Tibbiy psixolog – U kim?
Toshkent tibbiyot akademiyasida 2013-2014 o‘quv yilidan boshlab “Tibbiyot psixologiyasi” fanidan magistratura va klinik ordinatura yo‘nalishi faoliyat ko‘rsata boshladi. Magistraturada o‘qish muddati 3 yil, klinik ordinaturada – 2 yil. Ushbu yo‘nalishga hujjat topshirganlar orasida bir qator savollar paydo bo‘ldi. “Tibbiy psixolog – o‘zi kim, u qanday mutaxassis va qaerda ishlaydi”. Bu erda shu kabi savollarga javob beriladi.
Savol: Tibbiy psixolog – u kim? Ularni qaerda tayrlashadi?
Javob: Tibbiy psixolog – psixologiya bo‘yicha maxsus tayyorgarlikka ega vrach. Tibbiy psixolog bo‘lish uchun avval tibbiyot institutlarining davolash yo‘nalishlari bo‘yicha fakultetlarni tugatish lozim. So‘ngra talaba “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha 3 yillik magistraturada taxsil olishi lozim.
Savol: Tibbiyot psixologiyasi bo‘yicha magistraturani tugatganlar qanday diplomga ega bo‘lishadi va ular kim bo‘lib qaerda ishlashadi?
Javob: Ularning magistrlik diplomiga “Tibbiy psixolog” deb yozilgan bo‘ladi. Ular “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha mutaxassis bo‘lishadi va Respublikamizning barcha shifoxonalari hamda ilmiy markazlarda “vrach-psixoterapevt”, “vrach-neyropsixolog”, “vrach-psixonevrolog” bo‘lib faoliyat ko‘rsatishadi. Magistraturani a’lo baholarga tugatganlar va xorij tillarini mukammal biladiganlar “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha ochiladigan kafedralar, ilmiy laboratoriyalar va psixosomatik bo‘limlarda faoliyat ko‘rsatishadi.
Savol: Psixosomatik bo‘limlar qaerlarda ochiladi va u erda qanday bemorlar davolanishadi?
Javob: Yaqin kelajakda Toshkent shaxridagi ilmiy-tibbiy markazlar, tibbiyot institutlari klinikalari va viloyat klinik shifoxonalarida “psixosomatik bo‘limlar” ochilishi rejalashtirilgan. Buning uchun “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha magistratura va klinik ordinaturani tugatgan mutaxassislar etarli bo‘lishi lozim. Bu bo‘limlarda psixosomatik buzilishlar bilan bemorlar davolanishadi. Turli kasalliklar bilan psixologik yordamga muhtoj bo‘lgan bemorlar ham psixosomatik bo‘limlarda davolanishadi.
Savol: Psixosomatik buzilishlarga nimalar kiradi?
Javob: Kuchli yoki doimiy ruhiy jarohatlar sababli inson organizmida turli xil kasalliklar rivojlanadi. Masalan, psixogen xususiyatga ega tsefalgiyalar, kardialgiyalar, qo‘zg‘algan ichak sindromi, psevdorevmatizm, psixogen tipdagi seksual buzilishlar, funktsional tipdagi urologik kasalliklar va h.k. Ularni tibbiy psixolog davolaydi.
Savol: Psixosomatik buzilishlar ko‘p uchraydimi?
Javob: Barcha kasalliklarning 70 % – bular psixosomatik buzilishlardir. Shuning uchun ham rivojlangan xorij davlatlarining tibbiyot markazlarida faoliyat ko‘rsatuvchi tibbiy psixologlar soni vrachlar sonidan deyarli 2 barobar ko‘p. Bu mamlakatlarda bemor nimaga shikoyat qilishidan qat’iy nazar tibbiy psixolog ko‘rigidan o‘tadi. So‘ngra uni boshqa vrachlarga yuborishadi. Tibbiy psixolog ham xuddi nevropatolog va psixiatr kabi yuqori malakali vrach hisoblanadi. Shu bois ularni magistratura va klinik ordinatura orqali tayyorlashadi.
Savol: Depressiya va psixozlarni (ruhiy qo‘zg‘alishlar) tibbiy psixolog davolashga haqlimi?
Javob: Avvallari bunday bemorlarni psixiatrlar davolashgan. Endi ularni tibbiy psixologlar ham davolashadi. Tibbiy psixolog ruhiy kasalliklar shifoxonasida va psixonevrologik dispanserlarda psixiatrlar bilan hamkorlikda ishlaydi. Tibbiy psixologlar narkologik dispanserlarda ham mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatishadi. Depressiya bilan kasallangan bemolarni davolash esa ularning bevosita burchidir.
