INSULT RIVOJLANISh HAVFINI ANIQLASh ShKALASI
Miya insulti bilan bog‘liq prognostik, diagnostik va klinik shkalalar ko‘p. Ma’lumki, miya insulti o‘tkir rivojlanadi va bu vaziyat vrachdan zudlik bilan tashxis qo‘yish va davolash muolajalarini boshlashni taqozo etadi. Chunki “terapevtik darcha” davrida ko‘rsatilgan yordam juda katta ahamiyatga ega. Aksariyat shkalalar esa katta hajmli bo‘lib, urgent holatlarda ulardan foydalanib xulosa chiqarishga ko‘p vaqt ketadi. Bir qancha shkalalar esa nevrologik ilmga ega bo‘lishni taqozo etadi. Shularni e’tiborga olib, biz insult rivojlanish xavfini aniqlashning oddiy shkalasini ishlab chiqdik. Bu shkaladan turli toifadagi vrachlar har xil vaziyatlarda foydalanishlari mumkin.
BLANK
# | SAVOLLAR |
JAVOBLAR Ha – 1 ball, Yo‘q – 0 ball
|
1. | Arterial qon bosimi oshdimi? | |
2. | Bosh og‘rig‘i o‘tkir paydo bo‘ldimi? | |
3. | Bir tomonlama o‘tkir amavroz yoki ambliopiya ro‘y berdimi? | |
4. | O‘tkir bosh aylanishi kuzatildimi? | |
5. | Xushini yo‘qotdimi yoki hozirda buzilganmi? | |
6. | Tananing bir tomonida uvishish yoki holsizlik paydo bo‘ldimi? | |
7. | Nutq to‘satdan buzildimi? | |
8. | Meningeal simptomlar bormi? | |
9. | Yurak-qon tomir kasalliklari bormi? | |
10. | Uyqu arteriyalari auskultatsiyasida shovqin bormi? | |
To‘plangan umumiy ball: |
Baholash mezoni:
0 – 3 ball – insult rivojlanish havfi past;
4 – 6 ball – insult rivojlanish havfi o‘rtacha;
7 – 10 ball – insult rivojlanish havfi yuqori yoki insult ro‘y berdi.
“Insult rivojlanish xavfini aniqlash shkalasi” 10 ta savoldan iborat bo‘lib, ularning qay darajada mavjudligi insult rivojlanish havfini belgilab beradi. Shkala faqat ikki xil javob varianti, ya’ni “ha” va “yo‘q” javoblaridan iborat. “Ha” javobi 1 ball, “yo‘q” javobi 0 ball bilan belgilangan. “Ha” javoblari soni ko‘paygan sayin ballar yig‘indisi ham oshib boradi. Ballar yig‘indisi 7 balldan oshsa, bemorda insult rivojlanish havfi juda yuqori hisoblanadi yoki bu kasallik rivojlangan bo‘ladi. Yurak-qon tomir kasalliklari mavjud bo‘lgan bemorlarda to‘satdan ro‘y berib o‘tib ketgan har bir monosimptom tranzitor ishemik ataka rivojlanganidan dalolat berishi mumkin. Bu shkala yordamida nafaqat insult rivojlanish havfi, balki ro‘y bergan tranzitor ishemik ataka ham aniqlanadi.
Ushbu shkaladan davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan nafaqat nevropatologlar, balki terapevtlar, tez tibbiy yordam vrachlari ham keng foydalanishlari mumkin. Ayniqsa, aholi orasida insult va tranzitor ishemik atakaning tarqalish darajasini o‘rganish uchun ommaviy tarzda o‘tkaziladigan epidemiologik tekshiruvlarda ushbu shkaladan keng foydalanish tavsiya etiladi.