Yangiliklar Yangiliklar O‘zbekistonda psixosomatik tibbiyotni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan anjuman

O‘zbekistonda psixosomatik tibbiyotni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan anjuman


 

2017 yil 11 va 12 aprel kunlari Toshkent va Samarkand shaharlarida “Psixosomatik tibbiyot: muammo va echimlar” nomli anjuman bo‘lib o‘tdi. Anjumanda Portugaliya, Polsha, Latviya va Belorussiyadan olimlar o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qilishdi. Evropaning yirik psixosomatik tibbiyot markazlaridan tashrif buyurgan ushbu mutaxassislar shifokor amaliyotida psixosomatik buzilishlarni aniqlash va psixologik usullar bilan davolash haqida o‘zlarining tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar.

Hukumatimiz tomonidan O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish borasida juda ko‘p ishlar olib borilmoqda. Sog‘liqni saqlash yo‘nalishi 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan “Harakatlar strategiyasi” da alohida o‘ringa ega. Bu borada bir qator farmonlar va qarorlar qabul qilingan va qilinmoqda. Eng ilg‘or texnologiyalar va yo‘nalishlarni O‘zbekiston tibbiyotiga tadbiq qilish, sog‘liqni saqlash tizimiga zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash asosiy maqsadlarimizdan biridir. Ana shunday yangi yo‘nalishlardan biri – bu psixosomatik tibbiyotdir. Psixosomatik tibbiyotga bag‘ishlangan ushbu anjuman O‘zbekistonda birinchi bor o‘tkazilayapti.

Anjumanni Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori L.N. Tuychiev ochib berdi. Laziz Nodirovich Tuychiev yurtimizga tashrif buyurgan olimlarni qutlab, ularni O‘zbekistonda tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi. O‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilarning rivojlangan Evropa davlatlariga borib qisqa va uzoq muddatli ta’lim olishlariga yaratilgan sharoitla haqida so‘zladi. Rektor, shuningdek, yurtimizda psixosomatik tibbiyotni rivojlantirishga qo‘yilayotgan birinchi qadam bilan ushbu anjuman tashabbuskorlarini tabrikladi va ularning ishiga omadlar tiladi.

So‘ngra Toshkent tibbiyot akademiyasi professori, “Tibbiy psixologiya” dasturi direktori Z.R. Ibodullaev so‘zga chiqdi. Olim “O‘zbekistonda psixosomatik  tibbiyotning dolzarb muammolari va echimlari” nomli ma’ruzasida majud kamchiliklar haqida so‘z yuritdi. Z.R. Ibodullaev tibbiyot institutlarida psixosomatik tibbiyotni o‘qitishi yo‘lga qo‘yilmaganligi, asosiy urg‘u zamonaviy diagnostika usullariga berilib, psixodiagnostika va psixoterapiyani o‘qitish chetda qolib ketayotganligi, shu bois vrachlar psixodiagnostika va psixoterapiya bexabar qolayotganligi haqida so‘z bordi. Nafaqat psixiatr, nevropatolog yoki psixonevrologlar, balki barcha soha vrachlari tashxis qo‘yish va davolash jarayonida psixodiagnostika va psixoterapiya usullaridan keng foydalanishlari zarurligi aytib o‘tildi. Bu metodlarni tibbiy xodimlar emas, balki psixologlar o‘qitishi zarurligi aytib o‘tildi. Tibbiyot institutlarida xanuzgacha “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” kafedralari yo‘qligi tanqid ostiga olindi.

Ma’ruza so‘nggida Z.R. Ibodullaev 2017-2021 yillarda O‘zbekistonda psixosomatik tibbiyotni rivojlantirish kontseptsiyasi loyihasini anjuman qatnashchilariga havola qildi. Ushbu kontseptsiya quyidagi punktlardan iborat:

  1. Tibbiyot institutlarida “Psixosomatik tibbiyot”ni o‘qitish metodologiyasini ishlab chiqish.
  2. Tibbiyot institutlarida psixodiagnostika va psixokorrektsiyani o‘qitishga ushbu metodikalarni biladigan professional mutaxassislarni jalb etish.
  3. Tibbiyot institutlarida “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” kafedralarini tashkil etish.
  4. Psixosomatik buzilishlarni aniqlash bo‘yicha “Klinik protokol” lar ishlab chiqish.
  5. O‘zbekistonda psixosomatik buzilishlarning tarqalish darajasini o‘rganish uchun “Maxsus registr” yaratish.
  6. «Tibbiy psixologiya» ixtisosligi bo‘yicha oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash dasturini ishlab chiqish.
  7. Klinikalarda “Psixosomatik tibbiyot” bo‘limlari, maslahat va oilaviy poliklinikalarda “Tibbiy psixolog” xonalarini tashkillashtirish.
  8. Ilmiy-tibbiy markazlarda psixosomatik buzilishlarni tadqiq qilish bo‘yicha “Psixofiziologiya va psixokorrektsiya” laboratoriyalarini yaratish.
  9. Kasalliklarni nomedikamentoz davolash usullarini (psixodinamik terapiya) tibbiyotga tadbiq etish.

Z.R. Ibodullaev ushbu takliflarni kiritar ekan, agarda O‘zbekistonda psixosomatik tibbiyotni rivojlantirish dasturi to‘liq tadbiq etilsa, tashxis qo‘yish va davolashga ketadigan sarf-harajatlar o‘rtacha 35 % ga kamayishiga alohida urg‘u berdi.