Savol: Tibbiy psixolog bosh miyaning og‘ir yallig‘lanish kasalliklarini o‘tkazgan bemorlarni davolashga haqlimi?
Javob: Albatta haqli. Chunki meningit, meningoentsefalit va entsefalit kabi og‘ir kasalliklarda nafaqat harakat va sezgi buzilishlari, balki oliy ruhiy funktsiyalar buzilishlari ham kuzatiladi. Nutq, xotira, tafakkur, hissiyot va hulq-atvor buzilishlari ushbu kasalliklarda juda ko‘p uchraydi. Ushbu buzilishlarni rivojlangan horij davlatlarida nevropatologlar emas, balki tibbiy psixologlar (neyropsixologlar) davolashadi. Tibbiy psixolog farmakologik davolash usullari bilan bir qatorda psixoterapiya usullarini ham qo‘llaydi.
Savol: Insult kasalligichi?
Javob: Ko‘pchilik insult kasalligini faqat nevropatolog davolaydi deb o‘ylashadi. Bu fikr qisman to‘g‘ri xolos. Insult bilan kasallangan bemorni bir nechta mutaxassis ko‘rikdan o‘tkazadi va davolaydi. Insult endi rivojlangan paytda uni nevropatolog, reanimatolog, angioxirurg yoki neyroxirurg davolaydi. Agar insult xushning buzilishi bilan namoyon bo‘lsa, bemor reanimatsiya bo‘limiga yotqiziladi. Agar insult bo‘yin qon tomirlari trombozi sababli rivojlansa, bemor angioxirurgiya (angionevrologlar) bo‘limida operatsiya qilinadi. Agar miyaga qon quyilsa, bemor zudlik bilan neyroxirurgiya bo‘limiga olib boriladi va operatsiya qilinadi.
Ushbu mutaxassislar yordamidan so‘ng bemor butunlay tuzalgunga qadar, uni nevropatolog va tibbiy psixolog kuzatuvga oladi. Nevropatolog harakat va sezgi buzilishlarini tiklash bilan shug‘ullansa, tibbiy psixolog (neyropsixolog) oliy ruhiy funktsiyalar, ya’ni nutq, xotira, tafakkur va hissiyot buzilishlarini bartaraf etish bilan shug‘ullanadi. Agar miya insultida harakat va sezgi buzilishlari 30 % ga yaqin bo‘lsa, oliy ruhiy funktsiyalar buzilishi 70 % dan oshadi. Bu degani miya insultini o‘tkazgan bemor 70 % vaqtini tibbiy psixolog (neyropsixolog) bilan o‘tkazadi. Tibbiy psixolog bemorga nevropatolog tavsiya etadigan barcha dori-darmonlarni o‘zi mustaqil ravishda tavsiya etishga to‘la haqlidir. Shu bilan birga u neyropsixologik diagnostika va neyropsixoreabilitatsiya muolajalarini keng qo‘llaydi. Albatta bemorni qayta hayotga qaytarishda reabilitolog vazifasi ham juda katta.
Savol: Neyropsixolog kim? Ularni qaerda tayyorlashadi?
Javob: Neyropsixolog – nevrologiya va psixologiya ilmini chuqur biladigan mutaxassis. Neyropsixologlar tibbiy (klinik) psixologiya kafedralarida etishib chiqishadi. Psixologiyaning boshqa yo‘nalishlaridan farqli o‘laroq, ularga nevrologiya ilmidan chuqur saboq beriladi. Chunki nevrologiyani bilmasdan turib, neyropsixolog bo‘lib bo‘lmaydi. Neyropsixologning amaliy tibbiyotdagi asosiy quroli – bu psixologik usullardir. Bizning Respublikada ham endilikda neyropsixologlarni “Tibbiy psixologiya” orqali tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Tibbiy psixologiya bo‘yicha magistratura uchun tayyorlangan Davlat ta’lim standartida “Neyropsixologiya” mavzulari aks ettirilgan va bu fanni o‘rgatishga katta soat ajratilgan.
Savol: Tibbiy psixolog anksiolitik, trankvilizator va sedativ dorilardan tashqari boshqa dorilarni ham mustaqil ravishda yozishga haqlimi?
