Yangiliklar Yangiliklar NEVRASTENIYa VA HOMILADORLIK HAQIDA NIMALARNI BILASIZ?

NEVRASTENIYa VA HOMILADORLIK HAQIDA NIMALARNI BILASIZ?


 

  1. Nevrasteniya – qanday kasallik?

Javob: Nevrasteniya (yun. neuron – nerv, astenia – zaiflik) asab zaifligi degan ma’noni anglatadi. Nevrasteniya – nerv sistemasining funktsional kasalligi hisoblanadi, ya’ni bu kasallikda miya to‘qimalari zararlanmaydi, ularning funktsiyasi vaqtincha izdan chiqadi, xolos. Nevrasteniya – nevrozning bir turi hisoblanadi. Nevrozning turi ko‘p. Masalan, isteriya, miyadan ketmaydigan fikrlar nevrozi va h.k.

  1. Qanday omillar bu kasallikni yuzaga keltiradi?

Javob: Asosan, doimiy  stress va ruhiyatni charchatuvchi turli psixogen omillar nevrasteniyaga olib keladi. Dam olmay ishlash, ruhiy va aqliy zo‘riqishlar (qoniqtirilmagan aqliy zo‘riqishlar), uzoq davom etadigan oyilaviy majoralar, ishdagi doimiy ziddiyatli holatlar va h.k. Nevrasteniyaning sabablarini ketma-ket sanayverish mumkin. Umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, miya faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi har qanday psixogen omillar nevrasteniya rivojlanishiga turtki bo‘ladi.

Nevrasteniya nafaqat jahldor, balki o‘ta andishali odamlarda ham rivojlanadi. Andishali odam janjal chiqqanda hissiyotga zo‘r bermaslikka va o‘zini boshqarib turishga harakat qiladi, birovning ko‘nglini og‘ritib qo‘ymay, deydi. Bu holatlar ham nevrasteniya shakllanishiga turtki bo‘ladi. Shuningdek, uzoq davom etuvchi og‘ir kasalliklar ham nevrasteniyaga olib kelishi mumkin.

  1. Nevrasteniya bilan homiladorlik orasida qanday bog‘liqlik bor?

Javob: Homiladorlik davrida injiqlik, tez asabiylashish, darrov  hafa bo‘lib yig‘lab yuborish, kayfiyat past bo‘lib yurish kabi holatlarni ko‘p kuzatish mumkin. Nima uchun shunday bo‘ladi? Axir men ayolimga juda yaxshi munosabatda bo‘lamanku? Shunda ham asabiy bo‘lib qolgan, degan gaplarni eshitamiz. Albatta, homiladorlik davrida nevrasteniya rivojlanishiga sababchi bo‘luvchi omillar – bu organizmda kislorod, yod, magniy, fosfor va kaltsiy hamda boshqa mikroelementlarga (letsitin, folat kislotasi, glutamin kislotasi) talabning oshishidir. Homiladorlik davrida miya faoliyati uchun zarur bo‘lgan ushbu moddalarni bir xil me’yorda ta’minlab turish ancha mushkul.  Shu bois ham homiladorlik davrida “sababsiz” nevrasteniyani ko‘p kuzatamiz. Demoqchimanki, oilada psixologik muhit yaxshi, biroq homilador ayolda nevrasteniya bor. Shuning uchun ham homilador ayolning ovqatlanish ratsioniga ham katta e’tibor qaratish lozim.

  1. Homiladorlik davrida bu kasallik qanday kechadi?

Javob: Boshqalarda qanday kechsa xuddi shunday kechadi. Tez asabiylashish, jahldorlik, uyqu buzilishi, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, umumiy holsizlik, yurak urib ketishi, ko‘p terlash, parishonxotirlik, kabi belgilar ko‘p kuzatiladi.

  1. Nevrasteniyaning homilaga ta’siri bormi?

Javob:  Albatta ta’siri bor. Doimiy nevroz holatida yurgan homilador onadan kechalari uxlamay yig‘lab chiqadigan injiq bola tug‘iladi. Bunday holatlarda “bola xuddi sanga o‘xshagan nervnыy” qabilidagi ayblovlar boshlanib ketadi. Xatto emizikli onani ham asrab-avaylash kerak. Chunki doimiy nevroz holatidan yurgan ona sutidan adrenalin ajralib sut orqali bolaga o‘tadi va bu ham bolani doimiy yig‘loqi va injiq qilib qo‘yadi. O‘zingiz bir tasavvur qiling 3 yoshgacha bolaga “adrenalin” emizilsa, oqibati nima bo‘ladi? Yosh ota-ona o‘zaro janjallashaverib o‘zlarining zurriyotini “adrenalin” bilan zaharlab yurishdan ehtiyot bo‘lishlari kerak. Yaxshiyam nevrasteniya o‘tib ketuvchi kasallik?

  1. Tug‘ruqdan keyin ham bu kasallik davom etadimi?

Javob:  Agar yuqorida zikr qilingan psixogen omillar davom etaversa, nevrasteniya ham davom etaveradi. Men TV ga bergan intervyuimda “Nevrasteniya ham yuqumli kasallik, oilada birov ushbu kasallik bilan og‘risa, bu kasallik belgilarini oilaning boshqa a’zolarida ham uchratasiz” deb aytgan edim. Albatta, bu obrazli o‘xshatish. Biz hammamiz bilamiz, oilada kim “nervnыy” bo‘lsa, qolganlar ham shunday bo‘lishi ehtimoli juda yuqori.

  1. Nevrasteniyada qanday davo choralari olib boriladi?

Javob: Nevrasteniyada davolash muddati va natijasi ko‘proq uning to‘g‘ri olib borilishiga bog‘liq. Davolashni boshlashdan oldin nevrasteniyaga olib keluvchi sabablar aniqlanishi va ular bartaraf etilishi kerak. Asosiy sabablar bartaraf qilinganda, aksariyat bemorlarda davolashni davom ettirishga hojat ham qolmaydi, ular tuzalib ketishadi. Lekin ba’zi hollarda nevrasteniyaning sababini aniqlash va uni bartaraf etish ancha mushkul. Bemorning oilaviy ahvoli va ishlash sharoiti bilan tanishib, unga dam olib ishlash, ertalabki va kechqurungi sayrlar, vitamin va minerallarga boy ovqatlar ist’emol qilish, teatr va kinolarga borib turish tavsiya etiladi. Bu tavsiyalar homilador ayollarga ham taalluqli.

  1. Nevrasteniya onadan bolaga o‘tadimi?

Javob:  Bu savolga yuqorida javob berib o‘tdim. Biroq nevrasteniya ruhiy kasallik emas va nasldan-naslga o‘tmaydi.

  1. Nevrasteniyaning umumiy davolash choralari qanday?

Javob: Nevrasteniyani tibbiy psixolog davolaydi. Har qanday vaziyatda ham nevrasteniyani davolash mumkin. Albatta bu ish bilan tibbiy psixologlar shug‘ullanishadi. Shu yil avgust oyidan boshlab barcha davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy psixologlar faoliyat ko‘rsatib boshlashadi. Bu borada Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘i chiqqan. Nevrasteniyada tinchlantiruvchi dorilarga ruju qo‘ymaslik kerak. Rivojlangan davlatlarda nevrozlarni davolash bilan nevrologlar emas, asosan tibbiy psixologlar va psixoterapevtlar shug‘ullanishadi. Xuddi psixosomatik sindromlarni davolashda ishlatiladigan psixodinamik terapiya nevrozlarni davolashda keng qo‘llaniladi. Freyd nazariyasining yaratilishiga ham nevrozlarni davolashga urinish turtki bo‘lgan.

Toshkent tibbiyot akademiyasi professori,

neyropsixolog Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив