EPILEPSIYaDA QO‘LLANILADIGAN ZAMONAVIY XIRURGIK OPERATsIYaLAR, NANOTEXNOLOGIYaLAR VA NEYROSTIMULYaTORLAR
Antikonvulsantlar to‘g‘ri tanlangan taqdirda ham deyarli 20 % bemorda epileptik xurujlarni to‘la to‘xtatish imkoni bo‘lmaydi. Bunday paytlarda xirurgik davolash usullari qo‘llaniladi. Bemorni xirurgik davolashga yuborishdan oldin, albatta malakali vrachlar bilan konsilium o‘tkaziladi. Chunki davolash uchun zarur bo‘lgan terapevtik usullar etarli darajada qo‘llanilmagan bo‘lishi mumkin. Hozirgi kunda zamonaviy tibbiy markazlarda operatsiya qilingan bemorlar 4-6 kun (operatsiya turiga qarab) statsionarda yotishadi.
Bemorni xirurgik davolashga yuborishdan oldin quyidagi tekshiruvlar takroran o‘tkaziladi:
- Operatsiyaga monelik qiluvchi holatlar, shu jumladan somatik kasalliklar o‘rganiladi.
- Antikonvulsantlar to‘g‘ri tanlanganligi, etarli dozada berilganligi, davomiyligi va politerapiya o‘tkazilganligi o‘rganiladi. Odatda, politerapiya qo‘llanilmasdan turib, bemorga xirurgik davolash usuli tavsiya etilmaydi.
- EEG videomonitoring tekshiruvi o‘tkazilib, uning natijalari neyrofiziolog, nevropatolog va neyroxirurglar bilan muhokama qilinadi. Ushbu usul yordamida epileptik xurujlar tipi va epileptogen o‘choq joylashgan soha yana bir bor aniqlanadi.
- Maxsus epirejimda MRT tekshiruvi qayta o‘tkaziladi. Zaruratga qarab, PET va BFEKT tekshiruvlari amalga oshiriladi.
- Chuqur neyropsixologik tekshiruvlar o‘tkaziladi. Chunki kallozotomiya va korteksoektomiya kabi operatsiyalaridan so‘ng neyropsixologik buzilishlar, ayniqsa xotira va nutq buzilishlari kuzatilishi mumkin.
Operatsiyaga qaror qilingach quyidagi tekshiruvlar o‘tkaziladi:
- Vad sinamasi – ichki uyqu arteriyasiga amobarbital yuborib nutq bo‘yicha dominant yarim shar aniqlanadi;
- Miyaning fiziologik va funktsional holatini monitoring qilib turish uchun kalla suyagi tagiga vaqtincha maxsus elektrodlar implantatsiya qilinadi.
- Epileptik o‘choqni yuqori darajada aniqlash maqsadida po‘stloqning o‘ziga mikrochiplar qo‘yiladi va ularning yordamida EEG yozib olinadi.
Operatsiya turlari
- Miyadagi hajmli jarayonlarni operatsiya qilish. Epileptik xurujlar manbai bo‘lgan o‘sma, gematoma, arteriovenoz malformatsiya, kavernoz angioma kabi patologik o‘choqlarda operativ muolajalar o‘tkaziladi. Shuningdek, kortikal displaziya va geterotopiyalar ham operatsiya iqlinadi. Bunday kasalliklarni bartaraf etishda gamma-nayf yoki kiber-nayf kabi o‘ta ilg‘or texnologiyalar ham qo‘llanilmoqda.
- Kallozotomiya – qadoqsimon tana tolalarini qisman kesish. Nima uchun ushbu operatsiya o‘tkaziladi? Chunki bosh miyaning bir yarim sharida paydo bo‘lgan epileptogen o‘choq corpus callosum orqali ikkinchi yarim sharga tarqaladi (tarqalgan epilepsiya mexanizmini eslang). Operatsiya paytida bir yarim shardan ikkinchi yarim sharga epileptik to‘lqinlarni uzatayotgan komissural tolalar qisman kesiladi. Buning natijasida xushning yo‘qolishi bilan namoyon bo‘luvchi tarqalgan epilepsiya barham topadi. Biroq fokal epilepsiya o‘chog‘i saqlanib qolishi mumkin. Bunday paytda fokal o‘choq ham destruktsiya qilinishi kerak.
- Korteksektomiya – po‘stloqdagi epileptogen o‘choqni rezektsiya qilish. Ushbu minioperatsiya maqsadi po‘stloqdagi epileptik to‘lqinlar tarqatayotgan manbani destruktsiya qilish yoki qisman kesishdir. Fokal va ikkilamchi-tarqalgan epilepsiyada o‘ta samarali.
- Lobektomiya – bosh miya chakka bo‘lagining oldingi qismini olib tashlash. Erta bolalik davrida o‘tkaziladigan ushbu operatsiya yuqori darajada samarali hisoblanadi va neyropsixologik asoratlar qoldirmaydi. Chunki operatsiya assotsiativ markazlar hali shakllanmasdan turib o‘tkaziladi. Ayniqsa, Lennoks-Gasto sindromida ushbu operatsiya ko‘p qo‘llaniladi.
- Gippokampektomiya – gippokampni olib tashlash. Gippokamp nafaqat mezotemporal, balki boshqa turdagi epilepsiyalar o‘chog‘i hamdir. Shu bois gippokamp – epileptogen miya nomini ham olgan. Gippokamp sklerozi MRT da yaxshi aniqlanadi.
- Gemisferektomiya – bosh miya katta yarim sharini olib tashlash. Po‘stloqda bir nechta epileptogen o‘choqlar aniqlansa ushbu operatsiya qo‘llaniladi. Ushbu operatsiya bemorning to‘satdan yiqilib qolishi bilan kechuvchi og‘ir atonik va tonik epileptik xurujlarda (ayniqsa, Lennoks-Gasto sindromi) ham o‘tkaziladi. Odatda bunday epilepsiyalar og‘ir kechadi. Gemisferektomiya bola 8-10 yoshga etmasdan o‘tkazilishi kerak.
- Subpial transsektsiyalar – epileptogen o‘choq atrofida bir nechta kichik kesishlar o‘tkazish. Ushbu operatsiyadan so‘ng epileptik faollik atrofdagi sog‘lom to‘qimalarga tarqalmaydi. Bu operatsiya qachon o‘tkaziladi? Agarda atrofga epileptik to‘lqinlar tarqatayotgan po‘stloqdagi patogen o‘choqni olib tashlash mumkin bo‘lmasa, u holda subpial transsektsiya operatsiyasi o‘tkaziladi.
- Vagus stimulyatori. Miyada epileptik o‘choqlar ikkala yarim sharda ham tarqalib joylashgan bo‘lsa, ushbu operatsiya qo‘llaniladi. Maxsus neyrostimulyator xirurgik yo‘l bilan bemorning ko‘krak sohasi terisi tagiga o‘rnatiladi. Uning ingichka simlari bo‘yinning pastki qismida n.vagus ga ulanadi. Epileptik aura paydo bo‘lgan zaxoti ushbu neyrostimulyatordan sayyor nerv orqali elektr impulslari miyaga uzatiladi va epileptik xuruj so‘ndiriladi. Bu neyrostimulyator portativ qurilma yordamida zaryadlab turiladi. Vagus stimulyatori qo‘yilgan bemor dori ichishni to‘xtatmasligi kerak. Biroq ularda epileptik xurujlar keskin kamayadi va antikonvulsantlar ham minimal dozaga tushiriladi.
Intrakranial neyrostimuyator. 2013 yili AQSh olimlari kalla suyagi ichiga qo‘yiladigan neyrostimulyator ixtiro qilishdi. RNS (Responsive NeuroStimulation) – epileptik xurujlarni bartaraf etishda qo‘llaniladigan eng so‘nggi texnologiya. NeuroPace nomli ushbu neyrostimulyatordan maxsus nanosimlar po‘stloqdagi epilepsiya o‘chog‘iga qo‘yilgan mikrochipgacha tortiladi. Ushbu mikrochiplar tutqanoq xuruji boshlanganini darrov ilg‘ab oladi va neyrostimulyatorga yuboradi. Neyrostimulyator avtomatik tarza ishga tushadi va epileptik faollikni so‘ndiruvchi signallarni epio‘choqqa yuboradi va tutqanoq huruji boshlanmasdan to‘xtaydi.
Muallif: professor Ibodullaev Z.R.