Neyropsixolog, tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullaevga “Sihat-salomatlik” jurnali muxbirining savollari:
- “Kitob – oftob” deydilar. Insonning ma’naviy olamiga olamjahon nur olib kirishi ko‘zda tutilib, shu hikmat aytilgan bo‘lsa kerak. Bu haqda Siz nima deysiz?
Javob: Albatta! Obrazli qilib aytganda, osmonda insonlarga nur sochib turguvchi quyosh bo‘lsa, erda – kitobdir. Biz nafaqat dunyoni, balki o‘zimizni ham kitob orqali anglaymiz. “Kitob-oftob” degan naql shu bois yuzaga kelgan bo‘lsa ajab emas. Ba’zan odamlarni bilolmay qoldim, kimga ishonishingni bilmaysan, ular bilan qanday yo‘l tutishni ham bilmay boshim garang deguvchi hayotdan norozi ohangdagi iboralarni eshitib qolaman. Bunday muammolar echimi ham kitobda. Kitob insonga beg‘araz yordam beradi, evaziga hech narsa so‘ramaydi, kitob insonni ilmi qiladi, evaziga hech narsa so‘ramaydi, kitob sizning havfsizligingizni ta’minlaydi va h.k. Kitob – indamas do‘st hamdir. Boshqa do‘stlardan farqli o‘laroq, kitob hech qachon do‘stlikka hiyonat qilmaydi. Bunday o‘xshatishlarni juda ko‘plab keltirish mumkin. Shuning uchun ham men kitobni nondek aziz deb bilaman.
- Ko‘p kitob o‘qiydigan kishining davralardagi suhbati o‘ta mazmunli kechadi. Shu jarayonda u davradoshlarida yaxshi taassurot qoldirib, o‘zi ham izzat-obro‘ga ega bo‘ladi. Bunday davralarda bo‘lganingizda hayolingizdan nimalar kechgan?
Javob: Halqimiz orasida kiyimingga qarab kutib olishadi, aqlingga qarab kuzatib qo‘yishadi, degan naql bor. Ilmli odamning dushmani ko‘p bo‘lishi mumkin, biroq o‘sha odamlar ham bunday odamni ich-ichidan tan oladi, xatto unga o‘zi o‘xshamaganidan aziyat chekadi. Ilmli odam haqiqatan ham har qanday davrani mazmunli qila oladi, atrofidagilarni o‘ziga rom qilib yaxshi taasurot qoldiradi. Bir e’tibor qilingga, Sukrot yoki Konfutsiy davrida hozirgi kundagidek texnika bo‘lmagan. Dunyo so‘z orqali boshqarilgan. Nafaqat oddiy odamlar, balki shoxlar ham donolarga ergashgan. Texnika hayratomuz davrga etgan hozirgi davrda ham halq donolarga ergashadi, davlat rahbarlari ham ularga quloq tutadi. Ko‘rdingizmi, ilm har qanday zamonda ham qadrlangan. Hatto biror bir davlatni bosib olgan shohlar ham ilmlilarga tegmagan, balki ularni o‘zi bilan olib ketgan. Prezidentimiz har doim aytadilar: “Nimaiki qilsak, ilmga asoslangan bo‘lsin: hoh bu qishloq ho‘jaligi bo‘lsin, hox u davlat qurilishi bo‘lsin, hamma ishimiz ilmga asoslansin”
- Kitob do‘konlari peshtaxtalari liq to‘la. Demak, bugungi tezkor va sershitob davrda vaqtni yaxshi kitoblar o‘qishga sarflash kerakka o‘xshaydi. Tanlab o‘qishning aynan ayni vaqti keldi, shundaymi?
Javob: Albatta! Men birovga kitobni zo‘rlab o‘qitishga qarshiman. Shunday sharoit yaratish kerakki, odamning o‘zi kitob o‘qishga majbur bo‘lsin, uni qiynayotgan muammoga echimni kitob o‘qib topsin. Mening otam “Til va adabiyot” dan oddiy maktabda dars berganlar va o‘ta ziyoli odam bo‘lganlar, bizning uydagi kitoblar soni ikkita maktabdagi kitoblardan ko‘p edi. Otam deyarli hamma jurnallarga obuna bo‘lganlar. Biz kambag‘al yashaganmiz, oilada 8 nafar farzand bo‘lgan. Otam yangi kitob bo‘lsa, darrov sotib olardilar. Bizning uyda hamma kitob o‘qirdi. Otam kitob o‘qi demaganlar, biroq o‘zlari o‘qigan asarlarni shunaqa qiziqarli qilib aytib boshlardilarki, keyin qolgan qismini qiziqib o‘zimiz o‘qishga kirishib ketardik. Otam “Bolaga ovqatni zo‘rlab edirib bo‘lmaydi, kitobni zo‘rlab o‘qitib bo‘lmaydi” deb aytadiganlari esimda. Faqat qiziqtirish, qiziqtirish va yana qiziqtirish, der edilar. Qiziqtirish yo‘lini har bir ota ona yoki o‘qituvchi o‘zi o‘ylab topishi kerak.
- Aytaylik, shifokorlardan “Qanday badiiy kitob o‘qiyapsiz?” deb so‘ralsa aksariyati “vaqt topolmayapman” deyishadi. Axir shifokor kitob o‘qisa uning so‘z boyligi ortadi, bemor bilan chiroyli so‘zlashishga odatlanadi, qalbida ezgulik ildiz otadi. Bu fikrlarga qo‘shilgan holda, Sizning mulohazalaringiz qanday?
Javob: Men kitob o‘qimaydigan shifokorni tasavvur qila olmayman. Oddiy shifokor ham kitob o‘qishga majbur bo‘ladigan holatlar juda ko‘p. Masalan, hozirgina yoningizga kam uchraydigan nasliy kasallik bilan bemor keldi. Deylik, tashxis qo‘yishda qiynalib qoldingiz. Bemorni qon analizlariga yuborib, shifokor darrov qo‘liga kitob olib o‘sha kasallikka oid ma’lumotlarni kitobdan o‘qib ko‘rishi kerak. Shifokorlarimiz bitta narsani eslarida tutishlari kerak: Agar boshqa kasb egasi kitob o‘qisa, o‘zining ilmi oshadi, agar shifokor kitob o‘qisa, kimningdir hayoti saqlanib qoladi yoki o‘sha inson darddan xalos bo‘ladi. Ko‘rdingizmi, shifokorning kitob bilan do‘stlashishi naqadar muhim.
- Siz “Madaniyat va ma’rifat” kanalida Nodir Jonuzoqning “Og‘ir holatga tushib qolsangiz kimga maslahat solasiz, kimga murojaat qilasiz” degan savoliga: “Hech qanday mubolag‘asiz ayta olaman: Kitobga” deb javob bergansiz. Aytingchi, Siz o‘zingizni yaxshi kitobxon deb hisoblaysizmi?
Javob: Albatta! Men bir kun ham o‘zimni kitobsiz tasavvur qila olmayman. O‘zim ham bir nechta kitoblar yozganman. Xatto bir necha yil oldina kitob haqida she’r ham bitganman. Keling Sizlar chop qila qolinglar shu she’rni:
Kitob
Ziyo beraman deb dunyoga kelding,
Ko‘zlariga surib o‘qishdi seni.
Haqiqatni so‘zlab boshlaganingda,
Gulxanlarga otib yoqishdi seni.
Tilsiz, unsiz bo‘lganing bilan,
Iching to‘la ma’nodir sening.
Agar sen ham bo‘lmaganingda,
Bo‘lurmi hayvondan farqi odamning.
Dunyo turguncha turgin iloyim,
Jaxolatdan asrab odamlarni sen.
Ziyo taratishda tinmagin sira,
Bizdan keyin ham yashavergin sen.
6. Hozirgi paytda kitobxonlik keng targ‘ib qilinmoqda. Sizning oilangizda kitobga munosabat qanday?
Javob: Oilamizdagilarning barchasini kitobxon deb ayta olmayman. To‘g‘risini aytsam, farzandlarimdan bittasi kitobga qiziqmaydi (mayli otini aytmay qo‘ya qolay, hafa bo‘lmasin). Lekin bu farzandim ham o‘ta oriyatli, tarbiyali, dasturxon atrofida aytiladigan turli o‘gitlarga, hikoyalarga juda qiziqadi, tinglaydi. Ishonamanki, albatta u ham kitob oftob ekanligini anglab etadi. Axir Eynshteyn ham sal kech bo‘lsa-da, kitobga qaytganku!