«E’zozlangan mehnat» intervyu
Toshkent tibbiyot akademiyasi tarixida yana bir quvonchli kun! Chunki professor Zarifboy Ibodullaevning “Asab kasalliklari” darsligi tibbiyot yo‘nalishida tayyorlab tanlovga berilgan barcha darsliklar ichida “Yilning eng yaxshi darsligi” deb tan olindi va muallif 1 darajali diplom bilan taqdirlandi. Shu munosabat bilan biz sovrindor bilan suhbat uyushtirdik.
Zarifboy Rajabovich 2008 yili yaratilgan “Tibbiyot psixologiyasi” darsligi ham yilning eng yaxshi darsligi sovriniga sazovor bo‘lib 1-o‘rinni egalladi. Bu darslik 3 marotaba nashrdan chiqqan bo‘lsa-da, hozirda uni topish qiyin. Bu kitob qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan. Buning siri nimada?
Javob: Kitobga bo‘lgan mehrda. Bu mehrni menga va aka-ukalarimga otam singdirganlar. Otam kitobni juda yaxshi ko‘rganlar. Bizning uyimizdagi kitoblar soni 2 ta maktab kutubxonasi kitoblari sonidan ham ko‘p bo‘lgan. Masalan, “Sharq yulduzi” va “Fan va turmush”, “Gulxan” jurnallarini butun oila bo‘lib o‘qirdik. “Kalila va Dimna” asari menga yod bo‘lib ketgan. Uni qayta-qayta o‘qirdim va hech to‘ymasdim. Ayniqsa O‘tkir Hoshimov va Odil Yoqubov romanlarini sevib mutoala qilardim. Maktabda o‘qib yurgan paytimda “Men ham shunaqa kitoblar yozsam, hamma sevib o‘qisa” deb orzu qilardim.
Nima uchun birinchi yozgan kitobingiz tibbiyot psixologiyasiga oid. Sizni ba’zilar psixolog deyishsa, boshqa birovlar nevrolog deyishadi. Qaysi fan Sizga ko‘proq yaqin psixologiyami yoki nevrologiya?
Javob. Men miya bo‘yicha mutaxassisman. O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring. Qandoq qilib asab va ruhiyatni bir-biridan ajratib o‘rganish mumkin. Axir unisigayam, bunisigayam miya javobgarku? Buyuk mutafakkir Ibn Sino ham “Barcha ruhiy kuchlarning manbai miyada” deb xitob qilgan. Yana bir haqiqatga e’tibor qiling. Buyuk frantsuz olimi Jan Marten Sharqoni jaxon nevrologiyasi otasi deyishadi. U nevrologiya bo‘yicha birinchi darslik muallifi, birinchi kafedrani ham u ochgan. Juda ko‘p og‘ir nevrologik kasalliklarni o‘zi o‘rganib belgilarini yozib qoldirgan. Men Sharkoni – nevrologiyaning Ibn Sinosi deb atagan bo‘lur edim. Bu inson barcha Evropa qirollarining shaxsiy vrachi bo‘lgan. Nevrologiya qiroli deb nom chiqargan Sharko gipnoz va psixoterapiyaga juda o‘ch bo‘lgan. O‘sha paytlari psixoterapevt va gipnozchi deb nom chiqargan. Zigmund Freydni hamma psixoanalitik deyishadi. Aslida u nevropatolog bo‘lgan. Neyroanatomiyani mukammal bilgan Benedikt nevrologik kasalliklarni gipnoz bilan davolagan. Rus nevrologiyasi asoschilaridan biri V.M. Bexterev juda kuchli psixoterapevt va gipnozchi bo‘lgan. Har bir nevrologga yod bo‘lib ketgan Oppengeym o‘zining bir kunini ham psixologiyasiz tasavvur qila olmagan. Endi davolashdan umid yo‘q degan bemorlarni psixoterapevtik yo‘l bilan oyoqqa turg‘azib yuborgan. Buyuk neyropsixolog A.R. Luriya juda kuchli nevrolog bo‘lgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Har qanday oddiy nevropatologdan so‘rang, nerv sistemasining biror-bir kasalligi ruhiyat buzilishisiz namoyon bo‘lmaydi. Agar yuqorida men tilga olgan nevrologlar psixologiyaga e’tibor qilishmaganida, bu qadar yuksak cho‘qqilarga erishmagan bo‘lur edi. Demak har bir nevrolog psixologiyani mukammal bilishi kerak. Mening nazarimda doktorlar dorilar bilan davolashga berilib ketayotgandek! Psixologiyasiz tibbiyot muvaffaqiyatsizliklarga duchor bo‘laveradi. Har qanday shifokor bemorlarni davolashda psixologik usullarni keng qo‘llashi kerak.
Mening “Asab va ruhiyat” nomli kitobimda “Matonatli Dildora” degan kichik bir voqeani eslang. O‘shanda psixologiyaning kuchiga yana bir bor iqror bo‘lasiz. Chunki dardga uchragan har qanday bemorning avvalombor ruhiyati sinadi.
Zarifboy Rajabovich! O‘tgan yili yuksak sovrinni qo‘lga kiritgan “Asab kasalliklari” darsligingiz 1000 bet ekan. Shunday xajmdagi darslikni tayyorlashga juda katta material va vaqt kerak. Bunga qanday ulgurdingiz va qanday vaqt topdingiz.
Javob: Nevrologiya bo‘yicha darslik yaratish mening orzuim edi. Chunki shu paytgacha asab kasalliklariga oid birorta darslik bo‘lmagan. Mavjud darsliklar umumiy nevrologiyaga oid edi. Bu albatta ta’lim jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatardi. O‘zim institutda 1991 yildan buyon nevrologiyadan dars beraman. O‘zbek tilida darslik yo‘qligiga talabalar ham ko‘p shikoyat qilardi. Toshkent tibbiyot akademiyasi rahbariyati darsliklar tayyorlashni professor-o‘qituvchilar oldiga ko‘ndalang qo‘ydi. Bizning akademiyada juda yaxshi darsliklar tayyorlab boshlandi. Men ushbu darslikni 8 yilda yozib tugatdim va uni har yili yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirib keldim. Buning uchun nevrologiyaga oid jahon olimlari tomonidan yaratilgan eng yaxshi kitoblarni to‘plab yurganman. Ishonavering, shu bitta kitobni yozaman deb 60 dan oshiq kitob to‘plaganman. Darslik qanday shaklda bo‘lishi, qanday boblardan iborat bo‘lishini va mundarijani oldindan tuzib qo‘yganman.
Zarifboy Rajabovich. Darslikning qaysi qismini yozish sizda qiyinchilik uyg‘otgan.
Javob. Patogenez qismini, ya’ni kasalliklarning rivojlanish mexanizmini yozish. Bilasiz buning uchun eng so‘nggi ma’lumotlardan foydalanish zarur. Har bir mavzuga oid so‘nggi paytlarda chop qilingan ilmiy maqolalardan ham ko‘p foydalandim. Bu maqsadda hatto fiziologiya, patofiziologiya, neyrofiziologiya, gistologiya va morfologiyaga oid darsliklarni ham xarid qilishga to‘g‘ri keldi.
Hozirda dalillarga asoslangan tibbiyot haqida ko‘p so‘z yuritiladi. Biroq farmakologik kompaniyalar hatto rivojlangan davlatlarda ham tibbiyotga o‘z bosimini o‘tkazishga harakat qiladi. Darslikning davolash qismini yozishda qanday yo‘l tutdingiz.
Javob: Har bir kasallik bo‘yicha jaxon ekspertlari tomonidan tavsiya etilgan tashxis qo‘yish va davolash standartlariga qat’iyan amal qildim. Dalillarga asoslangan tibbiyot tomonidan tan olinmagan birorta dori ushbu darslikka kiritilgani yo‘q.
Kitob kattaroq bo‘lib qolgan. Uni talabalar o‘zlashtirishi oson bo‘lishi uchun darslikka nima yangiliklar kiritdingiz.
Javob: To‘g‘ri kitob xajmi kattaroq bo‘lgan. Buning asosiy sabablaridan biri – har kasallik so‘ngida “Tashxis qo‘yish algoritmi” ni yozib chiqqanman. Bu esa mavzuni o‘zlashtirishni juda osonlashtiradi. Shuningdek, tashxis qo‘yish va davolash sxemalari hamda jadvallardan keng foylanganman.
Yaqinda Germaniya va Italiyada nevrologiyaga oid Halqaro anjumanlarda ishtirok etib keldingiz. Horij davlatlaridan qanday ta’sirotlar bilan qaytdingiz.
Javob. Mening maqsadim O‘zbekiston nevrologiyasini rivojlangan horij davlatlari nevrologiyasi darajasigacha ko‘tarish. Bu yo‘lda barcha nevrologlar qatori bor kuchimni sarflashga va yaxshi kadrlar tayyorlashga harakat qilaman.
Tahririyatdan: Zarifboy Rajabovich! Sizning ushbu xayrli ishlaringizga omad tilaymiz. Siz tayyorlagan darsliklar albatta O‘zbekistonda nevrolog mutaxassislarni tayyorlashda o‘zining salmoqli hissasini qo‘shadi!
Manzura Bekchanova suhbatlashdi.