Yangiliklar Yangiliklar Shifoxona sindromi degan kasallik ham bo‘ladimi?

Shifoxona sindromi degan kasallik ham bo‘ladimi?


 

Ha, bo‘ladi. Shifoxona sindromi – uzoq muddat va juda ko‘p marotaba shifoxonada davolanib yuradigan bemorlarda rivojlanadigan psixosomatik buzilishlar majmuasi. “Shifoxona sindromi” iborasi 1945 yili psixoanalitik Rene Shpits tomonidan taklif qilingan. Tez-tez kasallanadigan va ko‘p vaqtini shifoxonada o‘tkazadigan bolalardagi hulq-atvor o‘zgarishlari va psixosomatik buzilishlarni kuzatgan olim ushbu sindromni taklif qilgan. Demak, bu sindrom dastlab bolalarga nisbatan qo‘llanilgan va ularda o‘rganilgan. So‘ngra uning belgilarini katta yoshdagilarda o‘rganib boshlashgan. Melanxolik tipdagi shaxslar bu sindromga moyil bo‘lishadi.

Asosiy sabablari nima?

Surunkali kasalliklar, uzoq muddat shifoxonada qolib ketish yoki tez-tez shifoxonaga tushib turish, kasallik sababli uydan va tashqi dunyodan ajralib qolish, ruhiy kasalliklar bilan kasallanish, uydagilardan mehr ko‘rmaslik, kasallik sababli o‘lib qolishdan qo‘rqishlar va h.k.

Ushbu sindrom kattalarda turli ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Bunday bemorlar oilasidan deyarli uzilib qoladi. Shifoxonada yashash ularning hayot tarziga aylanadi. Ba’zi bemorlarni qanday ukollar olayotganligi, tashxis natijasi, davolash samarasi ham qiziqtirmay qo‘yadi. Ular shifoxona sharoitiga ko‘nikib qolishadi. Ular, odatda, shikoyatchi bo‘lishmaydi. Aksincha, ular uydagilari bilan chiqishmaydi, tibbiy xodimlar bilan esa do‘stlashib qolishadi.

         Shifoxona sindromi ruhiy kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar orasida keng tarqalgandir. Odatda, bunday bemorlar ruhiy kasalliklar statsionarida bir necha oylab yotishadi. Bunday bemorlarning yaqin qarindoshlari ham uning shifoxonada yurishini afzal ko‘rishadi. Davolash muddati tugab shifoxonadan chiqqan bemorlar bir-ikki kun o‘tgach uydagi janjalning asosiy sababchisiga aylanishadi va ular yana shifoxonaga yuboriladi. Ruhiy bemorlar uchun o‘zining uyi va yaqinlari begonadek bo‘lib qoladi. Ayniqsa, bu holatni biz bir necha yillardan buyon ruhiy kasallik bilan og‘rigan bemorlarda kuzatamiz. Shu bois ikkala tomonga ham bemorning ruhiy shifoxonada yashashi maqbul hisoblanadi. Shifoxona sindromida bemorlar shifoxonada davolanmaydi, ular u erda yashashadi, deb bejiz aytishmaydi doktorlar.

         Davosi qanday?   

Avvalombor bemorni samarali davolash va shifoxonadan so‘ng reabilitatsiya yoki sog‘lomlashtirish markazlariga yuborish zarur. Bunda psixoreabilitatsiya juda katta ahamiyatga ega va bu muolajani albatta tibbiy psixolog o‘tkazadi. Ularni oila va ijtimoi hayotdan uzib qo‘ymaslik kerak. Yaqin qarindoshlarning katta e’tibori o‘ta zarur. Sihatgohlarda musiqaterapiya, davolash gimnastikasi, fizioterapevtik muolajalar, psixoterapiya, sportning kichik turlari, ya’ni stol tennisi, shaxmat va kichik-kichik musobaqalar o‘tkazib turish o‘ta muhim. Surunkali bemorlarda shifoxona sindromi rivojlanmasligi uchun ularni faqat dori-darmonga bog‘lab qo‘ymaslik kerak. Kasallik turi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar har bir bemor psixologik suhbatdan o‘tib turishi zarur. Faqat psixoterapevt bemorning ichki dunyosini mukammal o‘rgana oladi va uning muammolariga echim topadi.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив