MIYa IChKI BOSIMI OShIShI-ALOHIDA KASALLIKMI?
- Miyaning ichki bosimi deganda nimani tushunamiz?
- Bu kasallik keng tarqalganmi?
- Alomatlari qanday?
- Tashxis qo‘yish qoidasi qanday?
- Yana qanday kasalliklarda miya ichki bosimi oshadi?
Odamlar orasida “cherepnoe davlenie” iborasi shu qadar keng tarqalganki, ba’zida chuqur o‘yga tolasan kishi. Bu tashxisni qo‘ymaydigan vrach qolmadi, shekilli. Aslida chuqur nevrologik tekshiruvlar asosida aynan nevropatolog tomonidan qo‘yiladigan bu tashxisni nega boshqa toifa vrachlari ham qo‘ymoqda? Ularning bunga yuridik huquqi bormi? Aksariyat odamlar arterial qon bosimidan emas, “cherepnoe davlenie”dan qo‘rqadigan bo‘lib qolgan. Nima uchun? Endi tug‘ilgan chaqaloqqa ham shu tashxisni qo‘yishyapti, qari odamlarga ham. Nima, bu kasallik shu qadar ko‘p tarqalganmi yoki asossiz tashxislar ko‘payganmi? Muxlislarni va mening qabulimga kelayotgan aksariyat bemorlarni bunday savollar ko‘p qiziqtirishi bois, ularga batafsil javob berib o‘tishni lozim topdim.
Savol: Miyaning ichki bosimi oshishi shu qadar ko‘p tarqalganmi yoki bu tashxisni qo‘yish ko‘payganmi? Hozirgi udum bo‘lib qolgan ibora bilan aytganda “cherepnoe davlenie” nima o‘zi?
Javob: Kalla suyagi ruschasiga “cherep”, lotinchada “sranium” deb yuritiladi. Rus tilidagi “Vnutricherepnoe davlenie” o‘zbekchaga “kalla suyagi ichki bosimi” deb tarjima qilinadi. O‘zbek tibbiy tilida men “intrakranial gipertenziya” iborasini ko‘p ishlataman. Kitoblarimda ham shunday yozganman. “Gipertenziya” atamasi “yuqori bosim” degan ma’noni anglatadi. Masalan, arterial gipertenziya, intrakranial gipertenziya. Xalqimizga tushunarli bo‘lishi uchun bugungi suhbatimizda “miyaning ichki bosimi” iborasini ishlata qolamiz.
Xo‘sh, miyaning ichki bosimi oshishi yoki intrakranial gipertenziya haqiqatan ham ko‘p tarqalganmi? Aslo yo‘q! Bosh og‘riqlar sababi ichida miyaning ichki bosimi oshishi bor-yo‘g‘i 12 foiz xolos. Mening hisob-kitoblarimga ko‘ra, turli vrachlar tomonidan bunday tashxislarni qo‘yish 70 foizdan oshib ketdi.
Bu juda ko‘p! Ko‘rib turganingizdek asl ko‘rsatkichlardan deyarli 5 barobar ko‘p…
Negaki bu tashxisni faqat shifokorlar emas, odamlar ham o‘zlariga-o‘zlari shu tashxisni qo‘yyapti. Hatto mahallaning eski do‘koni oldida qurt va pista sotib o‘tiradigan onaxonning yoniga borib mening boshim qattiq og‘riydi, doimo og‘riydi, desangiz “Sizda cherepnoe davlenie” oshgan, deb javob beradi.
Men Toshkent tibbiyot akademiyasida 1994 yildan buyon talabalarga nevrologiyadan ma’ruza o‘qiyman. O‘sha paytlari kompyuter tomografiyasiO‘zbekistonga endi kirib kelgan yillar edi. Ushbu aniq tashxis qo‘yuvchi uskuna paydo bo‘lgach, asossiz nevrologik tashxislarni qo‘yish kamayadi, deb o‘ylovdim. Afsuski, battar ko‘paydi.
Bir kuni ma’ruza o‘qiyotgan paytimda talaba qizlardan biri: “Ustoz, miyaning ichki bosimi oshishi aholi orasida ko‘p tarqalganmi?” – deb so‘rab qoldi. Men unga: “Singlim, bugun darsdan keyin avtobus bekatiga boring-da, (albatta,oq xalat kiymasdan) nafaqaga chiqib, zerikkanidan pista sotib o‘tirgan sotuvchi ayoldan: “Boshim tinmay og‘riydi, nima qilsam ekan-a?” – deb so‘rang. Albatta, u sizga “Doktorga boring qizim”, deydi. Siz biroz kutib turing-da, yana shu savolni bering. Shunda nafaqaxo‘r ayol: “Qizim, sizda “cherepnoe davlenie” oshgan”, deb javob berishi tabiiy.
Ertasi kuni navbatdagi ma’ruzani endi boshlagandim hamki, haligi talaba qizimiz kecha bo‘lgan voqeani to‘lqinlanib gapira boshladi:“Tavba! Ustoz, xuddi siz aytgandek bo‘ldi. O‘sha ayol menga ikkinchi savoldan keyin “Qizim senda cherepnoe davlenie oshgan”, dedi. Ma’ruza zalidagi 150 dan oshiq talaba kulib yubordi. Men talabalarga qarab: “Institutni tugatgach sizlar ham bu tashxisni bo‘lar-bo‘lmasga qo‘yavermaslik uchun yaxshi o‘qinglar”, dedim. Men ahyon-ahyonda ma’ruza paytida talabalarga shunaqa topshiriq berib turaman. Ular ko‘chada har xil odamlarga shu savolni berib, deyarli har doim “Sizda cherepnoe davlenie oshibdi”, degan javobni oladi.
Hozir “Shifo-info”ni o‘qib o‘tirgan muxlislarimiz ham ko‘chaga chiqib duch kelgan odamdan “Boshim tinmay og‘riydi, nima qilsam ekan”, deb so‘rasin. Aksariyat javoblar quyidagicha bo‘ladi: “Sizda cherepnoe davleniya oshibdi”… Go‘yoki bu dunyoda bosh og‘riqqa olib keladigan boshqa sabab yo‘qdek! Kimning boshi og‘risa ushbu tashxisni qo‘yishmoqda.
Savol: Balki rostdan ham bu kasallik ko‘p uchrar?! Tinmay bosh og‘rishi –cherepnoe davlenie belgisi emasmi axir?
Javob: Barcha bosh og‘riqlar sabablari ichida miyaning ichki bosimi oshishi bor-yo‘g‘i 10-12 % ni tashkil qiladi. Boz ustiga, “miyaning ichki bosimi” degan tashxis yo‘q. Miyaning ichki bosimi hammada bor. Uni likvor bosimi deb ham atashadi. Likvor (miya suyuqligi) bosimi gorizontal holatda 100-200, o‘tirgan holatda 200-400 mm suv ustuniga teng. Xuddi arterial qon bosim kabi. Masalan, arterial qon bosim hammada bor va u normada 120/70 mm. simob ustuniga teng. Ba’zi katta yoshdagilarda 140/90 mm simob ustuni ham me’yor hisoblanadi. Arterial qon bosim o‘lchov birligi – mm simob ustuni bilan yoziladi, likvor bosimi esa mm suv ustuni deb yoziladi. Aslida likvor bosimini aniqlash uchun orqa miya suyuqligi olib tekshiriladi.
Savol: Shifokorlar meningit (miya pardalari yallig‘lanishi) bilan shifoxonaga tushgan bolaning orqa miyasidan likvor suyuqligini olib tekshirish lozimligini aytishadi. Ammo ba’zi ota-onalar bunga rozilik berishmaydi. Chunki boladan miya suyuqligi olinsa, keyinchalik u aqli zaif bo‘lib qoladi, deb o‘ylashadi. Shu to‘g‘rimi?
