Yangiliklar Yangiliklar Fobiya va qo‘rquv bitta kasallikmi?

Fobiya va qo‘rquv bitta kasallikmi?


  

Miyaga o‘rnashib qolgan qo‘rquvga fobiya deb aytiladi. Oddiy qo‘rquvdan farqli o‘laroq, fobiya birmuncha uzoq davom etadi. Fobiyaning turi ko‘p: kantserofobiya – rak bo‘lib qoldim, deb qo‘rqish, kardiofobiya – yuragim kasal deb qo‘rqish, lisofobiya – ruhiy xastalikka chalindim deb qo‘rqish, klaustrofobiya – yopiq joydan qo‘rqish (masalan, lift kabinasi, kichik xona), agarofobiya – aksincha, ochiq joylardan qo‘rqish va hokazo. Balandlik, metroda yurish, biror yuqumli kasallik yuqib qolishi, iflos bo‘lish va odamlar oldida so‘zga chiqishdan qo‘rqish kabi simptomlar ham fobiya uchun xosdir.

Qo‘rquv qanday paydo bo‘ladi?

Dastlabki qo‘rquv muayyan vaziyatlarda paydo bo‘ladi va u miyaga o‘rnashib qoladi. Masalan, bemor hammayoqni ko‘rish uchun tomga chiqadi va pastga qaragan zahoti qattiq qo‘rqib ketadi, boshi aylanadi, u go‘yo pastga qarab, qulab tushayotgandek xavfsiraydi. Buning oqibatida bemorda balandlikdan qo‘rqish miyaga o‘rnashib qoladi va keyinchalik u boshqa vaziyatlarda ham paydo bo‘laveradi. Fobiya paytida bemorning yuzi qizaradi yoki rangi o‘chadi, og‘zi quriydi, yuragi tez-tez uradi, arterial bosim oshib ketadi, ter bosadi, ko‘z qorachiqlari kengayadi va hokazo.

Ichki a’zolarning birorta og‘ir kasalligi paydo bo‘lishidan qo‘rqish, odatda, psixosomatik simptomlar bilan birga kechadi, ya’ni bemor o‘z salomatligiga haddan ortiq e’tibor beradi. Masalan, kardiofobiyada yurak urishini eshitib turadi, tomir urishini sanaydi yoki qon bosimini o‘lchayveradi, har safar yuragi noto‘g‘ri ishlayotganidan gumonsirab terapevtdan EKG qilishini va puxta tekshiruv o‘tkazishini iltimos qiladi. Jigarim shishib ketgan yoki qurib borayapti, deb ultratovush tekshiruvlardan o‘tadi, rak bo‘lib qoldim, deb shifokordan shifokorga qatnab yuradi, hadeb kompyuter tomografiyaga tushaveradi. Doktorlarga ishonmay qo‘yadi. Bunday bemorlar yo professorga qatnaydi yoki undan oddiy qishloq doktorini afzal ko‘radi. Ba’zi bemorlar kuchli professorda davolana olmadim, deb uzoq viloyatdagi tabib yoki vrach muolajasidan tuzalib ketadi. Chunki ular­ga antiqa davolanish usullari yaxshi ta’sir qiladi. Kasallik xuruji qo‘zg‘alib qolishidan qo‘rqib, bemor yo‘lda odamlar bor joydan yuradi, tibbiyot muassasalariga yaqin bo‘lgan yo‘lni tanlaydi, yo‘l-yo‘lakay dorixonaga kirib turadi, u erda yurak dorilari va tibbiy xodimlar borligini ko‘rib tinchlanadi.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив