GIPERKINEZLAR YoHUD TITROQLAR NEGA KUZATILADI?
Inson xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holda ro‘y beradigan ixtiyorsiz harakatlarga giperkinez deb aytiladi. Giperkinezlar bosh miyaning bir qator kasalliklarida uchraydi. Bosh miyaning og‘ir jarohatlari, yallig‘lanish kasalliklari (ayniqsa, entsefalit) va markaziy nerv sistemasining nasliy kasalliklari (Turett sindromi, Xantington kasalligi, Vilson kasalligi, nasliy xoreya) giperkinezlarning asosiy sababchilaridir. Biroq giperkinezlar bilan namoyon bo‘ladigan nevrologik kasalliklar soni 100 ga yaqinligini esda tutish lozim. Giperkinezlar bolalik va o‘smirlik davrida ko‘p kuzatiladi.
Giperkinezlar ichida eng ko‘p uchraydigani – bu xoreya. Tez-tez va betartib ravishda kuzatiladigan giperkinezlarga xoreya deb aytiladi. Ular bir xil stereotipga ega emas va har doim betartib ravishda tez-tez namoyon bo‘ladi. Xoreya yuz, qo‘l va oyoqlarda ko‘p, tanada esa kam kuzatiladi. Bunday giperkinezlar tinchlanganda kamayadi, uxlaganda yo‘qoladi. Xoreik giperkinezlar, ko‘pincha ko‘zlarni yumib-ochish, burunni tortish, lab burchagini qimirlatib yuborish, yuz mushaklarining bir tomonda qisqarishi, boshning silkinib ketishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Mimik muskullarda kuzatiladigan xoreyalar nutq buzilishini ham yuzaga keltiradi. Chunki mimik muskullar, ayniqsa, og‘iz atrofidagi muskullar nutq talaffuzida katta ahamiyatga ega.
Giperkinezlarni, ya’ni xoreyani o‘z vaqtida bartaraf etmasa, keyinchalik bemor elkasini ko‘tarib tashlaydigan, boshini orqaga yoki yon tomonlarga silkitadigan bo‘lib qoladi. Ba’zida giperkinezlar yuz muskullarida emas, balki elkani ko‘tarib tashlash bilan namoyon bo‘ladi yoki birato‘la qo‘l barmoqlaridan boshlanadi. Qo‘l barmoqlaridan boshlangan xoreik giperkinezlarni darrov ilg‘ab olish qiyin. Chunki bunday holatlarda «Bola qo‘lini o‘zi qimirlatib yuribdi», deb o‘ylashadi. Yuz, tana va oyoq-qo‘llarda kuzatiladigan giperkinezlar ularning shaklini ham o‘zgartirib yuboradi. Bunday bemorlar oddiy harakatlarni ham bajarishda qiynalib qolishadi.
Tashxis qo‘yish va davolash. Tashxis qo‘yish uchun chuqur genetik va nevrologik tekshiruvlar talab etiladi. Qonda ba’zi elektrolitlar va metall birikmalarini tekshirish ham zarur. Giperkinezlarni bartaraf etish, avvalambor, uning etiologiyasini aniqlashdan boshlanadi. Og‘ir holatlarda dorilar bilan davolash talab etiladi va bu jarayon oylab, yillab davom etadi. Nasliy kasalliklar bilan bog‘liq giperkinezlarda davolash ancha mushkul. Biroq giperkinezlarning nasl bilan bog‘liqligini aniqlash uchun chuqur genetik va nevrologik tekshiruvlar o‘tkazish lozim. Bunday bemorlarni nevropatologlar davolashadi.
Prognoz. Tashxis to‘g‘ri qo‘yilsa davolash doimo samarali tugaydi.
Professor Zarifboy Ibodullaev