘rinli foydalandi. Freyd voqea va hodisalar tafsiloti bilan chegaralanib qolmasdan, ularning kelib chiqish sabablari va asl mohiyatini izlab topishga intildi. Uning bu xarakteri umrining oxirigacha unga hamroh bo‘ldi. Freydning ustozi Ernst Bryukk o‘z davrining  buyuk fiziologi bo‘lgan. Bir necha yillardan so‘ng butun dunyoga mashxur bo‘lishga intilgan Z. Freyd E. Bryukk bilan o‘tkazgan onlarini eslab: “Men ustozim Bryukk bilan laboratoriyada soatlab qolib ketardim. Hayvonlarning orqa miyasi fiziologiyasini o‘rganish men uchun eng baxtli onlar edi”. E’tibor beringa Freyd uni mashxur qilgan psixoanaliz ta’limoti haqida emas, balki fiziologiya haqida zavqlanib gapirgan. U E. Bryukk qo‘li ostida umrbod ilmiy ish bilan shug‘ullanishga ahd qildi. Biroq…

Ilm qilish qiyinmi yoki oila boqish?

1882 yili Freyd 21 yashar Marta Verneyga uylanadi. U ham kambag‘al oiladan edi. Ilmiy ish esa insonga zavq bag‘ishlaydi, biroq har doim ham qorinni to‘yg‘izavermaydi! Endi oilali bo‘lgan Freydda iqtisodiy qiyinchiliklar yana davom etadi. Iqtisodiy qiyinchiliklardan kelib chiqayotgan er-xotin orasidagi janjallar Freydni ilmiy ishni tashlashga majbur etadi. Freyd oila boqish uchun oddiy nevropatolog bo‘lib ishlab boshlaydi.

Shu erda bir narsani aytib o‘tmoqchi edim. Ajab emas Freydning psixoanaliz haqidagi ta’limotining yaratilishiga uning xotini sababchi bo‘lgan bo‘lsa. Yurish-janjallardan bezib ketgan Freyd xotiniga: “Marta kasal ko‘rish va davolashni oson deb o‘ylaysanmi?! Nevrotiklar jonga tegdi! Ularga salomatlik haqida soatlab gapirasanu, biroq hech qanday nafini sezmaysan. Ayniqsa senga o‘xshash xotinlarga gap uqtirish juda qiyin”. Shunda xotini Freydga beparvo ohangda: “Sen gapirma! Ularning o‘zlarini gapirtir! Xotin kishi o‘zi gapirib o‘zi tuzalaveradi, deydi”. Ajab emas psixonalitik terapiya uslublarini ishlab chiqayotgan Freyd Martaning tavsiyalarini ham e’tiborga olgan bo‘lsa. Chunki psixoanalitik terapiyaning asosiy uslubi bemorni gapirtirishdan iborat.

Bu nevropatolog jonimga tegdi!

Freyd oilani boqish uchun ilmiy ishni tashlab nevropatolog bo‘lib ishlab boshlaydi. U mahalliy gazetalarga shunday e’lon beradi: “Asab buzilishlarini davolayman!” Freyd nevrologiyaga juda qiziqib ketdi. U asab buzilishlarini endi kitobdan o‘qib emas, balki bemorlarning ko‘zidan o‘qib o‘rganib boshladi. U endi turli-tuman bemorlar bilan muloqotda bo‘lar va ular bilan soatlab suhbatlashishni xush ko‘rar edi. Biroq o‘sha paytlari hali yaxshi rivojlanmagan nevrologiyadan uning ko‘ngli to‘lmagandi.

1896 yili  “Psixogen bosh og‘riq”  bilan Freydda davolanib yurgan Emma fon N. ismli bemor uning davolash usullaridan qattiq shikoyat qiladi: “Bu nevropatolog jonimga tegdi! U mening ahvolimni faqat og‘irlashtirayapdi!” Bu Freydga qattiq ta’sir qiladi. Freydni o‘sha paytlarda asab kasalliklari, xususan nevrozni davolashga oid qo‘llanmalar qoniqtirmayotgan ham edi. Nima qilish kerak?

