Yangiliklar Yangiliklar MENING QAHRAMONIM KIM BO‘LGAN?

MENING QAHRAMONIM KIM BO‘LGAN?


 

(“Yosh kuch” jurnaliga berilgan intervyu).

Assalomu alaykum, Zarifboy Rajabovich! Yoshlarimiz shifokor, injener, olim yoki kosmonavtlarga havas qilib kasb tanlashadi. Biz turli sohada faoliyat ko‘rsatayotgan insonlar bilan suhbat qurib, ularning yoshlik davridagi hoyu-havaslari bilan qiziqayapmiz.

1-savol. Maktabda o‘qib yurgan davringizda kimlarga intilib yashagansiz, qanday orzu-umidlar qilgansiz?

Javob. Men 10-12 yoshimda, ya’ni 3-5 sinfda o‘qib yurgan paytlarimda quruvchilik kasbiga juda qiziqardim. Chiroyli imoratlar tiklagim kelardi. Chunki bizning bitta qarindoshimiz uyimizga tashrif buyurganida to‘rt qavatli yangi imoratlar tiklayotgani haqida to‘lqinlanib gapirgandi. U quruvchilik haqida so‘zlaganida har bir bolani o‘ziga rom qilib qo‘yardi. O‘sha paytlari televizorda namoyish etilayotgan “Mahallada duv-duv gap” filmidagi yangi qurilayotgan imoratlarni tomosha qilib, quruvchilik kasbiga juda qiziqqanman. Biroz ulg‘aygach, fizika fani meni o‘ziga rom qilib qo‘ygan va fizik olim bo‘laman deganman. Fizika ustozimiz juda bilimli inson edilar. Ular butun olam tortishish qonuni, atomlarning parchalanishi, magnit maydonlari haqida juda qiziqarli qilib bizga dars o‘tardilar. Ular, ayniqsa, Rezerford va Eynshteyn tajribalari haqida ko‘p gapirardilar.

2-savol. Uyingizda qanday kitoblar bo‘lgan?

Javob. Mening otam til va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lganlar. Otam juda chiroyli misralarni bir zumda to‘qib tashlardilar, bizlarga esdan chiqmaydigan hikoyalar so‘zlab berardilar. Bizning uyimizda juda katta kutubxona bo‘lgan. Uyimizga to‘plangan jurnallarning o‘zi bir xonaga sig‘masdi. Otam O‘zbekistonda chiqadigan deyarli barcha gazeta va jurnallarga obuna bo‘lganlar. Pochtachi bizning uyga kelganidan so‘ng uning xaltasi bo‘shab qolardi. Bizning uyda hatto 30-40 yillik gazetalar ham saqlanib turardi. “Gulxan”, “Fan va turmush”, “Sharq yulduzi” jurnallarini rosa mutolaa qilardik. Menga “Kalila va Dimna” asari yod bo‘lib ketgandi.

         3-savol. Nega tibbiyotni tanlagansiz?

Javob: Tibbiyotga qiziqib qolishimga onam sababchi bo‘lganlar. Ular migren kasalligidan aziyat chekkanlar va bosh og‘riq xurujlari tez-tez qiynab turgan. Esimda, 8-sinfda o‘qib yurgan kezlarim maktabdan uyga kelsam, onam bosh og‘riq xurujiga chiday olmay, buvimga suyanib o‘tiribdilar. Boshlarini ro‘mol bilan bog‘lab olganlar. Meni ko‘rib bag‘irlariga tortdilar-da: – Bolam, bu azobdan qachon qutulaman? – deb yig‘lab yubordilar. Yuragim ezilib ketdi. O‘sha ondan boshlab “Men doktor bo‘lishim kerak”, deb o‘z oldimga qat’iy maqsad qo‘yganman.

4-savol. Mening qahramonlarim kim bo‘lgan?

Javob. Mening qahramonlarim o‘zgarib turgan. Masalan, quruvchi bo‘laman degan paytlarim qahramonim o‘sha quruvchi qarindoshimiz edi. Fizikaga qiziqqan paytlarim Rezerford va Eynshteynga mahliyo bo‘lganman. Ularga o‘xshab kashfiyotlar qilishni orzu qilganman. To‘g‘risini aytsam, men juda xayolparast edim. O‘sha paytlari rasm ham chizardim, kichik she’rlar ham yozardim. Bizning uyda akam, men va ikki ukam yaxshi rasm chizardik. Men Eynshteynning rasmini chizib, xonamga osib qo‘yganman.  “Kalila va Dimna” ni o‘qib shunga o‘xshash hikoyalar to‘qib, otamga so‘zlab berardim. Otamga har tomonlama havasim kelardi. Ular fikrlash doirasi juda keng, biroq juda sodda odam bo‘lganlar. Tibbiyot institutiga kirganimda akademiklar O‘ktam Oripov, Komiljon Zufarov, Nabi Majidovlarga havas qilganman. Ular mening qahramonlarim edi.



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив