Kognitiv-bexevioral psixoterapiya
Kognitiv-bixevioral psixoterapiya – inson fikri va hulq-atvori bilan bog‘liq muammolarini engib o‘tish uchun o‘ziga baho berish qobiliyati, strategiyasi va yo‘nalishlarini o‘zgartirishga qaratilgan psixoterapevtik yondoshuv. Bu yo‘nalish asoschisi amerikalik psixoterapevt A. Bek (1921 yil tug‘ilgan). Kognitiv-bixevioral psixoterapiya kognitiv psixoterapiya (angl. sognitive therapy, 1967) negizida yaratildi. KBP 2 xil maktab, ya’ni kognitiv va bixeviorial psixoterapiya negizida shakllanadi:
KBP da quyidagi triada farq qilinadi:
- Kognitsiya – ma’lumotni esga olish, fikrida qayta ishlash, argumentatsiya qilish va anglab etish kabi tushunchalardan iborat.
- Konatsiya – maqsadga yo‘naltirilgan xarakat, motivatsiya, instinkt, hohish va iroda kabi tushunchalardan iborat.
- Affekt – hissiy reaktsiyalar va kayfiyatdan iborat.
KBP quyidagi maqsad va vazifalar echimini izlaydi:
- Kognitiv xatolar va hulq-atvor buzilishlar sababini izlab topish.
- Miyaga o‘rnashib qolgan patologik fikrlar va shu sababli yuzaga kelgan hulq-atvor buzilishlarini korrektsiya qilish.
- Retsidiv holatlarining oldini olish.
- Farmakoterapiya samarasini oshirish.
- Ijtimoiy-psixologik muammolar echimini topish.
Kognitiv-bixevioral terapiya, asosan, obsessiv-kompulsiv buzilishlar, xavotirli-fobik buzilishlar, miyadan ketmaydigan fikrlar nevrozi, hulq-atvor buzilishlari, ipoxondrik nevroz, sport tibbiyotida keng qo‘llaniladi.
KBP avvalombor miyaga o‘rnashib olib bemorga azob berayotgan salbiy tusdagi fikrlar, ya’ni aybdorlik hissi, o‘zini-o‘zi kamsitish, fikrlarni bartaraf etishga qaratilgan. Bemor texnikani mustaqil bajarishni o‘rgangunga qadar psixoterapevt nazoratida bo‘ladi.
Psixoterapevtik muolaja texnikasi.Bemorning ko‘zlari yumuq holatda bo‘ladi. Undan miyasiga o‘rnashib qolgan yomon o‘y-hayollarning mayda detallarigacha diqqatini qaratish buyuriladi. O‘sha negativ tusdagi fikrlar ahamiyatlimi, ahamiyatsizmi farqi yo‘q. Shu yo‘l bilan barcha o‘y-xayollar bir joyga jamlanadi. Hamma yomon fikrlar miyada jamlangach bemor barmog‘i bilan psixologga ishora beradi (masalan, ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘taradi).
Bemor ishora bergan zaxoti psixoterapevt dadil va jarangdor ovozda, “TO‘XTANG” deb buyruq beradi. So‘ngra psixolog bemordan ushbu so‘zdan keyin xayoliga nimalar kelganini so‘raydi. Odatda bu paytda bemorning negativ fikrlari o‘chgan va yo‘qolgan bo‘ladi. Agarda ijobiy natija bo‘lmasa, ya’ni miyadan yomon fikrlar o‘chmasa, mashq bir necha bor qaytariladi. Ushbu mashq uyga vazifa qilib ham beriladi. Bemor o‘ziga-o‘zi buyruq berib shu mashqni uyda yolg‘iz takrorlashi mumkin.
Psixologik bo‘shliqni to‘ldirish texnikasi. Miyaga o‘rnashib qolgan fikrlarni o‘chirishdan keyingi vazifa – bu negativ fikrlar o‘rnini pozitiv fikrlar bilan to‘ldirish. Agar ushbu vazifa bajarilmasa, miyaga yana negativ fikrlar qaytib kelaveradi. Fanda antitsipatiya degan tushuncha bor. Antitsipatiya – vahimali fikrlarning yana qaytib kelishidan qo‘rqish. Shu holat kuzatilmasligi uchun har bir seansda psixologik bo‘shliqni pozitiv fikrlar bilan to‘ldirib borish zarur. Aks holda bemor miyadagi negativ fikrlar orqali “o‘zi bilan o‘zi gaplashib yuraveradi”. Bu holat esa obsessiyani kuchaytiradi va bemor yana azobli o‘y-hayollar iskanjasida qoladi.
Psixoterapevtik muolajadan so‘ng bemorga uy vazifasi beriladi. Bugungi kundan boshlab Siz faqat avval pozitiv fikrlar orqali o‘zingiz bilan o‘ziningiz gaplashib yurishingiz lozim. Psixoterapevtik mashqlar boshida bemor bilan “Pozitiv suxbat qurish” stsenariysini tuzadi Buni amalga oshirish uchun turli xil roliklar o‘ylab topiladi. Olingan natijalarga qarab ushbu stsenariy bora-bora takomillashtirib boriladi.
Psixologik bo‘shliqni to‘ldirish metodi Albert Ellis tomonidan ishlab chiqilgan sxema bo‘yicha amalga oshiriladi. Bu maqsadda ABC-metodi qo‘llaniladi. A– vaziyatni yuzaga keltirgan omil; V– avtomatik paydo bo‘lgan xayol; S– emotsional javob reaktsiyasi
AVS bilan ishlash algoritmi. 1. Muammo haqida so‘raladi; 2. Muammoni tarqatishga kirishiladi; 3. S va A larga baho beriladi; 4. V bilan S ning o‘zaro bog‘liqligi tushuntiriladi; 5. V ga baho beriladi; 6. V bilan S bog‘lanadi; 7. Bemorning tushunganlik darajasi o‘rganiladi; 8. Uyga vazifa beriladi.
Kognitiv psixoterapiya tarafdorlari insondagi barcha muammolar negativ fikrlash sababli kelib chiqadi, deb hisoblashadi. Muammo tashqi vaziyatlarni inson tomonidan quyidagi sxema bo‘yicha interpretatsiya qilishidan boshlanadi: tashqi vaziyat (stimullar) → kognitiv sistema → interpretatsiya (xayollar) → hissiyot yoki hulq-atvor. «Xayollarimiz hissiyotimizda aks etadi, hissiyotimiz hulq-atvorimizni o‘zgartiradi, hulq-atvorimiz bizning kimligimizni ko‘rsatib turadi va unga qarab o‘zgalar bizga baho berishadi.
Muammo bu dunyo yomonligida emas, biz uni qanchalar ko‘p yomon deb bilishimizda, degan edi A. Bek (1967). A. Bek bo‘yicha kognitiv-bixevioral terapiya – bu ma’lum bir tizimga asoslangan fikrlash va hulq-atvorni o‘zgartirishga qaratilgan metodlar majmuasi. Ushbu metod asosida bemorni to‘g‘ri fikrlash va shu asnoda hulq-atvorini o‘zgartirishga asoslangan o‘rgatish texnikasi yotadi.
Psixoterapevt oldida turgan asosiy vazifalar: 1) sotsiumda yashash uchun insonga azob beruvchi avtomatik fikrlarni aniqlash; 2) mijozga ushbu o‘y-xayollardan xalos bo‘lishi zarurligini tushuntirish; 3) bemorni pozitiv fikrlar bilan ishlashga o‘rgatib hulq-atvorini ijobiy tomonga o‘zgartirish.
Avtomatik fikrlarni aniqlash bosqichlari:
Birinchi qadam. Bemor miyasiga o‘rnashib qolgan, unga har doim azob beradigan va uning hulq-atvorini o‘zgartirib yuborgan avtomatik fikrlarni izlab topishi va bir joyga jamlay olishi kerak;
Ikkinchi qadam. Avtomatik fikrlar aniqlangandan so‘ng bemor ularni psixoterapevtga birin-ketin ovoz chiqarib aytib berishi kerak;
Uchinchi qadam. Psixoterapevt bemorni diqqat bilan tinglaydi, uning ifodalanishiga nazar soladi, bemorning hatti-harakatlarini kuzatib boradi va azobli fikrlar darajasini qog‘izga belgilab boradi.
Avtomatik fikrlar– odamni o‘zi bilan o‘zi so‘zlashib yurishiga majbur qiladigan va to‘satdan paydo bo‘ladigan o‘y-xayollar. Avtomatik fikrlar har bir odamda mavjud bo‘lib, ushbu fikrlarning azobli yoki azobsiz bo‘lishi ularning mazmun-mohiyatiga bog‘liq. Agar Sizga negativ fikrlar o‘rnashib olgan bo‘lsa, ular “miyangizni egovlayveradi, aqlingizni chaynayveradi” va og‘ir his-tuyg‘ular manbaiga aylanadi. Buning oqibatida hulq-atvoringiz o‘zgaradi va shunga munosib ravishda odamlarning Sizga nisbatan munosabati o‘zgarib zanjirli reaktsiya yuzaga keladi.