MIYaChA ATROFIYaSI NIMA?
Savol: Shifokorlar opamga “Miyacha atrofiyasi” deb tashxis qo‘yishdi. Shu kasallik va uning samarali davo choralari haqida kengroq ma’lumot bersangiz?
Savolga Toshkent tibbiyot akademiyasi
Asab kasalliklari kafedrasi professori,
tibbiyot fanlari doktori
Zarifboy IBODULLAEV javob beradi.
Inson miyasi murakkab tuzilishga ega. Insoniyat paydo bo‘libdiki, uni o‘rganib keladi va bundan keyin ham jadal o‘rganaverishadi.
Miyacha qanday vazifani bajaradi?
Miyacha kalla suyagining orqa ensa chuqurchasida joylashgan (rasmga qarang). Uning asosiy vazifasi tana muvozanatini boshqarishdir. Miyacha ham xuddi bosh miya katta yarim sharlari kabi ikkita yarim shardan iborat. Uni katta miyaning kichik ukasi ham deyishadi. Miyachaning ikkala yarim shari xuddi ko‘rpani qavm qilgandek bir-biri bilan birlashgan.
Ularning birlashgan bu qismi chuvalchang deb ataladi. Chunki u chuvalchang shakliga ega. