Yangiliklar Maqolalar GIYEN-BARRE SINDROMI QANDAY KASALLIK?

GIYEN-BARRE SINDROMI QANDAY KASALLIK?


GIYEN-BARRE SINDROMI QANDAY KASALLIK?

“Giyen-Barre sindromi haqida ma’lumot bersangiz. U qanday kasallik?”

Sevara ILHOMOVA, Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani

Giyen-Barre sindromi – nerv tolasini o‘rab turgan mielin qobig‘ining emirilishi bilan kechuvchi o‘tkir infektsion kasallik bo‘lib, asosan oyoq-qo‘llarning falajligi bilan namoyon bo‘ladi. Ushbu kasallik 1916 yili frantsuz nevropatologlari G.Giyen va J.Barre tomonidan aniqlangan. Kasallik har qanday yoshda aniqlanadi. Biroq eng ko‘p kasallanish 20–40 yoshlar orasiga to‘g‘ri keladi. Kasallik ikkala jins egalarida ham deyarli bir xil uchraydi.

Kelib chiqish sabablari

Giyen-Barre sindromi turli virusli infektsiyalar va kasalliklar sababli rivojlanadi. Bular – gripp, qizamiq, tepki kasalligi, gerpetik infektsiyalar, emlashlar, nerv tizimiga toksik ta’sir ko‘rsatuvchi kimyoviy vositalar, nurlanishlar, immun tizim kasalliklari va h.k.

         Belgilari qanday?

Kasallik oyoqlarda tezda zo‘rayib boruvchi falajliklar bilan boshlanadi. Ba’zida falajliklar boshlashidan bir necha soat oldin bel va ikkala oyoqda kuchli uyushishlar va og‘riqlar paydo bo‘ladi. Odatda falajliklar boshlanishidan oldin tana harorati ko‘tariladi.

Kasallikning o‘ziga xos belgilari

Giyen-Barre sindromi uchun xos bo‘lgan belgi – bu paydo bo‘lgan alomatlarning birdan avj olib ketishidir. Ko‘p hollarda bugun oyoqlarda paydo bo‘lgan falajlik ertaga qo‘llarga o‘tadi va keyingi kuni esa so‘zlash va yutish bilan bog‘liq bo‘lgan nervlarni zararlaydi. Bu holatni tibbiyotda Landri falajligi deb atashadi. Ba’zan esa o‘tkir boshlangan kasallik belgilarining to‘la shakllanishi 2–4 haftagacha cho‘ziladi, undan keyin esa kasallik zo‘rayishdan to‘xtab, tiklanish davri boshlanadi.

Ba’zan falajliklar va sezgi buzilishlari bira to‘la oyoqlarda ham, qo‘llarda ham paydo bo‘ladi. Falajliklar qo‘llarga o‘tganda, nafas olishni ta’minlovchi nervlarni zararlashi hisobiga nafas olish qiyinlashib, zotiljam rivojlanish havfi yuzaga keladi. Kasallikning dastlabki kunlariyoq pay reflekslari so‘nadi va bemor oyoq-qo‘llarini qimirlata olmay yotadi.

Davosi bormi?

Giyen-Barre sindromiga gumon qilingan har qanday bemor shifoxonaga zudlik bilan olib kelinishi lozim. Deyarli 90-95 % holatlarda kasallik rivojlangan kuniyoq ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam bemorni hech qanday asoratlarsiz tuzalib ketishiga mezon yaratadi. Giyen-Barre tashxisi aniqlangan bemorlarga asosan plazmaferez muolajasi (qonni viruslardan tozalash) va maxsus immunoglobulinlar bilan davolash o‘tkaziladi. Shu jumladan, bemorda aniqlangan nevrologik buzilishlarga qarshi individual tarzda davolash muolajalari belgilanadi. Odatda 2-3 oy ichida bemorlar tuzalib ketishadi, biroq ba’zida to‘la tiklanish jarayoni 6–12 oy davom etadi.

Zarifboy IBODULLAEV

tibbiyot fanlari doktori, professor



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив