Tarqoq skleroz haqida bilasizmi?
Tarqoq sklerozda mielin parda emiriladimi?
Nerv sistemasi neyronlar, ya’ni nerv xujayralaridan tashkil topgan. Bosh miya va orqa miyani tashkil qiluvchi neyronlarga impulslarni olib keluvchi tolalarga dendritlar, impulslarni nerv xujayralaridan olib ketuvchi tolalarga aksonlar deb aytiladi. Mana shu aksonlar oppoq parda bilan qoplangan. Ushbu oppoq pardaga mielin deb nom berilgan. Nerv tolalarini zararlovchi turli murakkab viruslar (neyroviruslar) ushbu mielin pardani emiradi. Buning natijasida turli kasalliklar rivojlanadi. Shulardan biri – tarqoq skleroz. Nevrologiya qiroli deb nom chiqargan frantsuz olimi Jan Marten Sharko 1866 yili bu kasallikni alohida ajratgan.
Nima uchun “tarqoq skleroz” deyiladi? Tarqoq sklerozning aterosklerozga aloqasi bormi?
Tarqoq sklerozning aterosklerozga mutlaqo aloqasi yo‘q. J.M. Sharko bu kasallikni tarqoq skleroz deb atashiga sabab, unda ko‘plab nerv tolalari zararlanadi. Bu kasallik alomatlari bosh miya va orqa miyada tarqalib joylashgani uchun “tarqoq” iborasi kasallik nomida aks etgan. Oddiy odamlar orasida “skleroz” degan tushuncha “parishonxotir, xotirasi past” degan ma’noni anglatadi. Bu ibora halqimiz miyasiga singib ketgan. Biroq tibbiyotda “skleroz” iborasi to‘qimalarning emirilishi degan ma’noni ham anglatadi. Tarqoq skleroz kasalligining diqqat va xotira buzilishiga umuman aloqasi yo‘q. Eng qizig‘i bu jiddiy kasallikning so‘nggi bosqichlarida ham parishonxotirlik va xotira buzilishlari deyarli kuzatilmaydi.
Tarqoq skleroz qaysi mamlakatlarda ko‘p uchraydi?
Tarqoq skleroz shimoliy mamlakatlar, ya’ni namgarlik yuqori bo‘lgan sovuq o‘lkalarda ko‘p uchraydi. Evropaning shimoliy o‘lkalari, AQSh ning shimoliy shtatlari, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya hamda Rossiyaning shimoliy xududlarida bu kasallik ko‘p tarqalgan. Quruq issiq bo‘ladigan o‘lkalarda, masalan, Turkiya, Markaziy Osiyo davlatlari, Hindiston, Janubiy Afrika, Yaponiya, Koreya, Mongolida bu kasallik juda kam uchraydi. Tabiiyki, O‘zbekiston ham tarqoq skleroz juda kam uchraydigan davlatlar sirasiga kiradi.
Qaysi yoshda ko‘p uchraydi?
Tarqoq skleroz, asosan, 20–40 yoshlarda ko‘p uchraydi. Ammo, bu kasallikning 10 yoshda yoki 50 yoshdan oshganlarda ham boshlangan holatlari uchrab turadi. Erkaklarga qaraganda ayollar ko‘p kasallanishadi.
Sababi nima?
Asosiy sababi – organizmda kechadigan immunologik buzilishlar. Tez-tez kuzatiluvchi virusli infektsiyalar, genetik omillar, radiatsiya, ekologik omillar, sovuq va nam iqlim, gormonal buzilishlar, zaharli kimyoviy moddalar ta’siri, genetik yo‘llar bilan etishtirilgan oziq-ovqatlarni ko‘p iste’mol qilish tarqoq skleroz rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Tarqoq skleroz rivojlanishi uchun patogen omillar organizmning immun mexanizmini izdan chiqarishi kerak. Bu erda genetik omillar o‘rni ham isbot qilingan. Tarqoq skleroz ushbu kasallikka genetik moyilligi bor odamlarda rivojlanadi. Bu og‘ir kasallik 20 foiz qarindosh-urug‘lar orasida turmush qurganlarda uchrashi ham isbot qilingan.
Belgilari qanday?
Muvozanat buzilishi, chayqalib yurish, ko‘rishning birdan yo‘qolib, yana qayta tiklanishi, harakat buzilishlari, falajliklar, ayniqsa oyoqlarda, depressiya, apatiya va ipoxondriya, bosh aylanishi, yutish buzilishi, orqa miya bo‘ylab tok urib o‘tgandek bir zumli og‘riqlarning paydo bo‘lishi kabi belgilar. Ko‘rsatib o‘tilgan bu belgilar boshqa nevrologik kasalliklarda ham uchraydi, xatto nevroz va isteriyada ham. Shuning uchun o‘zingizga tashxis qo‘yishga shoshmang. Tarqoq skleroz tashxisini hatto yuqori malakali nevropatologlar jiddiy kuzatuvlar juda ehtiyotkorlik bilan qo‘yishadi.
Davolash qanday olib boriladi?
Tarqoq skleroz bilan kasallangan bemorni davolash o‘ta murakkab va uzoq davom etuvchi jarayondir. Davolash muolajalari ijobiy natija berishi uchun ular uzluksiz olib borilishi va dorilar etarli dozada hamda uzoq muddat tavsiya etilishi kerak. Agar davolash davrida ijobiy klinik o‘zgarishlar kuzatilsa va MRT da sklerotik o‘choqlar hajmi kichraysa yoki yo‘qolsa (odatda, 1 yil ichida) davolash samarali ketayapti, deb xulosa qilish mumkin. Biroq bu bemor to‘la tuzaldi, degani emas. Davolash to‘g‘ri olib borilsa, 75 % holatlarda uzoq remissiyaga erishish mumkin.
Dunyoda nima gap?
Jahonning yirik laboratoriyalarida mielin emirilishini to‘xtatishga oid yangi dorilar yaratish ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Yaqin yillar ichida o‘ta samarali yangi dorilar yaratilishi qilinishi ehtimoldan yiroq emas.
Professor Zarifboy Ibodullaev