O‘zbekistonga tibbiy psixologiya va psixosomatik tibbiyot naqadar zarur?
Epigraf: Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoevning O‘zbekistonga jahon tibbiyotining eng ilg‘or texnologiyalarini olib kelish, sohaning etuk professor-o‘qituvchilari ishtirokida xalqaro seminar va o‘quv kurslarini tashkil etish, yoshlarimizni xorijning yuqori reytingga ega bo‘lgan Ilmiy-tibbiy markazlarida malaka oshirishlarini ta’minlashga oid Farmon va Qarorlari yurtimizda psixosomatik tibbiyotning rivojlanishiga ham ulkan hissa qo‘shadi.
2012 yil yurtimizda psixosomatik tibbiyot rivojlanishiga birinchi qadam qo‘yildi. Chunki shu yili ikkita yirik ta’lim dargohi, ya’ni Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent Pediatriya tibbiyot institutlarida “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha magistratura va klinik ordinatura ochildi. Tibbiy psixolog mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha Davlat ta’lim standarti ishlab chiqildi. Uni ishlab chiqishda Evropa va AQSh ta’lim dargohlari ta’lim dasturlari asos qilib olindi.
O‘zbekistonda tibbiy psixologiya va psixosomatik tibbiyotni rivojlantirishga oid savollarga tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullaev javob beradi.
Savol: Zarifboy Rajabovich! Aytingchi, O‘zbekistonga tibbiy psixologiya va psixosomatik tibbiyot naqadar zarur?
Javob: Keling, avvalo so‘zimni “Tibbiy psixologiya” fanidan boshlasam. Bu fan 1924 yili nemis olimi Ernst Krechmer tomonidan alohida fan sifatida psixiatriyadan ajratib olindi va ushbu olim tomonidan shu nomli birinchi darslik ham yaratildi. Bu fan o‘rganadigan asosiy yo‘nalish – bu psixodiagnostika, psixoterapiya va psixosomatik tibbiyotdir. Psixosomatik tibbiyot – tibbiy psixologiyaning yuragi hisoblanadi.
Savol: Aytingchi, bizda vaziyat qanday?
Javob: Bizda 1997 yili “Tibbiy psixologiya” psixiatriya kafedrasi tarkibidan chiqarib olindi va alohida “Tibbiy psixologiya” kursi tashkil qilindi. Men shu kursga rahbar etib tayinlandim. Ushbu kurs Asab kasalliklari kafedrasi tarkibida bir necha yil faoliyat ko‘rsatib keldi.
Savol: O‘zbekistonda “Tibbiy psixologiya” ni rivojlantirish uchun nima ishlar qilindi?
Javob: O‘zingiz bilasiz o‘sha davrlar og‘ir bo‘lgan. O‘zbek tilida adabiyotlar mutlaq etishmasdi. Tibbiy psixologiya bo‘yicha esa hatto bir dona broshyura ham yo‘q edi. Tibbiy psixologiyani noldan tiklashga to‘g‘ri keldi. Biz Evropa adabiyotlarini o‘rganib “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha darslik tayyorladik. Bu darslikda asosiy urg‘uni “Psixosomatik tibbiyot” ga berdik. Tibbiy psixologiya bo‘yicha ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlarni mutlaq yangidan tuzib chiqdik. Asosiy urg‘uni psixodiagnostika, psixoterapiya va psixosomatik tibbiyotga berdik.
Savol: Talabalar bu o‘zgarishlarni qanday kutib olishdi?
Javob: Juda zo‘r kutib olishdi. Bilasizmi, “Tibbiy psixologiya” talabalar orasida shu qadar mashhur bo‘lib ketdiki, xatto avval ma’ruzaga kirgan talabalar yana qayta ma’ruzaga kirishardi. Xatto 1-ToshMIdan talabalar 2-ToshMIga bizning ma’ruzani eshitgani kelishardi. Biz O‘zbekistonda birinchi bo‘lib “Freydning psixoanaliz nazariyasi”, “Psixosomatik tibbiyot”, “Vrach amaliyotida psixodiagnostika va psixoterapiya” kabi ma’ruzalarni kiritdik. “Yosh psixoanalitik” to‘garaklarini ochdik. Avval umuman bo‘lmagan “Psixosomatik tibbiyot” bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni va ma’ruzalarni yo‘lga qo‘ydik va h.k.
Savol: O‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanish qanday bo‘ldi?
Javob: O‘zbekistonda ilk bora yozilgan “Tibbiy psixologiya” darsligimiz 7 yil mobaynida pul topilmay nashr yuzini ko‘rmadi. Axiyri 2008 yili chop qilindi va talabalar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. 2009 yili “Yilning eng yaxshi darsligi” unvoniga sazovor bo‘ldi va so‘ngra yana 2 marotaba nashr qilindi. So‘ngra “Tibbiy psixologiya” ni o‘qitish bo‘yicha bir nechta materiallar tayyorladik. Men bitta narsani ochiq ayta olaman, ya’ni biz O‘zbekistonda sof “Psixosomatik tibbiyot” ni 1997 yildanoq o‘qitib boshladik. Rossiyada esa bizdan 10 yillardan keyin sog‘liqni saqlash vaziri aslida nevrolog olima bo‘lgan Valentina Skvortsova bo‘lgach bu yo‘nalishga katta urg‘u berilib boshlandi. Ular 30 ga yaqin tibbiyot universitetlarida “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” kafedrasini ochishdi, ya’ni tibbiy psixologiya psixiatriyadan butunlay ajratib olindi.
Savol: Men Sizga yana “Bizdachi”? – deb savol berishimga to‘g‘ri kelyapti.
Javob: 2007 yili Sog‘liqni saqlash vazirligidan Toshkent tibbiyot akademiyasiga xat keldi. Xatda davolash-profilaktika muassasalarida “Psixosomatik tibbiyot” bo‘limlarini ochish masalasi ko‘rsatilgan edi. Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektorimiz D.Q. Najmutdinova bu masalada mening fikrimni so‘radilar. Men bizda “Tibbiy psixolog” kadrlar yo‘q, “Psixosomatik tibbiyot” ” bo‘limlarida tibbiy psixologlar ishlashi kerak, deb aytdim.
Savol: Keyin bu masalaga qaytildimi?
Javob: 2012-2013 yillardan boshlab Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent tibbiyot akademiyasida “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha magistratura va klinik ordinatura ta’lim yo‘nalishlari ochildi. Biz bu borada malakali kadrlarni tayyorlab boshladik. Men ungacha “O‘zbekistonda tibbiy psixologiyani rivojlantirish kontseptsiyasi” ni ishlab chiqdim va bu borada turli anjumanlarda chiqishlar qildik, bu materialni jurnallarda chop qildik. Evropa maktablari asosida “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha Davlat ta’lim standartini ishlab chiqdik va uning asosida o‘quv-uslubiy materiallar tayyorladik.
Savol: Magistrlarni o‘qitishda qiyinchiliklar bo‘lmayaptimi?
Javob: Toshkent tibbiyot akademiyasi “Tibbiy psixologiya” bo‘limi Respublikamizning 10 ta Ilmiy-tibbiy markazi bilan shartnomalar tuzdi va magistrlarni ushbu markazlarga yuborib o‘qitayamiz. Ular aynan shunday markazlarda bemorlarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish usullarini o‘zlashtirishmoqda. Shuningdek Milliy Universitet va Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti etuk professor-psixologlarining ma’ruzalarini tashkil qilganmiz.
Savol: Talabalarni “Tibbiy psixologiya va psixosomatik tibbiyot” ga qiziqtirish uchun qanday ishlar olib borilmoqda?
Javob: Tibbiy psixologiyada olib borilayotgan islohotlardan biri – bu yuqori kurs talabalari orasida psixosomatik tibbiyotga bo‘lgan qiziqishni oshirishdir. Shu bois 2017 yil yanvar oyida Toshkent tibbiyot akademiyasi professor-o‘qituvchilari, magistrlar, klinik ordinatorlar va yuqori kurs talabalari ishtirokida bizning tashabbusimiz bilan “Psixosomatik tibbiyotning dolzarb muammolari” mavzusida birinchi bor mahorat darsi o‘tkazildi. Unda terapiya va pediatriya yo‘nalishi professorlari Xolmatova B.T. va Xamroev A.A. o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Katta litsey zalida deyarli barcha kafedralarning professor-o‘qituvchilari va yuqori kurs talabalari qatnashdi. “Har bir vrach psixolog bo‘lishi kerak”, “Psixosomatik tibbiyotni har bir vrach bilishi kerak”, “Psixodiagnostika va psixoterapiya” ni umumiy amaliyot vrachlari ish faoliyatiga to‘la tadbiq eta olishi zarur degan xulosaga kelindi. .
Ushbu mahorat darsida professor-o‘qituvchilar psixosomatik buzilishlarga oid o‘zlarining klinik kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashishdi. Men 7 yildan buyon boshqa tashxis bilan davolanib yurgan va davolanish uchun Isroilga ketishga shaylangan Z. Ismli bemorni misol qilib keltirdim. Men bu ayolni tekshirib unga “Psixosomatik sindrom” deb tashxis qo‘ydim va uni boshqa usul bilan davoladik. 3 marotaba operatsiya stoliga yotqizilgan (biroq operatsiya qilinmagan) bemorni 10 kunda tuzatdik. Ko‘rdingizmi, psixosomatik buzilishlarni to‘g‘ri aniqlamasa, hech qaysi davolash usuli bilan bartaraf etib bo‘lmaydi. Bu uchrashuv ayniqsa yuqori kurs talabalarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu kichik anjuman xulosalaridan kelib chiqib men O‘zbekistonda har yili “Psixosomatik tibbiyotning dolzarb muammolari” borasida halqaro anjumanlar o‘tkazish o‘ta zarur degan masalani ko‘tardim. Ikki yillik harakatlarimiz o‘z mevasini berib Evropa davlatlaridan “Klinik psixologiya va psixosomatik tibbiyot” borasida yirik olimlar O‘zbekistonga tashrif buyurishdi.
Savol: Shu haqda so‘zlab bersangiz. Aynan kimlar O‘zbekistonga tashrif buyurishdi?
Javob: Psixosomatik tibbiyotga oid “Psixosomatik tibbiyot: muammo va echimlar” mavzusidagi anjuman 2017 yil 11-aprel kuni Toshkent, 12-aprel kuni esa qadimiy va navqiron Samarkand shahrida o‘tkazildi.
Taklif qilingan olimlar va ma’ruzachilar.
- Professor Konstantsia Paul (Portu, Portugaliya). Gerontopsixologiya assotsiatsiyasi prezidenti, Gerontopsixologiya Ilmiy markazi (UNIFAI/ICBAS-U) direktori. Bir qator jahon psixologlar assotsiatsiyasi a’zoosi, psixosomatik tibbiyot bo‘yicha dunyo miqyosida yirik mutaxassis.
- Professor Tomas Gabrielevich (Varshava, Polsha). 1992-1994 yillar Polshada Alsxaymer kasalligi bo‘yicha tadqiqot guruhi rahbari, Evropada Alsxaymer kasalligi assotsiatsiyasi a’zosi, 2004 yildan Polsha Psixiatrlar Assotsiatsiyasining psixogeriatriya sektsiyasi raisi.
- Professor Aldis Pukitis (Riga, Latviya). Latviya Universiteti tibbiyot fakulteti professori, Latviya gastroenterologlar Assotsiatsiyasi Prezidenti, Amerika gastroenterologlar va klinik farmakologlar Assotsiatsiyasi a’zosi.
- Aleksandrov A.A., tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent, vrach-psixiatr (Minsk, Belorussiya). Respublika ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy markazi qoshidagi Ilmiy Kengash a’zosi, Minsk shaxrining bosh psixoterapevti. “Psixoterapiya va tibbiy psixologiya” jurnali tahririyat a’zosi.
Savol: O‘zbekistonda “Psixosomatik tibbiyot” bo‘limlari ochilganmi?
Javob: Hozircha yo‘q! Vazirlik bu masalani albatta ijobiy hal qiladi, degan umiddaman.
Savol: O‘quv-uslubiy baza yaxshi bo‘lsa, tibbiy psixolog kadrlar etarli bo‘lsa, muammo nimada?
Javob: Asosiy muammolardan biri – bu tibbiy psixolog diplomiga ega yoshlarimizni ish bilan ta’minlash. Buning uchun maslahat poliklinikalarida va oilaviy poliklinikalarda “Tibbiy psixolog” shtatini ochish, yirik shifoxonalarda esa “Psixosomatik tibbiyot” bo‘limlarini ochish maqsadga muvofiq. Ikkinchi muammo shundaki, O‘zbekistonda hanuzgacha “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” kafedrasi yo‘q. Hatto Qozog‘iston bu borada oldinga chiqib olmoqda. Biz bunday kafedralarni tibbiyot institutlarida ochishimiz kerak. Kadrlar esa bor. Biz Tibbiyot institutlarida talabalarga 3-kursda ham, 4-kursda ham, 5-kursda ham bemorning ichki a’zolarini qanday qilib tekshirish kerakligini o‘rgatamiz, biroq “Bemor bilan psixologik muloqot san’atini” o‘rgatmaymiz. Yuqorida aytib o‘tganimdek, Tibbiy psixologiyaga bor-yo‘g‘i 36 soat ajratilgan. Bu soat ichida talabalarga na psixodiagnostikani o‘rgatib bo‘ladi, na psixoterapiyani. Tibbiyot institutlarida psixoterapiya kursi ham, kafedrasi ham yo‘q. Terapevtik kasalliklarning deyarli 70 % psixosomatik buzilishlar ekan, dastlab ular UASh ga murojaat qilishadi. Shuning uchun ham bakalavriat bosqichidayoq “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” ga katta urg‘u berish zarur.
Savol: Psixoterapiya haqida savolim bor edi. Psixoterapevtlarni kim tayyorlashi kerak? Bunday kafedra vrachlar malakasini oshirish institutida bor edi shekilli?
Javob: Hozir yo‘q! Bu ham bir katta muammo! Hatto tibbiyot institutlari uchun tuzilgan yangi o‘quv rejada “Psixoterapiya” rukni umuman yo‘q. Ko‘z oldingizga keltiring: Vrach psixoterapiyani o‘rganmay 6 yildan so‘ng qo‘liga diplom oladi. Horijda tibbiy psixologiya va psixoterapiyaga ajratilgan o‘quv soatlari klinik fanlarga ajratilgan o‘quv soatlarining deyarli 20% ini tashkil qiladi. Bizda esa bor yo‘g‘i 0,83 %.
Savol: Zarifboy Rajabovich! Psixosomatik buzilishlarga o‘zi nimalar kiradi?
Javob: Ruhiy siqilishlar va stresslar sababli rivojlangan bosh og‘riqlar, yurak sohasidagi og‘riqlar, ta’sirlangan ichak sindromi, bo‘g‘imlardagi og‘riqlar, jinsiy ojizliklar, funktsional tipdagi urologik kasalliklar va h.k. Ularni tibbiy psixolog davolaydi.
Savol: Psixosomatik buzilishlar ko‘p uchraydimi?
Javob: Albatta! Barcha kasalliklarning deyarli 70 % i – bular psixosomatik buzilishlardir. Shuning uchun ham rivojlangan xorij davlatlarining tibbiyot markazlarida faoliyat ko‘rsatuvchi tibbiy psixologlar soni vrachlar sonidan deyarli 2 barobar ko‘p. Bu mamlakatlarda bemor nimaga shikoyat qilishidan qat’iy nazar tibbiy psixolog ko‘rigidan o‘tadi. So‘ngra uni boshqa vrachlarga yuborishadi. Tibbiy psixolog ham xuddi nevropatolog va psixiatr kabi yuqori malakali vrach hisoblanadi. Shu bois ularni magistratura va klinik ordinatura orqali tayyorlashadi.
Savol: Nevrologik kasalliklarni tibbiy psixolog mustaqil ravishda davolash huquqiga egami?
Javob: Periferik asab tizimi kasalliklaridan tashqari, bosh miyaning aksariyat kasalliklarini “Tibbiy psixolog” davolashga haqli. Chunki 70 % nevrologik kasalliklar psixoemotsional va neyropsixologik buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi. Shu bois 2013-2014 yillari nevropatolog bo‘lishni hohlagan talabalar, tibbiy psixologiyaga ham hujjat topshirishgan.
Savol: Depressiya va psixozlarni (ruhiy qo‘zg‘alishlar) tibbiy psixolog davolashga haqlimi?
Javob: Avvallari bunday bemorlarni psixiatrlar davolashgan. Endi ularni tibbiy psixologlar ham davolashadi. Tibbiy psixolog ruhiy kasalliklar shifoxonasida va psixonevrologik dispanserlarda psixiatrlar bilan hamkorlikda ishlaydi. Tibbiy psixologlar narkologik dispanserlarda ham mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatishadi. Depressiya bilan kasallangan bemorlarni davolash esa ularning bevosita burchidir.
Savol: Tibbiy psixolog bosh miyaning og‘ir yallig‘lanish kasalliklarini o‘tkazgan bemorlarni davolay oladimi?
Javob: Albatta. Chunki meningit, meningoentsefalit va entsefalit o‘tkazgan bemorlarda oliy ruhiy funktsiyalarning buzilishlari kuzatiladi. Nutq, xotira, tafakkur, hissiyot va hulq-atvor buzilishlari ushbu kasalliklarda juda ko‘p uchraydi. Agar ularga zudlik bilan tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatilmasa, aqliy rivojlanish bilan bog‘liq asoratlar qolishi mumkin. Neyropsixologik buzilishlarni rivojlangan horij davlatlarida nevropatolog emas, balki tibbiy psixolog (neyropsixolog) davolaydi. Tibbiy psixolog farmakologik davolash usullari bilan bir qatorda psixoterapiya usullarini ham keng qo‘llaydi.
Savol: Insult kasalligichi?
Javob: Ko‘pchilik insult kasalligini faqat nevropatolog davolaydi deb o‘ylaydi. Bu fikr qisman to‘g‘ri xolos. Insult bilan kasallangan bemorni bir nechta mutaxassis ko‘rikdan o‘tkazadi va davolaydi. Insult endi rivojlangan paytda uni nevropatolog, reanimatolog, angioxirurg yoki neyroxirurg davolaydi. Agar insult xushning buzilishi bilan namoyon bo‘lsa, bemor reanimatsiya bo‘limiga yotqiziladi. Agar insult miyaga boruvchi qon tomirlar tiqilishi sababli rivojlansa, bemor angioxirurgiya (angionevrologiya) bo‘limida operatsiya qilinadi. Agar miyaga qon quyilsa, bemor zudlik bilan neyroxirurgiya bo‘limiga olib boriladi va operatsiya qilinadi.
Ushbu mutaxassislar yordamidan so‘ng bemor butunlay tuzalgunga qadar, nevropatolog va tibbiy psixolog nazoratida bo‘ladi. Tibbiy psixolog bemorga nevropatolog tavsiya etadigan barcha dori-darmonlarni o‘zi mustaqil ravishda tavsiya etishga to‘la haqlidir. Shu bilan birga u neyropsixologik diagnostika va neyropsixoreabilitatsiya muolajalarini keng qo‘llaydi. Albatta bemorni qayta hayotga qaytarishda reabilitolog vazifasi ham juda katta.
Savol: Zarifboy Rajabovich! Sizni O‘zbekistonda neyropsixologiya bo‘yicha birinchi doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan olim deyishadi. Akademik A.R. Luriyaning 100 yillik yubileyida ham O‘zbekistondan faqat siz ishtirok etgansiz. Neyropsixolog o‘zi kim? Bizda bu yo‘nalishni rivojlantirish imkoniyatlari qanday? Bu haqiqatan ham murakkab fanmi?
Javob: Neyropsixolog – nevrologiya va psixologiya ilmini chuqur biladigan mutaxassis. Neyropsixologlar tibbiy psixologiya kafedralarida etishib chiqishadi. Psixologiyaning boshqa yo‘nalishlaridan farqli o‘laroq, ularga nevrologiya ilmidan chuqur saboq beriladi. Chunki nevrologiyani bilmasdan turib, neyropsixolog bo‘lib bo‘lmaydi.
Respublikamizda birinchi bor neyropsixologiyani o‘qitishni yo‘lga qo‘yganimizni alohida ta’kidlash lozim. Chunki barcha davlatlarda neyropsixologlar aynan tibbiy (klinik) psixologiya kafedralarida etishib chiqadi. Buning uchun biz neyropsixologiyaning har bir mavzusi bo‘yicha metodik tavsiyanomalar ishlab chiqdik, neyropsixologik tekshirish usullarini o‘zbek tiliga o‘girdik, keng qo‘llaniladigan neyropsixologik testlar o‘zbek tilida tayyorlandi va O‘zbekiston hududiga modifikatsiya qilindi. Hozirda neyropsixologiya bo‘yicha o‘quv adabiyotini tayyorlash ustida ish olib borilmoqda.
Savol: Viloyatlarda joylashgan tibbiyot institutlarida tibbiy psixologiya va psixosomatik tibbiyotni targ‘ibot qilish ishlari qanday ketayapti?
Javob: Men Andijon, Samarqand, Buxoro, Nukus, Urganchga borib tibbiyot institutlarining yuqori kurs talabalari bilan uchrashganman, ba’zi viloyatlarda bir necha bor bo‘lganman, ularga tibbiy psixologiya va psixosomatik tibbiyotning amaliy tibbiyotga naqadar zararlugi borasida davra suhbatlarimini o‘tkazaman. 2015 va 2016 yillari “Tibbiy psixolog. U kim” mavzusida savol-javoblardan iborat 1500 dona metodik qo‘llanma ishlab chiqib ushbu institutlar talabalariga bepul tarqatdik. Shuningdek, tibbiy psixologiyaning maxsus saytini asab.cc yaratdik. Hozirda bu saytga tibbiy psixologiyaga oid barcha materiallar o‘zbek, rus va ingliz tillarida joylangan. 2017 yili Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch va Nukus shaharlarida 200-300 nafar umumiy amaliyot vrachlarini yig‘ib “Vrach amaliyotida psixosomatik tibbiyot” mavzusiga oid davra suhbatlari uyushtirganmiz.
Savol: Tibbiy psixolog tinchlantiruvchi dorilardan tashqari boshqa dorilarni ham mustaqil ravishda tavsiya etishga haqlimi?
Javob: Tibbiy psixologlar avvalombor vrach ekanliklarini unutmaslik lozim. Ular har qanday toifaga kiruvchi dori-darmonlarni bemorlarga mustaqil ravishda tavsiya etishga to‘la haqli. Chunki organizmda ro‘y beradigan har qanday kasalliklar psixogen buzilishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shunday ekan tibbiy psixolog asosiy sababni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan dori vositalarini o‘zi mustaqil ravishda tavsiya eta oladi. Tibbiy psixologning vrachdan farqi shundaki, u psixologiya ilmini ham chuqur biladi va psixodiagnostika, psixoprofilaktika, psixogigiena, psixoterapiya va psixoreabitilatsiya usullarini keng qo‘llaydi.
Savol: Tibbiy psixolog bemorni KT, MRT, ultratovush va laboratoriya tekshiruvlariga mustaqil ravishda yuborishi mumkinmi?
Javob: Albatta mumkin! To‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun zarur bo‘lgan har qanday diagnostika usullariga bemorni tibbiy psixologning o‘zi yuborishi zarur. Masalan, bemordagi psixoz (ruhiy qo‘zg‘alish) jigar zararlanishi sababli rivojlandi deylik. Bunday bemorni ko‘rgan tibbiy psixolog jigarni ultratovush usuli bilan tekshirishga yuboradi, qonda fermentlar miqdorini aniqlaydi va h.k. Shu yo‘l bilan u psixoz sababini izlab topadi va uni bartaraf etadi. Agar bemorga jigar faoliyatini yaxshilovchi dorilar berilmasa, psixozni ham bartaraf etib bo‘lmaydi. Tabiiyki bu erda terapevt va infektsionist yordami ham kerak bo‘ladi.
Savol: Bolalar va o‘smirlar psixologiyasi haqida nima deya olasiz?
Javob: Bilasizmi, aksariyat Evropa davlatlarida bolalardagi hulq-atvor buzilishlarini psixotrop dorilar bilan davolashga keskin cheklovlar qo‘yilmoqda. Chunki bunday dorilar hulq-atvorni joyiga keltiradi, biroq bolaning aqliy rivojlanishiga jiddiy ziyon etkazadi. Shu bois ham bu boradagi o‘quv qo‘llanmalari qayta ko‘rib chiqilmoqda.
Savol: Bunday bolalarni psixologik yo‘l bilan tuzatsa bo‘lmaydimi?
Javob: Yo‘q! Umumiy psixologlarning bunga kuchi etmaydi. Bunday bolalar va o‘smirlarni maxsus tibbiy-psixologik dasturlar orqali davolashadi. Biz bolajon Respublikamizda “Bolalar va o‘smirlarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish” dasturini ishlab chiqishimiz kerak. Bu muammo ham kechiktirib bo‘lmaydigan muammolardan biridir. O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar orasidagi hulq-atvor hamda psixosomatik buzilishlarni hanuzgacha psixiatrlar davolab kelishmoqda. Buning asoratini biz har kuni ko‘rib turibmiz, chunki 15 yoshgacha psixotrop dorilarni tavsiya etish aksariyat davlatlarda man qilingan. Shuning uchun ham Rossiya bu amaliyotdan voz kechib, bu masalani to‘la-to‘kis “Tibbiy psixolog” larga yuklagan. Xalqimiz mentalitetidan kelib chiqadigan bo‘lsak, ota-ona ertaga turmushga chiqadigan qizi yoki uylanadigan o‘g‘lini psixiatrga olib bormaydi.
Savol: Zarifboy Rajabovich! Psixiatrning tibbiy psixologdan farqi nimada?
Javob: Psixiatr shaxsning keskin o‘zgarishi bilan namoyon bo‘luvchi ruhiy buzilishlarni davolaydi. Masalan, shizofreniya va o‘z joniga qasd qilish bilan namoyon bo‘luvchi ruhiy kasalliklar. Bunday bemorlar o‘zi va atrofdagilar hayotiga havf solishadi. Psixologik usullarni chuqur o‘zlashtirgan psixiatrlar ham psixiatr, ham tibbiy psixolog bo‘lib ishlashlari mumkin. Psixiatriya tibbiy psixologiyaga juda yaqin fandir. Avvallari tibbiy psixologlarni psixiatriya kafedrasida tayyorlashgan. Hozirda tibbiy psixologlarni tibbiy psixologlarning o‘zlari tayyorlashadi.
Savol: Psixonevrologlar haqida ham ma’lumot bersangiz.
Javob: Psixonevrolog – hulq-atvorning turli darajada buzilishlari bilan namoyon bo‘luvchi kasalliklarni davolovchi vrach. Masalan, nevroz, isteriya, psixoz, fobiya, depressiya va h.k. Demak, biroz engil ifodalangan ruhiy buzilishlarni psixonevrologlar davolashadi. Psixiatriya bo‘yicha maxsus kurslarni va magistraturani tugatgan mutaxassislar psixonevrolog bo‘lib ishlashadi. Ular asosan psixonevrologik dispanserlarda faoliyat ko‘rsatishadi. Endilikda tibbiy psixologiya bo‘yicha magistraturani tugatganlarga ham psixonevrologik dispanserlarda psixonevrolog bo‘lib ishlashi mumkin.
Savol: Tibbiy psixolog qanday tibbiy maskanlarda ishlashi kerak?
Javob: Ular turli ixtisoslikdagi barcha ilmiy-tibbiy markazlarda, viloyat, shahar va tuman tibbiyot birlashmalarida ishlashadi. Kardiologiya, pediatriya, ginekologiya, nevrologiya, psixonevrologik dispanserlar, urologiya, tez tibbiy yordam, sil kasalliklari shifoxonasi, OITS ga qarshi kurash markazi, turli sihatgohlar, bolalar va o‘smirlar shifoxonalari va h.k.
Savol: Shu erda psixoterapevtlar haqida ham ma’lumot bersangiz. Psixoterapevt kim? Ularni qaerda tayyorlashadi?
Javob: Psixoterapevt – bemorni davolashda psixologik usullarni keng qo‘llovchi vrach. Demak, psixoterapevt – u vrach. Bunday kasb egalari “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” kafedralarida etishib chiqadi. Ular ham “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha magistratura va klinik ordinaturani tugatishlari kerak.
Savol: Zarifboy Rajabovich! Hozirgi davrni “Stress asri” deyishadi. Odam qattiq stressga tushib qolsa, kimga murojaat qilishi kerak.
Javob: Albatta bunday paytlarda Tibbiy psixologga murojaat qilishadi. Masalan, deyarli barcha davlatlarda, hatto MDH davlatlarida ham “Stress markazlari” bor. Bunday markazlarning asosiy ishchilari – tibbiy psixologlar. Xudoga shukr bizda tinchlik! Siz bir ko‘z oldingizga keltiring: O‘zbekistonda qandaydir bir tabiiy ofat yoki boshqa bir ommaviy falokat yuz bersa, ko‘plab insonlar, shu bilan birga ayollar, keksalar va yosh bolalar jabr ko‘rsa, kim ularga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatadi. 1966 yili Toshkent shahrida kuchli zilzila bo‘lganda aholi orasida nevroz, insult va infarkt ko‘payib ketgan. Bundaylarga umumiy psixologlar yordam ko‘rsata olmaydiku?! Siz horij praktikasiga bir nazar tashlang. Bunday paytlarda tibbiy psixologlar armiyasi kerak bo‘lib qolishi mumkin. Men “Tibbiy psixologning kvalifikatsion tasnifi” ni tuzib chiqqanimda “Tabiiy ofatlar va boshqa ommaviy jabrlanishlarda aholiga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish” tartib-qoidalarini ham alohida ko‘rsatib o‘tganman. Xudo saqlasin shunday vaziyat ro‘y bersa, biz nima qilamiz, qo‘limizda “Tibbiy-psixologik yordamga oid” dastur yo‘q-ku? – deb sog‘liqni saqlash vaziri muoviniga ham aytganman.
Savol: Reaktsiya yo‘qmi?!
Javob: Aslo yo‘q! Xatto Respublikada tez tibbiy yordamni kuratsiya qiladigan bitta vazir muovini “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” ni butunlay yopish masalasini ko‘targan. Respublikada tibbiy ta’limni kuratsiya qiladigan Vazirning boshqa bir muovini “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” ni tibbiyot institutlarida o‘qitishni yo‘qotish payida.
Savol: O‘zbekistonda “Tibbiy psixologiya va psixosomatik tibbiyot” ni rivojlantirish uchun nima qilish kerak? Sizda bu borada harakatlar strategiyasi ishlab chiqilganmi?
Javob: Albatta ishlab chiqilgan! Men “Harakatlar strategiyasi” ni “Psixosomatik tibbiyot: muammo va echimlar” muammosiga bag‘ishlangan anjumanda bayon qildim. Bu chiqishimiz tashrif buyurgan olimlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Xatto Portugaliyalik olima Konstanta Paul bizda xanuzgacha psixosomatik tibbiyot amaliyotga tadbiq etilmaganligidan ajablandi.
O‘zbekistonda 2017-2021 yillarda “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” ni rivojlantirishga oid “Harakatlar strategiyasi” ni yil boshidayoq ishlab chiqqanmiz. Uning asosiy qismlarini keltirib o‘taman:
- Sog‘liqni saqlash Vazirligida “Tibbiy psixologning kvalifikatsion tasnifi” ni tasdiqdan o‘tkazish;
- “Tibbiy psixolog va psixoterapevt” lavozimini nomenklaturaga kiritib “Tibbiy psixolog” lar uchun ishchi o‘rinlarini yaratish;
- Tibbiyot institutlarida “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” kafedralarini tashkil etish, tibbiy psixolog va psixoterapevtlarni ushbu kafedralarda tayyorlash;
(Bunday kafedralarda ishlash uchun bizda “Tibbiy psixolog” diplomiga ega malakali kadrlar etarli) - Kardiologiya, terapiya, nevrologiya, neyroxirurgiya, ftiziatriya, OITS ga qarshi kurash markazi, pediatriya, ginekologiya, urologiya, teri-tanosil kasalliklari, shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazlarida va yirik shifoxonalarda “Psixosomatik tibbiyot” bo‘limlari, maslahat poliklinikalari va oilaviy poliklinikalarda “Tibbiy psixolog va psixoterapevt” kabinetlarini ochish;
- Oliy attestatsiya komissiyasida “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” shifrini yaratish va ilmiy kadrlarni tayyorlashni jadallashtirish;
- O‘zbekistonda psixogen va psixosomatik buzilishlar profilaktikasini yo‘lga qo‘yish uchun davolash-profilaktika muassasalari tarkibida “Psixogigiena va psixoprofilaktika” laboratoriyalarini yaratish. Uning bolalar va o‘smirlar uchun ishlaydigan bo‘limlarini ham ishga tushirish;
- Turli hududlarida psixosomatik kasalliklarning aholi orasida tarqalish darajasini o‘rganish uchun “Maxsus registr” yaratish va “Klinik protokol” ishlab chiqish;
- Barcha tez tibbiy yordam markazlarida “Aholiga tez tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish” xonalarini tashkil etish;
- “Tibbiy psixologiya va psixosomatik tibbiyot” jurnalini ta’sis etish, Yosh tibbiy psixologlar maktabini yaratish;
- Ilmiy-tibbiy markazlar va tibbiyot institutlarida kognitiv psixologiya, psixokorrektsiya, psixoanaliz, psixogenetika hamda psixofiziologiya laboratoriyalarini tashkil etish;
- Rivojlangan xorij davlatlarining tibbiy psixologiya va psixosomatik tibbiyot Ilmiy markazlari bilan halqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish;
- Ommaviy falokatli holatlarda “Aholiga tez tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish” dasturini yaratish va bu borada ham maxsus o‘qitishlarni tashkil qilish, hamda Harbiy tibbiy ta’lim maskanlarida ham “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” kafedra yoki kurslarini ochish;
- O‘zbekistonda “Bolalar va o‘smirlar psixosomatik tibbiyot markazini” ochish yoki yirik “Psixosomatik tibbiyot Ilmiy markazi” ni yaratish va keyinchalik uning filiallarini viloyatlarda ishga tushirish.
Ko‘rdingizmi! Psixosomatik tibbiyot bilan bog‘liq oldimizda qanchadan-qancha ishlar bor. Talantli yoshlarimiz ham bor. Bu ishlarni amalga oshirish uchun yangi kafedralar, ilmiy laboratoriyalar va kerak bo‘lsa “Psixosomatik tibbiyot markazlarini” ochishimiz kerak. Chunki maxsus markazlardagina bu ishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish mumkin.
Agar O‘zbekistonda psixosomatik tibbiyot sog‘liqni saqlash tizimiga to‘la tadbiq qilinsa va uning psixodiagnostika, psixoterapiya, psixogigiena va psixoprofilaktika kabi yo‘nalishlari to‘la faoliyat ko‘rsatsa, sog‘liqni saqlashga ketadigan sarf-harajatlar 35-50 % gacha kamayadi.
Savol: “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yilida shifokorlarga qanday istak va tilaklaringiz bor?
Javob: Avvalombor shifokorlarimizning o‘zlariga sog‘liq-omonlik tilayman. Shifokorlik – bu o‘ta og‘ir va mas’uliyatli kasb. Men yosh shifokorlarimizga esa halq bilan muloqot yilida bemor bilan psixologik muloqot san’atini yaxshi o‘zlashtirishlarini tilab qolaman. Zero inson ruhiyatini o‘rganadigan asosiy qurol bu SO‘Z ekan, undan unumli foydalanaylik. Hammangizga yaxshi kayfiyat tilayman.
Zarifboy Rajabovich! Qiziqarli suhbat uchun Sizga minnatdorchilik bildiramiz.