Javob: Tibbiy psixologlar avvalombor vrach ekanliklarini unutmaslik lozim. Ular har qanday toifaga kiruvchi dori-darmonlarni bemorlarga mustaqil ravishda tavsiya etishga to‘la haqlidir. Chunki organizmda ro‘y beradigan har qanday kasalliklar psixogen buzilishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shunday ekan tibbiy psixolog asosiy sababni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan dori vositalarini (masalan, antibiotiklar, analgetiklar, metaboliklar, gormonal dorilar, vitaminlar va h.k.) o‘zi mustaqil ravishda tavsiya eta oladi. Tibbiy psixologning vrachdan farqi shundaki, u psixologiya ilmini ham chuqur biladi va psixodiagnostika, psixoprofilaktika, psixogigiena, psixoterapiya va psixoreabitilatsiya usullarini keng qo‘llaydi.
Savol: Tibbiy psixolog bemorni KT, MRT, ultratovush va laboratoriya tekshiruvlariga mustaqil ravishda yuborishga haqlimi?
Javob: Albatta haqli! To‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun zarur bo‘lgan har qanday diagnostika usullariga bemorni tibbiy psixologning o‘zi yuborishi zarur. Masalan, bemordagi psixoz (ruhiy qo‘zg‘alish) jigar zararlanishi sababli rivojlandi deylik. Bunday bemorni ko‘rgan tibbiy psixolog jigarni ultratovush usuli bilan tekshirishga yuboradi, qonda fermentlar miqdorini aniqlaydi va h.k. Shu yo‘l bilan u psixoz sababini izlab topadi va uni bartaraf etadi. Agar bemorga jigar faoliyatini yaxshilovchi dorilar berilmasa, psixozni ham bartaraf etib bo‘lmaydi. Tabiiyki bu erda terapevt va infektsionist yordami ham kerak bo‘ladi.
Savol: Psixiatrning tibbiy psixologdan farqi nimada?
Javob: Psixiatr shaxsning keskin o‘zgarishi bilan namoyon bo‘luvchi ruhiy buzilishlarni davolaydi. Masalan, shizofreniya va suitsid bilan namoyon bo‘luvchi ruhiy kasalliklar bunga misol bo‘la oladi. Bunday bemorlar o‘ziga va atrofdagilar hayotiga havf solishadi. Psixologik usullarni chuqur o‘zlashtirgan psixiatrlar ham psixiatr, ham tibbiy psixolog bo‘lib ishlashlari mumkin. Psixiatriya tibbiy psixologiyaga juda yaqin fandir. Avvallari tibbiy psixologlarni psixiatrlar tayyorlashgan. Hozirda tibbiy psixologlarni tibbiy psixologlarning o‘zlari tayyorlashadi. Tibbiy psixologiya fiziologiya, nevrologiya, psixiatriya va klinik farmakologiya negizida shakllangan fandir. Albatta tibbiy psixologiyaning ildizi umumiy psixologiyaga borib taqalishini ham esda tutish lozim.
Savol: Psixonevrologlar haqida ham ma’lumot bersangiz.
Javob: Psixonevrologlar – hulq-atvorning turli darajada buzilishlari bilan namoyon bo‘luvchi kasalliklarni davolovchi vrach. Masalan, nevroz, isteriya, psixoz, fobiya, depressiya va h.k. Demak, biroz engil ifodalangan ruhiy buzilishlarni psixonevrologlar davolashadi. Psixiatriya bo‘yicha maxsus kurslarni va magistraturani tugatgan mutaxassislar psixonevrolog bo‘lib ishlashadi. Ular asosan psixonevrologik dispanserlarda ishlashadi. Endilikda tibbiy psixologiya bo‘yicha magistraturani tugatganlarga ham psixonevrologik dispanserlarda psixonevrolog bo‘lib ishlashi mumkin.
Savol: Tibbiy psixologlar konsultativ poliklinikalarda ham ishlashadimi?
Javob: Albatta! Xuddi nevropatolog, kardiolog va endokrinolog kabi tibbiy psixolog kabinetlari ham konsultativ poliklinikalarda mavjud bo‘ladi. Ular boshqa vrachlar bilan bir qatorda bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazishadi, ularga tashxis qo‘yishadi va davolashadi.
Savol: Psixoterapevtlar kimlar? Ularni kim tayyorlaydi?
Javob: Psixoterapevtlar – bemorlarni davolashda psixologik usullarni keng qo‘llovchi vrachlar. Demak, psixoterapevt – u vrach. Bunday kasb egalari tibbiy psixologiya bo‘yicha magistraturani tugatganlar orasidan etishib chiqadi. Biroq bir necha yil terapevt bo‘lib ishlab, so‘ngra maxsus psixologiya kurslarida (masalan, vrachlar malakasini oshirish institutida) ta’lim olgan mutaxassislar ham vrach-psixoterapevt bo‘lib ishlashga haqlidir. Shuningdek, tibbiyotga aloqasi bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida amaliy psixologiya yo‘nalishini tugatganlar ham sog‘liqni saqlash tizimida psixoterapevt bo‘lib ishlashlari mumkin. Biroq, ularga tibbiy amaliyot bilan shug‘ullanishga ruxsat berilmaydi. Ular faqat psixoterapiya bilan shug‘ullanishadi. Bu kasb egalariga muvaffaqiyat tilaymiz.
Endi tibbiy psixologiya bo‘yicha boshqa soha mutaxassislari va mutasaddi xodimlarning fikrlarini keltirib o‘tamiz.
Karimov Sh.I., Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, akademik.
Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent pediatriya tibbiyot institutlarida tibbiy psixologiya bo‘yicha magistratura va klinik ordinatura yo‘nalishlarining ochilishi ayni muddao bo‘ldi. Chunki bunday mutaxassislar bizning Respublikamizga ham juda zarur. Biz bu sohani tanlagan talabalarni eng yaxshi klinik bazalarda o‘qitamiz, Toshkent shahrida joylashgan nufuzli ilmiy-tibbiy markazlarda va yirik klinik shifoxonalarda malakaviy amaliyotni o‘tashlariga barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Xorij tillarini mukammal biladigan talabalarni “Tibbiy psixologiya” yo‘nalishi bo‘yicha magistraturada o‘qish davrida rivojlangan Osiyo davlatlari, Evropa va AQSh da bir necha oylik o‘qishlariga imkoniyat yaratib beriladi. Eng asosiysi tilni va fanni mukammal biladigan iqtidorli talabalarni Toshkent tibbiyot akademiyasida pedagog bo‘lib ishga qabul qilish haqida qaror qabul qilingan. Bunday talabalar 3-kursda tanlab olinadi va pedagoglar zahirasiga ro‘yxatga kiritiladi.
Qurbonov R.D., Kardiologiya Ilmiy markazi direktori, professor.
Bizning markazga psixogen xususiyatga ega kardiovaskulyar buzilishlar bilan bemorlar juda ko‘p murojaat qilishadi. Ular tibbiy-psixologik yordamga muhtojdir. Shu bois Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan shartnoma tuzdik. Unga muvofiq magistraturani tamomlagan va xorij tillarini mukammal biladigan magistlarni ishga qabul qilamiz. Magistraturada o‘qish mobaynida talabalarga ilmiy markazda bemorlar bilan ishlash uchun sharoitlar yaratib beramiz. Tibbiy psixologiyadan bilim, malaka va xorij tillari bo‘yicha zamonaviy standartlarga javob beradigan mutaxassislar soni etarli bo‘lgan taqdirda bizning markazda psixosomatik tibbiyot bo‘limi va psixofiziologiya bo‘yicha maxsus laboratoriya ochish masalasini ko‘rib chiqamiz.
Xadjibaev A.M., Respublika shoshilinch tibbiy yordam Markazi direktori, professor.
Markazning qabul bo‘limiga shoshilinch tarzda murojaat qilayotgan bemorlarning deyarli yarmi tibbiy-psixologik yordamga muhtoj bemorlar. Ularni albatta tibbiy psixolog qabul qilishi va malakali tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatishi zarur. Shu bois shoshilinch tibbiy yordam sistemasida boshqa tor doiradagi mutaxassislar bilan bir qatorda tibbiy psixologlar ham faoliyat ko‘rsatishlari zarur. Bu sistema xorij davlatlarida juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, markazimizning nevrologiya, toksikologiya, pediatriya kabi bo‘limlarida rejali tarzda davolanayotgan bemorlarning aksariyati tibbiy-psixologik yordamga muhtojdir. Biz Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan tuzgan shartnomada magistr va klinik ordinatorlarga malakaviy amaliyot o‘tishlariga sharoit yaratib berish va kelgusida ularni ish bilan ta’minlash masalasi ko‘tarilgan.
Akilov F.A. Urologiya Ilmiy markazi direktori, professor.
Bizning markazda davolanayotgan bemorlar orasida tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘lganlar juda ko‘p. Ayniqsa surunkali buyrak etishmovchiliklari, jinsiy a’zolar anomaliyalari, bepushtlik, erektil disfunktsiya kabi kasalliklar aniqlangan bemorlarning barchasi tibbiy-psixologik yordamga miuhtojdir. Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan tuzilgan shartnomada tibbiy psixologiya bo‘yicha tahsil olayotgan magistrlar va klinik ordinatorlarning bizning markazda malakaviy amaliyot o‘tishga sharoitlar yaratib beriladi. Yuqori darajada malakaga ega bo‘lgan, xorij tillarini mukammal biladigan va urologiya faniga ham qiziqadigan tibbiy psixologlar bilan hamkorlikda ishlashga tayyormiz.
Najmutdinova D.K., Akusherlik va ginekologiya Ilmiy markazi direktori, professor.
Rivojlangan xorij davlatlarida tug‘ruqqa olib kiriladigan har qanday ayolni tibbiy psixolog albatta ko‘rikdan o‘tkazadi. Homiladorlikning dastlabki kunlaridan boshlab ginekolog bilan birgalikda tibbiy psixolog homilador ayolni doimiy kuzatuvga oladi. Ayniqsa tug‘ruqdan keyin kuzatiladigan reaktiv nevroz va psixoz holatlarini psixiatr emas, aynan tibbiy psixolog bartaraf etadi. Demak, ayollarga tibbiy-psixologik yordam tug‘ruqqacha bo‘lgan davrda ham, tug‘ruqdan keyingi davrga ham o‘ta zarur. Shuningdek, endi oila qurgan yoshlarga oilaviy psixolog sifatida ham doimiy psixologik konsultatsiya va psixoterapevtik yordamni tibbiy psixologlar (psixoterapevtlar) ko‘rsatadi. Biz kelajakda markazimizda tibbiy psixologlar faoliyat ko‘rsatishini rejalashtirmoqdamiz.
Kariev G‘.M., Respublika Neyroxirurgiya Ilmiy markazi direktori, professor.
Bosh miyaning har qanday lokal zararlanishlarida (o‘sma, travma, insult, abstsess) afaziya, agnoziya, apraksiya kabi neyropsixologik buzilishlar rivojlanadi. Bunday bemorlarning barchasini operatsiyagacha bo‘lgan davrda ham, operatsiyadan keyin ham neyropsixolog ko‘rikdan o‘tkazishi lozim. Toshkent tibbiyot akademiyasida tibbiy psixologiya bo‘yicha magistratura yo‘nalishida neyropsixologlarni ham tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani ayni muddao bo‘lgan. Ma’lumki, neyropsixologiya fanining shakllanishida akad. A.R. Luriyaning N.N. Burdenko nomidagi Neyroxirurgiya Ilmiy tekshirish institutidagi ilmiy-tadqiqot ishlari juda katta turtki bo‘lgan. Ma’lumki, barcha rivojlangan horij davlatlarining neyroxirurgiya ilmiy markazlarida neyropsixologlar ham faoliyat ko‘rsatishadi. Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan tuzilgan shartnomada Neyroxirurgiya Ilmiy markazida magistrlar va klinik ordinatorlarga tibbiy psixologiya (neyropsixologiya) bo‘yicha malakaviy amaliyot o‘tishlari uchun sharoit yaratib beriladi.
Otabekov N.S., Respublika OITS ga qarshi kurash markazi direktori, professor.
Mana bir necha yildirki, bizning markaz o‘z kuchiga tayanib bemorlarga psixoterapevtik yordam ko‘rsatib kelmoqda. Bizga yuqori malakali tibbiy psixologlar juda zarur. Tibbiy psixologiya bo‘yicha magistratura va klinik ordinaturani tugatgan iqtidorli yoshlarni biz ish bilan ta’minlashga tayyormiz. Vaholanki, OITS qarshi kurash markazi va uning filiallarini tibbiy psixologlarsiz tasavvur qilish qiyin.
Biz bu erda Respublikamizning yirik ilmiy-tibbiy markazlari direktorlarining tibbiy psixologiyaga oid fikrlarini ham keltirib o‘tdik. Tibbiy psixologlar, shuningdek, ftiziatriya, dermatovenerologiya, xirurgiya kabi ilmiy markazlarga ham o‘ta zarur mutaxassislardir. Yaqin kelajakda aksariyat ilmiy-tibbiy markazlarda tibbiy psixolog shtati ochiladi va ular bemorlarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatishadi. Tibbiy psixologlar mudofa vazirligi va ichki ishlar vazirligiga tegishli shifoxonalarda ham faoliyat ko‘rsatishadi. Chunki favquloddagi vaziyatlarda bemorlarga zudlik bilan hamda maxsus reja asosida yuqori malakali tibbiy-psixologik yordamni aynan tibbiy psixolog ko‘rsata oladi.
Zarifboy Ibodullaev,Toshkent tibbiyot akademiyasi
Asab kasalliklari kafedrasi professori