Zarifboy IBODULLAEV – 50 YoShDA
Toshkent tibbiyot akademiyasi asab kasalliklari kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori Zarifboy Ibodullaev 50 yoshni qarshiladi. Biz olimni ushbu yubiley tavalludi bilan qutlaymiz.
Z.R. Ibodullaev 1965 yili 19 yanvarda Xorazm viloyatining Xazorasp tumanida o‘qituvchi oilasida tavallud topgan. U 1982 yili Toshkent Davlat tibbiyot institutining davolash fakultetiga o‘qishga kirdi. Zarifboy Rajabovich institutda o‘qib yurgan davridayoq nevrologiya faniga mehr qo‘yadi va talabalar ilmiy jamiyatida faol ishtirok etib faxrli o‘rinlarni egallaydi. Ushbu institutni 1988 yili “Davolash ishi” yo‘nalishi bo‘yicha tugatib akademik Nabi Majidov tavsiyasiga ko‘ra ToshDavTI asab kasalliklari kafedrasida qoldiriladi. 1989 yili ushbu kafedraning o‘quv-ilmiy laboratoriyasiga mudir etib tayinlanadi. 1991 yili 2-Toshkent Davlat tibbiyot institutining asab kasalliklari kafedrasiga assistent lavozimiga ishga qabul qilinadi. Z.R. Ibodullaev 1994 yili prof. M.M. Asadullaev ilmiy rahbarligida “Kliniko-neyrofiziologicheskie osobennosti doinsultnыx form tserebrovaskulyarnыx zabolevaniy pri insulinnezavisimom saxarnom diabete” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlaydi. Yosh olim 1995 yili asab kasalliklari kafedrasining dotsenti lavozimiga ishga qabul qilinadi. 1997-2000 yillari yangi tashkil etilgan “Tibbiyot psixologiyasi” kursiga mudir etib tayinlanadi. Bu davrda u tibbiyot psixologiyasi bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, dasturlar va darslik yaratishga kirishadi. Olimning tashabbusi bilan talabalarga “Psixoanaliz ta’limoti” va “Psixosomatik sindromlar” mavzulari o‘quv dasturiga kiritiladi. U bir qancha psixologik testlarni o‘zbek tiliga o‘girib chop qildiradi. Z.R. Ibodullaev muallifligida 2008 yili tayyorlangan “Tibbiyot psixologiyasi” darsligi “Yilning eng yaxshi darsligi” sovriniga sazovor bo‘ladi va 3 marotaba nashrdan chiqadi.
Z.R. Ibodullaev 2005 yili «Mejpolusharnaya funktsionalnaya asimmetriya i neyropsixologicheskie sindromы pri tserebralnыx insultax, puti ix korrektsiy» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlaydi. Uning doktorlik dissertatsiyasida ilgari surgan 2 ta yirik kontseptsiyasi, ya’ni ambidekstlarda insult modeli va miyaning psixologik himoya kontseptsiyasi xorijlik olimlarda katta qiziqish uyg‘otadi.
2006 yili prof. Z.R. Ibodullaev Toshkent tibbiyot akdemiyasining ilmiy bo‘limi boshlig‘i etib tayinlanadi. Uning tashabbusi bilan ilmiy bo‘limda bir qator yangi loyihalar ishlab chiqiladi va tadbiq etiladi. Xususan, kafedralar ilmiy salohiyatini baholashning yangi miqdoriy shkalasi hamda iqtidorli talabalarni tanlab olishning 3 bosqichli tizimi ishlab chiqiladi. Z.Ibodullaev tomonidan taklif qilingan ushbu loyihalar 2006 yili Oliy ta’limni rivojlantirish markazida qo‘llab-quvvatlanadi va boshqa oliy ta’lim muassasalariga tadbiq etiladi.
Prof. Z.R. Ibodullaev 100 dan oshiq ilmiy asarlar muallimfi. Uning ilmiy rahbarligida nevrologiya, neyropsixologiya va tibbiy psixologiya yo‘nalishlari bo‘yicha dissertatsiya ishlari tayyorlangan va tayyorlanmoqda. Z.R. Ibodullaev muallifligida “Asab kasalliklari” darsligi va vrachlar uchun “Insult va koma” qo‘llanmasi nashrdan chiqdi. Z.R. Ibodullaev Respublikamizda “Tibbiyot psixologiyasi” ni o‘qitish bo‘yicha salmoqli ishlarni qilib kelmoqda. Uning rahbarligida ushbu fanni o‘qitish kontseptsiyasi ishlab chiqildi va Davlat ta’lim standarti tuzildi. Z.R. Ibodullaevning sog‘liqni saqlash tizimidagi mehnatlari munosib taqdirlanib 2014 yili “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi” unvoniga sazovor bo‘ldi.
Z.R. Ibodullaev mohir pedagog va amaliyotchi olim. Prof. Z.R. Ibodullaev “Nevrologiya” hamda “Psixologiya” jurnallari tahririyati a’zosi hamdir. Hozirda olim Asab kasalliklari kafedrasi professori va “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha magistratura direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda. Z.R. Ibodullaev 3 nafar farzandni tarbiyalab voyaga etkazmoqda. Biz unga sog‘liq-salomatlik va kelajakdagi ishlariga omadlar tilaymiz.
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Yangiliklar" bo‘limi bo‘yicha