Portugaliyali professor Konstantsiya Paul “Psixosomatik tibbiyotning zamonaviy tamoyillari” mavzusida ma’ruza qildi. Olima Halqaro psixologlar assotsiatsiyasining Gerontopsixologiya bo‘limi rahbari hisoblanadi. Portugaliyada gerontopsixologiya Ilmiy-tadqiqot markazi direktori bo‘lib faoliyat ko‘rsatadi. Olima bugungi kunda psixosomatik tibbiyot Evropa davlatlarida eng rivojlanib kelayotgan yo‘nalishlardan biri ekanligi haqida so‘z yuritdi. U nafaqat psixiatrlar va nevrologlar, balki terapevtik yo‘nalishdagi boshqa soha vrachlari ham psixodiagnostika va psixoterapiya usullari bo‘yicha ko‘p soatli ta’lim olishlari haqida so‘zladi. Yirik klinikalarda neyropsixologiya, gerontopsixologiya va psixosomatik tibbiyot bo‘limlari mavjudligini aytib o‘tdi. Shuningdek, olima O‘zbekistonlik yoshlarni Portugaliyada tibbiy psixologiya bo‘yicha malaka oshirishga taklif qildi.

Polshalik professor Tomas Gabrielich “Dementsiyada psixologik buzilishlarning bixevioral terapiyasi” haqida chiqish qildi. Olim Polshada Alsxaymer kasalligini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti, Polsha psixiatrlar assotsiatsiyasining psixogeriatriya sektsiyasini boshqaradi. Olim kognitiv-bixevioral terapiyani dementsiyada qo‘llash usullari xaqida batafsil ma’lumot berdi va bu borada O‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini aytib o‘tdi.

Psixosomatik tibbiyot – turli soha vrachlari va psixologlari jamoasidan tashkil topgan yo‘nalish. Shu bois ham ushbu anjumanda gastroenterolog ham ishtirok etdi. Latviyalik professor Aldis Pukitis “Ta’sirlanlan ichak sindromining funktsional simptomlari” haqida ma’ruza qildi. Anjuman ishtirokchilarining yarmidan ko‘pi umumiy amaliyot vrachlari bo‘lganligi bois ushbu ma’ruza katta qiziqish bilan kutib olindi. Aldis Pukitis Latviya Universiteti tibbiyot fakulteti professori, Amerika gastroenterologlari va klinik farmakologlari assotsiatsiyasi a’zosi, Latviya gastroenterologlari assotsiatsiyasi prezidenti.

Toshkent tibbiyot akademiyasi asab kasalliklari kafedrasi mudiri, professor G.S. Raximbaevaning ma’ruzasi “Psixogen kardialgiya: diagnostika, davolash va psixoterapiya tamoyillari” mavzusida bo‘ldi. Ushbu ma’ruzada yurak sohasidagi og‘riqlarni davolashda qo‘llaniladigan zamonaviy psixodiagnostika va psixoterapiya usullari haqida so‘z bordi. Ma’ruzada keltirilgan ma’lumotlar tashrif buyurgan kardiologlar va terapevtlarda katta qiziqish uyg‘otdi. G.S. Raximbaeva keltirgan ma’lumotlar umumiy amaliyot vrachlari uchun ham dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Belorussiyadan tashrif buyurgan olim, t.f.n., dotsent  A.A. Aleksandrov Minsk shaxrining bosh psixiatri va psixoterapevti. Uning ma’ruzasi “Psixosomatik buzilishlarning namoyon bo‘lishi va kompleks davo usullari” ga bag‘ishlandi. Asli kasbi psixiatr bo‘lgan ushbu yosh olim umumiy amaliyot shifokori tajribasida psixoterapevtik usullarni qo‘llashga oid juda ko‘plagan ma’lumotlar berdi. A.A. Aleksandrov o‘z ma’ruzasini “Har birimiz psixoterapevt bo‘lishimiz kerak, aks holda bemorlarni davolashda ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi” deb yakunladi.

Katta mahorat darsiga aylangan ushbu anjumanda psixiatr, psixolog, nevrolog, gastroenterolog, terapevtlarning ma’ruzalar bilan chiqishi psixosomatik tibbiyotning naqadar keng qamrovli fan ekanligidan dalolat beradi.

Shuningdek, anjumanda Respublikamizning atoqli psixologlari professorlar A.S. Begmatov, G‘.B. Shoumarov, E.G‘.G‘ozievlar hamda O‘zbekiston Milliy Universiteti, Toshkent Davlat Pedagogika Universitetining psixologiya fakulteti va kafedralari psixolog-o‘qituvchilari ham ishtirok etishdi.

Ertasi kuni barcha olimlar qadimiy va navqiron shahar Samarkandda bo‘lib mahorat darslarini o‘tkazishdi.

Mahorat darsi shaklida o‘tkazilgan ushbu anjuman O‘zbekistonda psixosomatik tibbiyotni rivojlantirishga albatta katta hissa qo‘shadi. 

Zarifboy Ibodullaev
Toshkent tibbiyot akademiyasi professori,
“Tibbiy psixologiya” dasturi direktori


Actual problems and solutions of psychosomatic medicine in Uzbekistan (Z.R.Ibodullaev) >>> 


O‘zbekistonda Psixosomatik tibbiyotning dolzarb muammolari va echimlari (Z.R.Ibodullaev) >>>


Fotolavhalar:

 



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив