TIBBIY-PSIXOLOGIK STATUSNI TEKShIRISh SXEMASI
TIBBIY-PSIXOLOGIK STATUSNI TEKShIRISh SXEMASI
(Prof. Ibodullaev Zarifboy Rajabovich)
Tibbiyotda ham, umumiy psixologiyada ham tekshirish sxemalari mavjud. Biroq, tibbiyot psixologiyasi uchun alohida tarixnoma xanuzgacha yo‘q. Bu maqsadda, ko‘pincha, ruhiy bemorlarni tekshirish uchun ishlab chiqilgan tarixnomalar yoki umumiy psixologik tekshiruvlardan foydalaniladi. Ular esa tibbiy (klinik) psixologiya talablariga to‘la javob bermaydi va barcha zarur ma’lumotlarni o‘z ichiga qamrab ololmaydi. Shu bois biz tibbiy-psixologik statusni tekshirish sxemasini ishlab chiqdik. Undan psixosomatik tibbiyot bo‘limlari va tibbiy-psixolog kabinetlarida tibbiy-psixologik anketa sifatida foydalanish tavsiya etiladi.
Tibbiy-psixologik statusni tekshirish sxemasi
(tibbiy-psixologik anketa)
- I. Umumiy ma’lumotlar
Bemorning ismi, sharifi…………………………………………………………….
Anketa (tarixnoma) raqami…………………………………………….
Yoshi…………………………………………………………………………………………..
Jinsi……………………………………………………………………………………….
Millati……………………………………………………………………………………
Oilaviy ahvoli………………………………………………………………………….
Yashash joyi……………………………………………………………………………….
Ma’lumoti va kasbi…………………………………………………………………..
Mehnatga layoqati………………………………………………………………………
Chapaqay, o‘naqay yoki ambidekstr………………………………………………….
Klinikaga (poliklinikaga) murojaat qilgan kuni………………………..
Klinikada (poliklinikada) qo‘yilgan tibbiy tashxis (tashxislar)….
Psixologga murojaat qilgan kuni………………………………………………
Asosiy shikoyatlari…………………………………………………………………….
- Anamnestik ma’lumotlar
Bemorning hayot anamnezi (ilk bolalik davridan boshlab yig‘iladi, qanday tarbiyalangan, qanday muhitda o‘sgan va h.k.) Bemorning jinsiy hayoti va oilaviy anamnezi. Bemorning tibbiy anamnezi (qanday kasalliklar bilan og‘rigan). Bemorning psixologik anamnezi. Bemorning nasliy anamnezi
III. Yordamchi tekshirishlar va boshqa mutaxassislar xulosalari
Laborator tekshiruvlar……………………………………………………………………..
Elektroentsefalografiya……………………………………………………………………
Psixiatr……………………………………………………………………………………………
Nevropatolog…………………………………………………………………………………….
Patopsixolog…………………………………………………………………………………….
Neyropsixolog…………………………………………………………………………………..
Terapevt……………………………………………………………………………………………
Seksopatolog……………………………………………………………………………………..
Boshqa mutaxassislar…………………………………………………………………………
Psixologik testlar xulosalari……………………………………………………………..
- IV. Temperamentni tekshirish xulosalari
Suhbat yoki psixologik testlar yordamida bemorning qaysi temperament egasi ekanligi aniqlanadi. Keyin xulosaga sangvinik, xolerik, flegmatik yoki melanxolik deb yozib qo‘yiladi.
- Shaxs va xulq-atvorni tekshirish xulosalari
Bemorning yaqinlari yordamida va uning o‘zidan ilk bolaligidan boshlab, xulq-atvori xususiyatlari haqida ma’lumot yig‘iladi. Yaslida, maktabda, o‘spirinlik davri, oila qurgandan so‘ngi hayoti, ishda va jamoada o‘zini tutishi har tomonlama so‘rab o‘rganiladi. Bu maqsadda psixologik testlardan ham foydalaniladi.
Suhbat va testlar yordamida quyidagi shaxs tiplari ajratib ko‘rsatiladi: tsiklotimik, emotsional, distimik, gipertimik, xavotirli, qo‘zg‘aluvchan, qotma, ekstravert, intravert, xushchaqchaq shaxs. Hulq-atvoriga qarab quyidagi xulosalar beriladi: mehribon, xudbin, mansabparast, toshyurak, kamtar, xotirjam va hokazo.
- Hissiyotni tekshirish xulosalari
Suhbat chog‘ida bemorning mimikasi, o‘zini tutishi, psixolog va atrofdagilarga bo‘lgan munosabatiga e’tibor qaratiladi. Keyin bemorning his-tuyg‘ulari va kayfiyatiga quyidagicha ta’rif beriladi: hayajonlangan, g‘azablangan, xavotirda, kayfi chog‘, tushkunlikka tushgan, vahima bosgan. Shu holatlar aniqlangandan so‘ng bemorning hissiyoti to‘g‘risida, eyforiya, disforiya, depressiya, affekt va hissiy ambivalent holatida degan xulosalar qayd qilinadi. Xulosani yanada oydinlashtirish uchun psixologik test xulosalaridan ham foydalaniladi.
VII. Sezgi va idrokni tekshirish xulosalari
Sezgi buzilishlarini tekshirayotganda, uning organik va funktsional tusda ekanligi aniqlanadi. Ikkala holda ham sezgining quyidagi buzilishlari farq qilinadi: monoanesteziya, gemianesteziya, giperesteziya, dizesteziya, senestopatiya, kauzalgiya, og‘riqlar (boshda, tanada va ichki a’zolar sohasida).
Idrokni tekshirayotganda illyuziya, gallyutsinatsiya, anozognoziya, derealizatsiya va depersonalizatsiya bor-yo‘qligi e’tiborga olinadi va xulosa o‘rnida yozib qo‘yiladi.
VIII. Iroda va maylni tekshirish xulosalari
Irodani tekshirayotganda, mustahkam irodali, matonatli, maqsadga intiluvchan, ikkilanuvchan, mustaqil, jur’atsiz deb xulosa beriladi. Shuningdek, iroda va mayl buzilishlariga ta’rif berishda quyidagi atamalardan ham foydalaniladi: abuliya, gipobuliya, giperbuliya, dipsomaniya, dromomaniya, kleptomaniya, mazoxizm, sadizm, anoreksiya, polifagiya, polidipsiya, gomoseksualizm, suitsidal mayllar.
- Nutqni tekshirish xulosalari
Bemorning nutqi to‘g‘risida ma’lumotlar suhbat chog‘ida yoki maxsus tekshirishlar orqali aniqlanadi. Nutqni oddiy va murakkab so‘zlarni takrorlatib turib ham tekshirish mumkin. Nutq buzilishlari neyropsixologik testlar yordamida ham aniqlanadi. Nutqning quyidagi buzilishlari xulosa o‘rnida qayd qilinadi: afferent motor afaziya, efferent motor afaziya, sensor afaziya, akustik-mnestik afaziya, amnestik afaziya, semantik afaziya, dinamik afaziya, soqovlik, duduqlanish, dizartriya, dislaliya.
- Diqqat va xotirani tekshirish xulosalari
Diqqatning ba’zi xususiyatlari suhbat chog‘ida aniqlab olinadi. Shuningdek, diqqatni tekshiruvchi testlar, ya’ni Krepelin, Shulte jadvali va Burdonning korrektura sinamalaridan foydalaniladi. Diqqati tarqoq, parishonxotir, jamlangan, o‘tkir kabi xulosalar yoziladi.
Bemorning diqqati tekshirib bo‘lingandan so‘ng yoki parallel holda kundalik va bo‘lib o‘tgan voqealarga bo‘lgan xotirasi tekshiriladi: ma’nosiz (gul, qarg‘a, oyna) so‘zlardan iborat qisqa qator, qisqa va uzun jumlalar, matallarni yod olish va qayta esga tushirish. Xuddi shu uslubda ko‘rish xotirasi (turli fotosuratlar ko‘rsatib, birozdan so‘ng qayta tanish so‘raladi) va harakat xotirasi tekshiriladi (bemor qo‘li bilan turli harakatlarni amalga oshiradi va ularni birozdan so‘ng takrorlash so‘raladi). Ebbingauz va Luriya tomonidan ishlab chiqilgan “10 ta so‘zni yodlab esga tushirish” usulidan ham foydalaniladi.
Xotira buzilishlari darajasi ko‘rsatiladi. Shuningdek amneziya (retrograd, anterograd, anteroretrograd), konfabulyatsiya, psevdoreministsentsiya kabi xulosalar qayd etiladi.
- XI. Tafakkurni tekshirish xulosalari
Tafakkurni tekshirayotganda, uning izchilligi va tezligiga e’tibor qaratiladi. Fikrlash darajasi yoshiga mos keladi, debillik, imbetsillik, idiotiya, dementsiya deb xulosa yoziladi. Bu buzilishlarni aniqlash uchun hikoyalarning mazmuni, kichik matematik masalalar, tugallanmagan jumlalar, maqollar ma’nosi va tafakkur darajasini ifodalovchi psixologik testlardan (Koos kubikchalari, Bine-Simon, Veksler testlari, tafakkur koeffitsientini (IQ) aniqlash) usullaridan foydalaniladi.
XII. Ongni tekshirish xulosalari
Ong buzilishining shartli ravishda nopsixotik va psixotik shakllari ajratiladi: birinchisiga obnubulyatsiya, somnolentsiya, sopor va koma, ikkinchisiga esa deliriya, trans, amentsiya, somnambuliya, ambulator avtomatizmlar, oneyroid kiradi. Shuningdek, ong darajasiga ta’rif berayotganda, bemorning es-hushi joyida, vaqt, joy va vaziyatni adashtirmasligi, atrofdagi voqealarni aniq-ravshan anglashiga e’tibor beriladi.
Xulosa. Bemorning tibbiy-psixologik statusi to‘la tekshirilgandan keyin olingan ma’lumotlar psixologik testlar, laboratoriya natijalari va boshqa mutaxassislar xulosalari bilan solishtiriladi. Keyin bemorga tibbiy-psixologik tashxis chiqariladi.