Javob: Mutlaqo noto‘g‘ri! Aksincha, meningit bo‘lgan boladan shifoxonada orqa miya suyuqligi (likvor) olib turilmasa, u keyinchalik aqli zaif bo‘lib qolishi mumkin. Nafaqat aqli zaif, balki bunday bola jismoniy rivojlanishdan ortda qoladi va turli asoratlar bilan tuzaladi.
Ayniqsa, yiringli meningitni lyumbal punktsiya (orqa miyadan suyuqlik olib tekshirish amaliyoti) qilmasdan davolash o‘ta xavfli. Orqa miya, albatta, punktsiya qilinishi kerak.
Izoh: bosh miya va orqa miya pardalari orasidagi bo‘o‘liqda miya suyuqligi doimo aylanib turadi. Shuning uchun ham beldan punktsiya muolajasi o‘tkazilibi, orqa miya suyuqligi olinsa, bilingki, butun bosh miya ichi va atrofidagi likvor holati tekshirilgan bo‘ladi.
Bu kasallik odatda, 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Mazkur kasallikka chalingan bolalarda har 2-3 kunda beldan punktsiya qilib, orqa miya suyuqligini olib turish kerak. Natijada, miya pardalari orasidagi yiringli likvor tozalanib, uning o‘rniga buloq suvidek toza likvor ishlab chiqariladi.
Miya qorinchalarining maxsus o‘siqchalarida bir kunda 350-450 ml likvor ishlab chiqariladi va shunchasi qayta so‘riladi. Ko‘rdingizmi, qancha ko‘p! Bu esa miyaning sog‘lom faoliyat ko‘rsatishi uchun juda zarur.
Mana hozir suhbatimiz “miya ichki bosimi” haqida ketyapti. Aynan yiringli meningit – bolada miya ichki bosimini keskin oshiradigan kasalliklar ichida birinchi o‘rinda turadi. Bu bosimni faqat beldan likvor olib pasaytirish mumkin. Aks holda, miyaning ichki bosimi oshaverib miya to‘qimasini eza boshlaydi va bola komaga tushadi. Bilasizmi, meningit sababli komaga tushgan bolaga 2-3 soat ichida beldan punktsiya qilib ortiqcha likvor olinsa, u o‘sha kuniyoq hushiga keladi.
Savol: Nega unda ba’zi infektsionist-vrachlar “Bolangizning belidan punktsiya qilib miya suyuqligini olishimiz kerak. Shunga rozimisiz?” deb so‘rashadi. Ota-ona, tabiiyki, qo‘rqadi…Ushbu tibbiy muolaja shu qadar muhim ekan, uni ota-onadan so‘ramay qilishaversa bo‘ladi-ku?
Javob: Meningit bo‘lgan bolada orqa miya suyuqligini olib tekshirish uchun vrachning ota-onadan ruxsat olishi – bu bo‘lmagan gap! Men bunaqa qoidani eshitmaganman. Unday bo‘lishi mumkin ham emas. Lyumbal punktsiya – tibbiy ko‘rsatmalar asosida vrachning o‘zi hal qiladigan muolaja. Uni o‘tkazish yoki o‘tkazmaslikni faqat vrachning o‘zi hal qiladi. Meningitni lyumbal punktsiya qilmasdan davolash – bu o‘lim va og‘ir asoratlar sababi deyavering. Agar ba’zi shifoxonalarda shunday qoidalar haliyam hukm surayotgan bo‘lsa, bunga zudlik bilan chek qo‘yish kerak. Bundan tashqari, miya loyqali likvordan tozalanib tursa, uning o‘rniga toza likvor ishlab chiqarilib turadi. Likvor tahlili orqali meningitni qaysi mikrob chaqirgani anqilanadi va eng zarur antibiotik tanlanadi va h.k. Umuman olganda, reanimatologlar ishiga ota-onalar aralashmagani ma’qul.
Savol: Qachon miyaning ichki bosimi oshadi?
Javob: Avvalombor men sizga miya ichki bosimi oshishi sabablari haqida ma’lumot bersam. Hali aytib o‘tganimdek, bu patologik holatning asosiy sabablaridan biri – bu miya pardalarining o‘tkir yallig‘lanishi, ya’ni meningitlar. Keyinchalik entsefalitlar (miya to‘qimasi yallig‘lanishi), bosh miya jarohatlari, leptomeningit va xorioependimatitlar.
Leptomeningit – bu miya pardalarining surunkali yallig‘lanishi bo‘lib, uning ham asosiy belgilari bosh og‘riqlardir. Leptomeningit meningitga o‘xshagan og‘ir kasallik emas. Meningit yuqumli kasallik va uni infektsionist davolashi kerak, leptomeningit esa umuman yuqmaydi va uni nevropatolog davolaydi. Leptomeningitda miyaning ichki bosimi har doim ham oshavermaydi. Xorioependimatit – bu miya qorinchalarining ichki devori yallig‘lanishi. Aynan mana shu ichki devor (ependima) likvor ishlab chiqaruvchi va ortiqcha likvorni qayta so‘ruvchi o‘siqchalardan iborat.
Ushbu rasmda miya suyuqligi aylanib yuradigan miya qorinchalari hamda paradalar orasidagi bo‘shliq ko‘rsatilgan.
Bu kasallik deyarli har doim miyaning ichki bosimi oshishi bilan boshlanadi. Afsuski, hozirgi nevropatologlar bu tashxisni deyarli qo‘yishmayapti. Bu yaxshi emas. Vaholanki, “leptomeningit va xorioependimatit” atamalarini O‘zbekiston faxri, XX asrning buyuk nevrologi, jahon nevrologiyasiga ulkan hissa qo‘shgan o‘zimizning olim Nabi Majidov 1972 yili taklif qilgan. Bu ikkala kasallik nomi “Katta tibbiy entsiklopediya”da ham o‘rin olgan. Kerak bo‘lsa, xorioependimatit – “Majidov kasalligi” deb atalishi kerak. Men bu masalani Xalqaro anjumanlardan birida ko‘tarmoqchiman. Majidov ulkan meros qoldirib ketdi. Uning barcha asarlarini ingliz, nemis, frantsuz tillariga tarjima qilish vaqti keldi. Aks holda, o‘zbek olimi yaratgan bu tashxisni bizdan o‘g‘irlab qo‘yishadi va o‘ziniki qilib olishadi. Ilm-fanda bunday voqealar har doim uchrab turgan. Ilm-fanda nafaqat plagiatlik, balki g‘oya o‘g‘rilari ham anchagina. Xorijda har qanday kashfiyot hatto oddiy simptomga ham olimlar nomini berishadi.
Masalan, Babinskiy simptomi, Kernig simptomi va h.k. Sindrom, ya’ni simptomlar majmuasi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Shu bois ham qaysi tibbiy kitobni varaqlasangiz olimlar nomi bilan atalgan juda ko‘p simptomlar, sindromlar va kasalliklarga ko‘zingiz tushadi. Nabi Majidov bo‘lsa, yangi yirik bir kasallik haqida kashfiyot qildi. Biroq hanuzgacha bu kasallikka uning nomi berilmagan.
Bilasizmi, mavzudan chetlashayotgandek ko‘rinsa-da, olim sifatida men ham o‘tgan olimlarni eslab o‘tishim kerak. Qolaversa, miyaning ichki bosimini Nabi Majidov darajasida o‘rgangan olim yo‘q. Boz ustiga, “Miyaning ichki bosimi oshishi” — tashxis emas. 1972 yilgacha dunyo nevrologiyasida “Miya ichki bosimi oshishi” iborasi o‘z nozologiyasiga (ya’ni kasallik nomiga) ega bo‘lmagan. “Xorioependimatit” ushbu atamaga juda mos keladi.
Savol: Miyaning ichki bosimi oshishiga xos belgilar haqida ma’lumot bersangiz. Bu holat qanday namoyon bo‘ladi?
Javob: Miyaning ichki bosimi oshishi quyidagi belgilar bilan ko‘zga tashlanadi:
- Bosh og‘rig‘i. Ertalab uyg‘onganda kuzatiladi, boshni pastga engashtirganda kuchayadi, zinadan ko‘tarilayotganda chakka va ensa sohasi lo‘qillay boshlaydi.
- Bosh aylanishi. Chunki tana muvozanati va koordiatsiya uchun javob beruvchi tuzilmalar faoliyati ham sustlashadi. Shuningdek, miyadan qonni olib chiqib ketuvchi venalarda turg‘unlik ro‘y beradi. Buning natijasida nafaqat bosh og‘riydi, balki bosh aylanishi ham kuzatiladi.
- Ko‘ngil aynishi va ba’zida qayt qilish. Bu belgilarning ovqatlanishga aloqasi bo‘lmaydi va bosh og‘riq zo‘rayganda paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Buning ham sabablari yuqorida ko‘rsatilgan omillar bilan bog‘liq. Shuningdek, miya ustunida vegetativ markazlar bor. Miya ichki bosimi oshganda ushbu markazlar qo‘zg‘aladi va ko‘ngil ayniydi, qayt qilish kuzatiladi.
- Diqqat tarqoqligi va xotira pasayishi, fikrlash karaxtligi. Bu simptomlar nega paydo bo‘ladi? Chunki miyaning ichki bosimi oshganda xalq tili bilan aytganda “miya dimiqadi” va buning natijasida miyaning normal faoliyati sustlashadi. Xuddi kislorod kam xonada bosh dimiqqandek holat yuzaga keladi.
- Yurakning urishlari tezlashuvi yoki sustlashuvi, qon bosim “o‘ynab” turishi, ko‘p terlash va h.k. Bu belgilar ham miya ustunida joylashgan yurak-qon tomir faoliyatini boshqaruvchi markazlar ishining sustlashuvi bilan bog‘liq.
- Ko‘rishning pasayib borishi. Bu belgi yillar o‘tib paydo bo‘ladi.
Savol: Bu belgilar boshqa kasalliklarda ham uchraydimi yoki faqat miyaning ichki bosimi oshishi bilan bog‘liqmi?
Javob: Men ushbu belgilarning har biriga izoh berib o‘tmoqchi edim. Turli ilmiy-ommabop adabiyotlarni (ayniqsa, internetdan) o‘qiyverib, ko‘pchilikka tibbiy iboralar, atama va kasalliklar nomi yod bo‘lib ketgan. Bu juda yaxshi. Ya’ni o‘quvchilarga tushuntirib berishni osonlashtiradi. Keling, ishni hamma qo‘rqadigan bosh og‘rig‘ini tahlil qilishdan boshlaymiz. Bu belgiga olib keluvchi kasalliklar haqida ozmuncha xabardorsiz. Agar men qanday xastaliklar bosh og‘rig‘iga sabab bo‘ladi deb sizdan so‘rasam, siz: migren, nevroz, zo‘riqish bosh og‘rig‘i, qon bosimi, uch shoxli nerv nevralgiyasi, gaymorit, depressiya, bo‘yin osteoxondrozi va shamollash kasalliklari deb javob berishingiz mumkin.
Ammo aslida bosh og‘riqqa olib keluvchi kasalliklarning soni 200 dan oshiq. Xususan bosh miyaning deyarli barcha kasalliklari bosh og‘riq bilan namoyon bo‘ladi. Kerak bo‘lsa, ba’zi jigar va buyrak kasalliklari, doimiy sigaret chekish, ichkilik ichish, kompyuter oldida tinmay o‘tirib ishlash, turli muammolar haqida xayol suraverish, oddiy uyqusizlik va h.k. ham bosh og‘riqqa olib kelishi aniq.
Shunday ekan, nima uchun bosh og‘riq simptomini faqat miyaning ichki bosimi oshishi bilan bog‘lash kerak?! Shu erda men nevroz, depressiya va zo‘riqish bilan bog‘liq bosh og‘riqlarini alohida ko‘rsatmoqchi edim.
Yuqorida aytganimdek, barcha bosh og‘riqlarning bor-yo‘g‘i 10-12 foizi miya ichki bosimi oshishi bilan bog‘liq bo‘lsa, qolgan bosh og‘riqlarning 60-70 foizi — bular zo‘riqish bilan bog‘liq bosh og‘riqlaridir. Ya’ni nevroz va depressiya tufayli paydo bo‘lgan bosh og‘riqlari.
Zo‘riqish bosh og‘rig‘i aholi orasida shu qadar ko‘p tarqalganki, hatto bu tashxisni “Kasalliklarning xalqaro tasnifi”ga alohida kasallik sifatida kiritishgan. Balki bu kasallik haqida keyinroq ma’lumot berarmiz.
Savol: Miya ichi bosimi oshishini anglatadigan, aslida esa boshqa kasallik belgisi bo‘lgan simptomlarni ham sanab o‘tsangiz..
Javob: Bular:
- bosh aylanishi – kamqonlikda, qon bosim oshganda yoki tushib ketganda, miyada qon aylanishi sustlashganda;
- ko‘ngil aynish va qusish esa ko‘proq oshqozon-ichak kasalliklarida;
- xotira va tafakkur buzilishlari – bosh miya jaroxatlari, turli etiologiyali dementsiyalar;
- ko‘rish pasayishi – ko‘z kasalliklarida kuzatiladi va h.k.
Ko‘rdingizmi, simptomlar bir nechta bo‘lishidan qat’i nazar, ular faqat bitta kasallikka taalluqli bo‘la olmaydi. Barcha nevrologik simptomlar markaziy asab tizimining har qanday kasalligida uchrashi mumkin. Biz esa to‘g‘ri tashxisni aniqlamasdan turib, davolashga berilib ketamiz.
Shu erda “Asab va ruhiyat” kitobimda yoritilgan hazilomuz aforizmni eslatib o‘tmoqchi edim: “Hamma davolash bilan ovora, tashxis qo‘yish bilan hech kimning ishi yo‘q”.
Afsuski, bu achchiq haqiqat. Hozirgi vaqtda “Men davolayman”, degan mazmundagi reklamalar ko‘payib ketdi. Ushbu kitobimda boshqa aforizm ham bor: “Tashxis va davolash – go‘yoki egizak, ular bir xil diqqat va e’tiborni talab qiladi”. Bu aforizm har bir vrachga yod bo‘lib ketishi kerak.
Savol: Miya ichi gipertenziyasi, ya’ni miya ichki bosimi oshishi tashxisi qanday qo‘yiladi? Tashxisni xato qo‘ymaslik uchun nima qilish kerak?
Javob: Birinchi galda kasallik etiologiyasini to‘g‘ri aniqlash zarur. Qachonlardir ro‘y bergan bosh miya jarohati yoki bolalik paytida o‘tkazilgan miya pardalari shamollashlari – hozirgi paytdagi bosh og‘riqqa aloqasi bo‘lmasligi mumkin. Albatta, sub’ektiv alomatlar (bemorning shikoyatlari) bilan ob’ektiv simptomlar (nevropatolog tekshirib topgan simptomlar) bir-biri bilan solishtiriladi. Ular bir-biriga mos kelishi kerak.
Masalan, bemor “Dod, boshim yorilib ketyapti”, deydi. Nevrologik tekshiruv paytida esa “bosh yorilib ketishiga” xos belgi topilmaydi. Bemorning shikoyatlariga mukkasidan berilib ketish – bu tibbiyotdagi xato tashxislar manbasidan biridir. Albatta, shikoyatlarni o‘rganish kerak. Biroq tanqidiy nuqtai nazardan. Men shogirdlarimga: “Har bir kasallikka xos belgining xronologiyasini o‘rganing!” deb uqtiraman.
Masalan, 7 yil oldin paydo bo‘lgan bosh og‘rig‘i sababi nima, bu og‘riq qanday paytlarda kuchayadi, kamayadi yoki yo‘qoladi, qaysi dorilar yordam beradi. Misol uchun, ba’zi kitoblarda “Miyaning ichki bosimi oshsa, pastga engashganda bosh og‘rig‘i zo‘rayadi” deb yozilgan. To‘g‘ri! Biroq venoz entsefalopatiya, zo‘riqish bosh og‘rig‘i, gaymorit, homiladorlik davri yoki arterial qon bosimi baland yuradigan odamlarda ham boshni pastga engashtirganda mavjud bosh og‘rig‘i kuchayadi. Bunday kasalliklar 50 dan oshiq.
Kerak bo‘lsa, maktabda zo‘rg‘a o‘qiyotgan injiq, asabi tor, arterial qon bosimi 80/50 mm simob ustunidan oshmaydigan nimjon yigit-qizlarda ham boshni pastga engashtirganda bosh og‘rig‘i kuchayishi mumkin. Hatto ular yurayotganda tentirab ham ketadi. Bu nima? Bu “cherepnoe davlenie” emas. Bu – qon tomirlar tonusini boshqaradigan vegetativ markazlar sustligi alomati. Agar sport bilan shug‘ullansa, bu belgilar bir oy ichida o‘tib ketadi, hech bo‘lmaganda ertalab turib yugurish kerak va suzishga borib turishi kerak.
Yana bir narsa! Zinadan chiqayotganda yoki yurib borayotganda ikkala chakkada lo‘qillovchi og‘riqlar ham miyaning ichki bosimi oshishi uchun xos. Biroq xuddi ushbu holat vegetativ distoniya sindromida, qon bosim oshganda, chakka arteriyasi kasalligida va hatto gaymoritda ham bo‘ladi. Bunday belgilar bilan namoyon bo‘ladigan kasalliklar anchagina! Shuning uchun ham tibbiyotda shifokorlar uchun atalgan oltin qoida bor: “Bemorda aniqlangan har bir simptomni tanqidiy bahola!” Aks holda, kimdir boshim qattiq og‘riyapti, desa, darrov “miyaning ichki bosimi oshgan” tashxisini qo‘yib tashlayverasiz.
Men barchaga tushunarli bo‘lsin deb, turli o‘xshatishlar, sodda xalqona iboralardan foydalandim. Tibbiyot – o‘ta murakkab fan. Gippokrat “Barcha san’atlar ichida eng buyugi – bu tibbiyotdir” deb bejiz aytmagan.
Savol: Zo‘riqish bosh og‘rig‘i nima?
Javob: Yuqorida men bosh og‘riqlarning asosiy sababi – bu zo‘riqish bosh og‘rig‘i deb aytdim Bunday og‘riqlar boshqa turdagi bosh og‘riqlardan 4-5 barobar ko‘p uchraydi. Kitobchani o‘qiyotgan muxlislarimiz “Zo‘riqish bosh og‘rig‘i” haqida ham bilib qo‘ysa foydadan holi bo‘lmaydi. Xalqaro tasnifdan o‘rin olgan “Zo‘riqish bosh og‘rig‘i” O‘zbekistonda qay darajada tarqalganligini biz bilmaymiz. O‘zbekistonda bu haqda aniq statistik ma’lumotlar yo‘q. Doktorlarimiz bu tashxisni juda kam qo‘yishadi. Shuning uchun ham haqiqiy statistikadan bexabarmiz. Aholi orasida qaysidir kasallikning tarqalish darajasini (epidemiologiyasi) bilish uchun quyidagi 2 ta qoidaga amal qilish kerak: birinchisi – har bir doktorning qo‘lida kasallikning asosiy simptomlari aks etgan “Registr” bo‘lishi kerak, ikkinchisi – tashxisni faqat mutaxassis qo‘yishi kerak. Afsuski, bu qoidaga amal qilinmayapti.
Men zo‘riqish bosh og‘rig‘i aholi orasida ko‘p tarqalgan, deb ayta olaman. Chunki hozir hamma boshi og‘risa, bosh og‘riqni to‘xtatadigan dori ichadi. Xo‘sh! Siz-chi, boshingiz og‘risa tsitramon ichasizmi yoki analginmi? To‘g‘risini aytsam, ko‘pchilik boshi og‘riganda tsitramon ichadi.Uni ichishdan oldin hech bir shifokordan so‘ramaydi. Tsitramon ichgandan keyin 10 daqiqa o‘tgach og‘riq qoladi-da!
Savol: Odam siqilsa miyaning ichki bosimi oshadimi?
Javob: Yo‘q, oshmaydi. Bosh og‘rig‘i paydo bo‘lishi mumkin xolos. Bunga darrov miyaning ichki bosimi deb qaramang. Esda tuting: odam siqilsa qon bosimi oshadi, miyaning ichki bosimi emas. Miyaning ichki bosimi – o‘ta turg‘un holat. Agar har siqilganda miyaning ichki bosimi oshaversa, unda bilasizmi nima bo‘lardi? Tibbiyotda “psixoemotsional zo‘riqish” degan ibora bor. Oddiy qilib aytganda, olim kuni bilan ilmiy ish ustida o‘tirdi, yozuvchi tinmay maqola yozyapti, o‘qituvchi repetirorlik qildi, amaldor og‘ir majlis o‘tkazdi va h.k. Mana shunday paytlarda psixoemotsional zo‘riqish paydo bo‘ladi va bosh og‘riydi.
Savol: Umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, bemorlarga qanday maslahatlaringiz bor:
- Hech qachon o‘zingizga o‘zingiz tashxis qo‘ymasin. Internetda yoki boshqa manbalarda “Vrachlar uchun” degan ruknni o‘qimang va unga amal qilmang.
- Agar nevropatologdan boshqa doktor “Miyaning ichki bosimi oshibdi” deb tashxis qo‘ysa, albatta nevropatologga murojaat qiling. Bu tashxisni faqat nevropatolog qo‘yishga haqli.
- Bosh miya jarohatlari va miya pardalari shamollashlarini o‘zi vaqtida davolatib turing. Aks holda keyinchalik miyaning ichki bosimi me’yordan oshishi mumkin;
- Agar Sizni doimiy bosh og‘riqlar bezovta qilayotgan bo‘lsa, albatta dispanser ko‘riklardan o‘tib turing;
- Agar Sizda doimiy bosh og‘riqlar bo‘lsa, spirtli ichimliklar aslo ichmang, xatto pivo ham. Chunki ular miyadagi vena qon tomirlarida qon turib qolishiga sababchi bo‘ladi va miya qorinchalarida ortiqcha likvor ishlab chiqariladi. Shuning uchun ham ko‘p aroq yoki pivo ichgan odamning boshi o‘sha kuni yorilib ketay deb og‘riydi.
- Meva-sabzavotlarni ko‘p ist’emol qiling. Giyohli damlamalar ichib turing.
- Sizni surunkali bosh og‘riqlar bezovta qilsa, miyani zo‘riqtirib ishlamang, toza havoda sayr qiling, sportning engil turlari bilan shug‘ullaning.
- Sog‘lom turmush tarziga amal qiling. Bular: toza havo, asabni asrash, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy harakatlar.
Muallif professor Ibodullaev Z.R.