Nega bu usullar kitobda yozilganidek yordam bermayapdi?

Sharkoga murojat qilish kerak!

Asab kasalliklarini davolashga oid kitoblarda keltirilgan tavsiyalar bemorlarda Freyd kutgan natijani beravermasdi. Nevrologiyani chuqurroq o‘rganish uchun Freyd Evropada juda katta nom qozongan frantsuz nevrologi Jan Marten Sharko (1824-1893) yoniga boradi. Freyd Sharkoning ishlari bilan faxrlanib u bilan uchrashishni azaldan orzu qilardi. J.M. Sharko Frantsiyada  shu qadar mashxur ediki, xatto unga “Nevrologiya Napoleoni” deb nom berishgan edi. U nevroz va isteriya belgilarini mukammal bilgan va bemorlarni davolashda gipnoz usulidan keng foydalangan. Sharko deyarli barcha aristokratlarning shaxsiy vrachi ham edi.

Aslida nevropatolog bo‘lganligim uchun ham shu erda Sharko haqida batafsilroq ma’lumot bermoqchiman. Dunyoda birinchi marta nevrologiya kafedrasi Frantsiyada 36 yoshli J.M. Sharko tomonidan ochilgan. Bu kafedra 1960 yili Parij universitetining tibbiyot fakulteti qoshida tashkil etiladi va uning rahbari Sharko bo‘lgan. Sharko juda ko‘p nevrologik kasalliklarning simptom va sindromlarini yozib qoldirgan. Nevrologiyaga oid dastlabki yirik darsliklar ham aynan Sharko qalamiga mansub. Sharko nevrologiya sohasida olimlar yo‘l qo‘ygan har qanday xatoni ayovsiz tanqid qilgan. Sharkoning tanqidiga uchragan ilmiy maqolalar qaytib hech qaysi jurnalning yuzini ko‘rmas edi. 1879 yili Sharko o‘zining “Miya kasalliklari lokalizatsiyasi” nomli mashhur asarini yaratadi. Bu asar bir necha yillar tibbiyot universitetlarida nevrologiyani o‘rgatishda asosiy darslik bo‘lib xizmat qilgan. Nevrologiyaga oid qolgan darsliklar ham uning asosida tayyorlangan.

Freyd va Breyer

  Z.Freyd Parijdan Venaga qaytgach o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan psixiatri Iosif Breyer bilan isteriya va nevrozlarni chuqur o‘rganib boshlaydi. Ular Sharko asarlarida ko‘rsatilgan usullarni nevroz va isteriyani davolashda qo‘llab ham boshlashadi. O‘sha paytlari endi amaliyotga kirib kelgan fizioterapiya usullari va keng qo‘llanib kelayotgan gipnoz Freyd kutgan darajada yordam bermayotgan edi.

Freyd nevroz va isteriya bilan murojat qilayotgan bemorlarning aksariyati ayollar ekanligiga e’tibor qaratadi. 1896 yili Z. Freyd Breyerga: “Ustoz! Ayollardagi nevroz va isteriyaning asl sababi seksual qoniqmaslik emasmikan?” deydi. I. Breyer uning bu fikriga qo‘shilmaydi va avvalgi davolash usullarini davom ettiraverish kerakligini aytadi. Freyd asta-sekin o‘z ustozidan uzoqlashib boshlaydi va uni tark etadi. Shu erda I. Breyer haqida ikki og‘iz so‘z aytmoqchi edim. Agar Freyd haqidagi o‘nlagan materiallarni o‘qib chiqsangiz qiziq faktlarga duch kelasiz. Aynan I. Breyerning ishlari Freydda psixoanaliz ta’limotining ilk kurtaklarini paydo qilgan. Chunki I. Breyer nevrotik va isterik bemorlar bilan ishlaganda kasallikning har bir alomatlarining qanday paydo bo‘lganini bemorlarga uzoq so‘zlatgan. Bemor o‘zini bezovta qilayotgan simptomlar haqida qancha ko‘p so‘zlasa, uning ahvoli shuncha yaxshilanavergan. Bunga dastlab Breyer e’tibor qaratgan va bu holatni katarsis deb atagan. “Katarsis” grekchadan ruhiy poklanish degani. Demak, Freyd asarlarida eng ko‘p qo‘llaniladigan katarsis atamasi uning ustozi I. Breyer tomonidan taklif etilgan. Biroq Breyer o‘zining davolash usullarini yanada takomillashtirmadi va eski uslublar bilan chegaralanib qoldi. Freyd esa nevrotik simptomlar bilan seksual qoniqmaslik orasida bog‘liqlikni tinmay izlayverdi.

Nevroz  seksual qoniqmaslik alomatimi?

Z.Freyd 1897 yildan boshlab nevroz va seksual qoniqmaslik orasida bog‘liqliklarni sistematik tarzda o‘rganib boshlaydi. Freyd seksual qoniqmaslik g‘oyasiga shu qadar berilib ketadi-ki, u nafaqat nevrotik buzilishlar va hulq-atvordagi o‘zgarishlar, balki psixosomatik simptomlarni (oyoq og‘riq, bel og‘riq, qorin og‘riq, yurak og‘rig‘i va h.k.) ham seksual qoniqmaslik bilan bog‘lab boshlaydi. Buning natijasida Freyd “panseksualist” degan laqabni oladi. Undan ko‘p olimlar va xatto o‘zining ustozlari ham yuz o‘giradi. Uning maqolalarini chop qilmay qo‘yishadi. Chunki o‘sha paytlari ijtimoiy omillarga burkangan psixologik nazariyalar yaxshi rivojlanib kelayotgan edi. Freyd esa aslida hayvonlar hulq-atvorini belgilab beruvchi biologik instinktlar insonlar hulq-atvorini ham belgilab beradi degan edi-da. Freyd bunday bemorlarga gipnozning yordam bermasligiga ishonch hosil qiladi va bu usuldan voz kechadi. U Sharkoning davolash usullarini deyarli qo‘llamay qo‘yadi. “Gipnoz – bemorning ahvolini vaqtincha yaxshilovchi vosita xolos” degan edi Freyd. U gipnoz usulini ham tark etdi va ruhiyatning yangi  modelini yaratishga kirishdi.

Psixoanaliz ta’limoti qanday yaratildi?

Z.Freyd inson ruhiyatini muz tog‘iga qiyoslab tushuntirib berdi: “muz tog‘ining ustki, ya’ni oltidan bir qismi ong bo‘lsa, suv ostida ko‘rinmay yotgan oltidan besh qismi ong ostidagi jarayonlardir, ya’ni ongsizlikdir”.

“Janob Freyd! Sening inson psixologiyasi haqidagi dunyoqarashlaring va ilmiy farazlaring psixologiya qonunlariga juda zid va haqoratomuzdir” degan dashnomlarni ko‘p eshitgan olim psixologiyani ham tark etdi. Menimcha Freyd psixologiyani emas, balki psixologlarni tark etdi. Boz ustiga uning maqolalarini psixologiya jurnallarida chop etmay qo‘yishdi va ilmiy kengashlarga ham chaqirmay qo‘yishdi.  Unda fanda yangi bir yo‘nalish ochishdan boshqa iloj qolmadi va u psixologiyaga yaqinroq bo‘lishi kerak edi. Axir inson ruhiyatini psixologiyasiz o‘rganib bo‘larmidi? Ongli jarayonlarni ongsiz jarayonlar orqali o‘rganish uning fikru-xayolini qamrab olgandi. Inson ruhiyati haqidagi demagogiya ham uning joniga tekkan edi. U fanda yangi bir yo‘nalish ochadi va uni “Psixoanaliz” deb ataydi. To‘g‘ri “psixoanaliz” atamasi fanga yaqin bo‘lsa-da, uning shakllanishida fiziologiya, nevrologiya va psixologiya yotardi. Bu uchchala fanning ishtirokisiz psixoanalizni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Obrazli qilib aytganda psixoanalizni osmonga bo‘y cho‘zib turgan Toshkent teleminorasiga o‘xshatish mumkin. Ushbu minoraning bir oyog‘i fiziologiya, ikkinchi oyog‘i nevrologiya, uchinchi oyog‘i esa psixologiyadir. E’tibor qilinga, ularning hammasi bir xil va teng. Minoraning osmonga bo‘y cho‘zib qo‘yoshga intilib turgan qismi esa – bu psixoanaliz. Minoraning ushbu qismidan atrofga qarasangiz go‘zal Toshkent kaftingizda turgandek ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Demak, boshqa fanlardan farqli o‘laroq, psixoanaliz inson qalbi va uning eng tubida yashirinib yotgan jarayonlarni bemalol ko‘ra oladigan fan. Psixoanaliz fani o‘z oldiga ong tubida yashirinib yotgan chuqur psixologik jarayonlarning sir-asrorini ochishni maqsad qilib qo‘yadi va shu yo‘l bilan nevrozni keltirib chiqaruvchi omillarni o‘rganadi.

Ongsizlik nima?

Z.Freyd bizda «yashirinib» yotgan psixologik jarayonlarni ongsiz jarayonlar deb atadi. Rus psixologlari bu holatni turli atamalar bilan ta’riflashadi: «bessoznatelnoe» (ongsizlik), «podsoznatelnoe» (ongostlilik), «podsoznanie» (ongosti). O‘zbek olimlari ichida ongsizlikni botiniy ong deb atash taklifi ham kiritilgan (A. Usmonxo‘jaev).  Shunday qilib, hanuzgacha fanda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lib kelayotgan va mohiyati to‘laligacha o‘rganilmagan ushbu noaniq psixologik jarayonlarning atamasi ham noaniq bo‘lib qolmoqda. Ularning ma’nosini o‘zgartirmagan holda biz «ongsizlik» atamasini ma’qul topdik va ushbu atamadan foydalanamiz.

Ongsizlik bu shunday holatki, bunda odam ixtiyorsiz tarzda, o‘zi bilmasdan yoki anglamasdan turli xatti-harakatlarni amalga oshiradi. Bu xatti-harakatlar o‘z-o‘zidan kundalik hayotda, uyquda, ya’ni tush ko‘rayotganda yoki gipnotik holatlarda kuzatilib turadi. Ongsizlik, tabiiyki, ongga bog‘liq bo‘lmagan holat.

Z. Freydning ta’biri bilan aytganda, ongdan siqib chiqarilgan odamning tabiiy instinktlari ong ostida qo‘nim topadi. Ongsizlik tug‘ma xususiyat bo‘lib, insonning barcha xatti-harakatlarini ifodalab  beradi.

Freyd bo‘yicha ruhiyat modeli qanday?

Z. Freyd o‘z kuzatuvlariga asoslanib, inson ruhiyatining yangi bir modelini yaratdi. Unga asosan, bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lgan 3 ta psixologik tuzilma mavjud. Bular id, ego va super-ego. «Id» — bu instinktlar. U ongdan xolis. «Ego» — bu Men. Uning ongi bor. «Super-ego», ya’ni Super-men — bu odamni o‘rab turgan muhit, jamiyat. Super-Men odamning xulq-atvorini «tepadan» nazorat qilib turadi. Bu tushunchalarning har biriga ta’rif berib chiqamiz.

Id  biologik instinktlarmi?

  Z. Freydning fikricha, evolyutsiyaning dastlabki bosqichida odamda o‘z-o‘zini saqlash, ya’ni ovqat izlash instinkti odamning xulq-atvorini belgilab bergan, shu bilan parallel holda yoki biroz so‘ng bu funktsiyani ko‘payish instinkti, ya’ni seksual instinkt bajarib boshlagan. Freyd barcha biologik instinktlarni (himoya, ovqat izlash va ko‘payish, ya’ni seksual) bitta so‘z bilan Id deb atagan.

«Id» ongda aks etmaydi, u ong ostida joylashgan, to‘g‘rirog‘i, ong ostiga tiqishtirilgan. «Id» qoniqish printsiplariga  asoslanib faoliyat ko‘rsatadi. Bu erda jinsiy qoniqish alohida o‘rin tutadi. Z. Freyd jinsiy mayl tushunchasini bag‘oyat kengaytirib yuboradi. Ya’ni Z. Freyd ta’limoti bo‘yicha jinsiy mayl odamning xatti-harakatini tug‘ilganidan buyon boshqarib keladi. Z.Freyd qondirilmagan his-tuyg‘u yoki maylning ruhiy quvvati ong ostida to‘planib boradi va o‘z ifodasini topishga urinadi, deb  fikr yurgizadi. Mayllar ichida u libidoni asosiy o‘ringa qo‘ygan.

Id tajovuzkormi?

«Id» doimo «men» va «super-men» bilan murosasiz jang olib boradi, chunki ular «id» ni doimo nazorat qilishga intiladi-da. «Id» kuchli quvvatga ega bo‘lsa-da, «men» uni ong ostidan suzib chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun ham «id» tajovuzkordir.

«Men» nazoratni to‘la qo‘lga olgunga qadar instinktlar go‘yoki odamning hayot tarzi, ya’ni xulq-atvorini belgilab bergan. «Men» rivojlanishi odamning hayot tarzini o‘zgartirib yubordi va uning xulq-atvorini nazorat ostiga oldi. Shunga qaramasdan, psixoanalitiklar «id» ga odamning hayot tarzini belgilab beruvchi asosiy manba sifatida qarashadi. «Id» o‘zgarmas, «men» esa rivojlanib va o‘zgarib boradi.

Ego  bu Men degani

Odam boshqa jonzotlardan aql-zakovatning, ya’ni ongning borligi bilan farq qiladi. Demak, ong «men» demakdir. Agar odam faqat «id» qonuniyatlariga bo‘ysunib yashaganida edi, uning hayot tarzi hayvonlarnikiga o‘xshab qolardi. Vaholanki, odam faoliyati ongli jarayon ekan, u o‘z xatti-harakatlarida ham, asosan ongga tayanadi. Biroq bu xatti-harakatlarni “id” belgilab beradi.

Psixoanalitiklar odamni, aniqrog‘i uning ruhini, tirik hujayraga o‘xshatishadi. Bunda hujayraning tashqi pardasi «men» bo‘lsa, uning ichki tarkibi «id» dir. Hujayraning ichida moddalar almashinuvi natijasida katta energiya to‘planadi va kuchli energiyaga ega bo‘lgan «id» tashqariga yorib chiqqisi keladi. Bunga esa hujayraning tashqi pardasi, ya’ni «men» yo‘l qo‘ymaydi.

Id va Men orasidagi munosabatlar yaxshimi?

 Z. Freyd «men» va «id» orasidagi munosabatlarni chavandoz bilan ot orasidagi munosabatlarga qiyoslab ham tushuntirib bergan. Chavandoz otni o‘zi boshqarsa-da, faqat uning quvvati hisobiga harakatlanadi. Kerak paytda chavandoz o‘zanni qattiq ushlab otni to‘xtatishi va o‘zi xohlagan tomonga yo‘naltira olishi zarur, aks holda u yiqilib qattiq jarohat oladi yoki halok bo‘ladi. Ba’zi vaziyatlarda qachon to‘xtash va qaysi tomonga yurish kerakligini chavandoz emas, balki otning o‘zi tanlaydi. Masalan, chavandoz uxlab qoladi, charchaydi yoki kasallanadi.

«Men» (chavandoz) ning ahvoli «id» (ot) ning ahvoliga qaraganda biroz murakkabroq. Chunki, «men» bir tomondan atrof-muhit, ya’ni tashqi olamning qonun-qoidalariga amal qilishi kerak, ikkinchi tomondan kuchli ot («id») ni boshqarishi kerak. «Men» ham tashqi olam, ya’ni «super-men» talablarini, ham «id» ehtiyojlarini qondirishi uchun doim xavotirda yashaydi. Bu talablarni bajarish uchun «men» doim sergak bo‘lib turishi kerak, bu talablar bajarilmasa, aybdorlik hissi aynan “men” bo‘yniga tushadi. Demak, «men» doimo o‘zini himoya qilish yo‘llarini izlaydi. Z. Freyd insonda nevroz rivojlanishini ushbu ziddiyatli munosabatlardan izlagan.

Keyinchalik Z. Freyd yaralangan harbiy xizmatchilarda ham nevroz va isteriya holatlarini kuzatadi. Bu kasalliklarni jinsiy mayl bilan izohlab bo‘lmasdi, albatta. Endi Z.Freyd ong ostiga qamalgan va qondirilmagan ehtiyojlarni boshqacha yo‘l bilan qondirish yo‘llarini izladi, ya’ni u seksual faoliyatni boshqa faoliyat bilan almashtirish (sublimatsiya) mumkinligini ilgari surdi. Bu faoliyat nima? Ular axloq qonunlariga zid kelmaydigan faoliyatlar (fan, madaniyat, sport, ijod va h.k). Bu nazariyani Z. Freydgacha ham o‘rganishgan. Biroq Z. Freyd insoniyat yaratgan madaniy boyliklarni ana shu xil evrilish (sublimatsiya) mahsuli deb bildi.

SuperEgo  bu SuperMen!

 Xo‘sh unda «Super-men» nima? Ma’lumki, hujayralar to‘plami to‘qimani, to‘qimalar a’zolarni, a’zolar esa organizmni tashkil qiladi. Demak, «Super-men» – barcha «men»lar yig‘indisi. Hujayra organizmda hayot kechirgani kabi, organizm ham hujayrasiz yashay olmaydi. Organizm — bu «super-men». «Super-men» — bu jamiyat qonunlari, axloq printsiplari va din talablari. “Men” “Super-Men” talablariga bo‘ysunib yashashi kerak. Aks holda u halokatga uchraydi. Demak, bu 3 ta tuzilmadan  “Men” ga og‘ir. Chunki u bir tomondan “id” ni qoniqtirishi kerak, ikkinchi tomondan “Super-Men” talablariga amal qilishi kerak. Freyd fikricha shuning uchun ham “Men” da nevroz rivojlanadi.

Psixoanalitik qanday davolaydi?

Psixoanalitiklar nevrozlarni psixoterapevtik yo‘l bilan davolashda “Id”, “Men” va “Super-Men” orasidagi ziddiyatlarni kamaytirish yoki to‘xtatishga harakat qilishadi. Oddiyroq qilib tushuntiradigan bo‘lsam, psixoanalitik va mijoz bir xonada yolg‘iz qolishi kerak. Mijoz o‘zini erkin qo‘yib ko‘zlarini yarim yumgan holda kresloga suyanib yotadi. Psixoanalitik undan xayoliga kelgan barcha fikrlarini va unga azob berayotgan voqea va hodisalarni oqizmay-tomizmay so‘zlab beradi. Bu erda birorta ham sir qolmasligi va bemor uyalmasligi kerak. Ma’noli so‘zlarmi, ma’nosizmi, bemor ularni psixoanalitikka ochib tashlashi shart. Ana  shundagina, Z. Freyd ta’biri bilan aytganda, ruhiy poklanish, ya’ni «katarsis» ro‘y beradi va tuzalish jarayoni jadal kechadi. Z. Freyd fikricha, eng muhimi mazkur assotsiatsiyalar ong tomonidan boshqarilmasligi kerak va bemor fikrini erkin ifodalashi zarur. Ana shundagina ong ostiga qamalgan xohish-istaklar va ong tomonidan taqiqlangan ziddiyatli muammolar o‘z echimini topadi. Buning natijasida mijoz yillar mobaynida uni qiynayotgan muammolardan xalos bo‘ladi yoki nevroz belgilari butunlay chekinadi.

Xotima. Freyd bo‘lmaganda edi, uni o‘ylab topish kerak bo‘lardi!

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив