Yangiliklar Yangiliklar YaNGI KITOB MUBORAK!

YaNGI KITOB MUBORAK!


 

 Kuni kecha bir nechta darsliklar muallifi, professor Zarifboy Ibodullaevning umumiy amaliyot vrachlari uchun mo‘ljallangan “Nevrologiya” nomli yirik kitobi nashrdan chiqdi. Bu ustoz uchun ham, ularning asarlarini intiqlik bilan kutayotgan biz shogirdlar uchun ham juda katta quvonarli voqea.. Men ham shogird, ham yosh jurnalist sifatida Zarifboy Rajabovichdan intervyu olishga oshiqdim.


Savol: Ustoz! Ushbu kitobni yaratish g‘oyasi Sizda qachon paydo bo‘lgan. Nima uchun ushbu nevrologiya kitobingiz “Umumiy amaliyot vrachlari” uchun deb atalgan.

Javob: Bundan 10 yillar oldin “Nevrologik sindromlar” nomli kitob yozish g‘oyasi paydo bo‘luvdi. O‘sha paytlari, mana hozir ham umumiy amaliyot vrachlarini o‘z ona tilimizda zarur o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash masalasi ko‘tarilgan. Men Evropa va AQSh mamlakatlari o‘quv adabiyotlari bilan tanishib chiqdim. Ularda bu yo‘nalish juda yaxshi rivojlangan. Shu bois uzoq o‘ylab o‘tirmasdan yangi yozadigan kitobimga “Nevrologiya. Umumiy amaliyot vrachlari” uchun deb nom berdim.

Savol: Ustoz! Nevrologiya – bu o‘ta qiyin yo‘nalish. Bu kitobni umumiy amaliyot vrachlari o‘zlashtirishda qiynalishmasmikan.

Javob: Meni ham shu savol qiziqtirgan. Men kitob yozsam, o‘zimni talaba yoki oddiy vrach o‘rniga qo‘yib ko‘raman. Hali nevrologiyadan hech narsani bilmaydigan talaba Siz yozgan kitobni qo‘liga olsayu, unga tushunmay yana tokchaga qo‘yib qo‘ysa. Bu juda yomon. Masalan, “Asab kasalliklari” darsligimda bor-yo‘g‘i 7 betdan iborat “Siringomieliya” qismini bir oy yozganman. Demoqchimanki, qayta-qayta to‘g‘irlayverib, qayta yozaverib bir oy vaqtim ketgan. So‘ngra kitobga kiritganman.

Savol: Shuning uchun ham 8 yil umringizni baxshida qilgan “Asab kasalliklari” darsligingiz “Yilning eng yaxshi darsligi” sovrinini qo‘lga kiritgan.

Javob: To‘g‘risini aytsam, men uchun eng katta mukofot – bu yozgan kitoblarimning talabaga yoqishi. Dissertatsiya boshqa, darslik boshqa. Dissertatsiya murakkab ilmiy jumlalardan iborat bo‘lishi mumkin, biroq darslikda bunday jumlalar aslo bo‘lmasligi kerak. Darslikda keltirilgan murakkab ma’lumotlarning albatta izohi bo‘lishi kerak.

Savol: Rafiqangiz nevropatologlar. Ular bilan suhbatlashganimda o‘sha “Asab kasalliklari” kitobingizni yozayotganingizda tayyor boblarni ayolingizga o‘qitib ko‘rarkansiz. Agar ular “Menga tushunarli” desa, kitobga kiritarkansiz. Shu rostmi?

Javob: Rost. Bilasizmi nevrologiyadan juda mashhur kitoblar bo‘lgan. Bular X.G. Xodos va Triumfov kitoblari. Bu kitoblarni 40 yildan buyon qayta-qayta chop qilishyapti. Hatto akademiklar bu kitoblarga so‘z boshi yozishyapti. Ikkalasi ham oddiy professor bo‘lishgan. Xodos umuman Moskvada yashamagan. U har doim Irkutskda yashagan va o‘sha erdagi tibbiyot institutida ishlagan. Ko‘z oldingizga keltiring. Moskva emas, Leningrad emas, uzoq Sibirdagi kichik bir shaharlik oddiy professor yozgan kitob sobiq ittifoqda juda mashhur bo‘lib ketdi. Bo‘lmasa, o‘sha paytlari Moskvalik olimlar tomonidan juda ko‘p darsliklar yaratilgan. Biroq ularning birortasi X.G. Xodos yozgan darslikdek mashhur bo‘lmagan. Har qanday darslikning uzoq umr ko‘rishini ta’minlaydigan omil – bu talaba! Agar talabaga yoqmasa, har qanday darslik hatto ikkinchi nashrni ko‘rmay yo‘q bo‘ladi. Rafiqam oddiy doktor bo‘lganligi uchun yozganlarimni unga o‘qitardim. To‘g‘risini ayt, oddiy doktor sifatida yozganlarim senga ma’qulmi, tushunmagan joylaringni chizib tashla derdim. Haqiqatan bo‘yab tashlangan matnlarim ko‘p bo‘lgan. Demak, darslik yozayotganda har qanday taqrizchi professordan oddiy vrach yoki talabaning yordami katta bo‘lishi mumkin.

Savol: Tushunarli.Sizning farzandlaringiz ham tibbiyot akademiyasi talabasi. Demak, hozirgi kitobni tayyorlashda ulardan foydalangan bo‘lsangiz kerak…

Javob: Albatta. Ayniqsa qizim ingliz tilini yaxshi bilgani uchun xorij adabiyotlaridan foydalanishda ko‘p yordamlashdi, psixologik testlarni tartibga keltirdi, neyroanatomiya qismiga materiallarni tanlashda ko‘p yordam berdi. Yozgan mavzularimni unga o‘qitib turdim. Qizim o‘zbek tilining izohli lug‘atini ham yaxshi bilgani uchun kitobni chop qilishdan oldin unga ikki marotaba o‘qitib chiqdim.

Savol: Zarifboy Rajabovich! UASh uchun yozgan ushbu kitobingiz 3 qismdan iborat ekan..

Javob: Men bu kitobni iloji boricha soddalashtirdim. Masalan, kitobning 1-qismi “UASh faoliyatida nevrologik tekshiruvlar” deb ataladi. Unda nevrologik bemorda anamnez yig‘ish qanday bo‘ladi, agar biror-bir tushunarsiz nevrologik sindrom aniqlanib qolsa, UASh qanday yo‘l tutishi kerak, ob’ektiv tekshiruvlarda nimalarga e’tibor qaratish lozim kabi holatlarning barchasini oddiy qilib yoritishga harakat qildim. Ayniqsa, nevrologik statusni tekshirishning har bir turiga izohli rasmlar qo‘ydim. Bu rasmlarning hammasi “Hususiy klinika” da olingan. Buning uchun u erdagi shogirdlarimga ham chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Savol: Kitobning 2-qismi asosan “Nevrologik sindromlar va kasalliklar” ga bag‘ishlangan ekan.

Javob: Albatta. Bu kitobning asosiy qismi. Chunki 2-qismda UASh amaliyotida uchraydigan deyarli barcha nevrologik sindromlar va kasalliklar qisqa bayon qilingan. Bunda asosan kasallik etiologiyasi, diagnostikasi va davolash usullarini yoritganman. Patogenez haqida ma’lumot bermaganman.

Savol: Ustoz nima uchun kitobning 3-qismida “Instrumental tekshiruv usullari” yoritilgan.

Javob: Ko‘p hollarda UASh asab kasalliklari bilan og‘rigan bemorni qanday tekshiruvga yuborish zarurligida ikkilanib qoladi. Shu bois 3-qismni to‘laligicha instrumental tekshiruv usullariga bag‘ishladim. Ushbu kichkina bobda turli tekshiruvlarga ko‘rsatmalar, monelik qiluvchi holatlar va ba’zi tekshiruvlarni o‘tkazish qoidalari keltirilgan.

Savol: Ustoz, zarvaraqlarda “Tez tibbiy yordam” ga oid materiallarni rasmlarda keltirib o‘tganingiz ham kitobga husn beribdi, ham barchaga tushunarli qilib yoritibsiz…

Javob: Bu g‘oyani menga qizim berdi. Dada, tez tibbiy yordamning oddiy usullarini ham kitobingizda keltirsangiz zo‘r bo‘lardi, dedi. Ikkalamiz, internetdan va maxsus kitoblardan rosa rasmlar izlaganmiz. Bu ishimiz kitobning chop etilishini naq 2 oyga cho‘zib yubordi.


Ustoz! O‘ylaymanki, bu asaringiz ham avvalgilari kabi talaba va o‘qituvchilar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi. Sizni kirib kelayotgan yangi yil bilan chin yurakdan tabriklayman. Siz tayyorlagan ushbu kitob nafaqat UASh lar uchun, balki tibbiyot institutlarining yuqori kurs talabalari, ayniqsa bo‘lajak nevrologlar uchun yangi yil tuhfasi bo‘ldi. Sizga mustahkam sog‘liq va ijodiy zafarlar tilayman.

Polvonov Rasulbek



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив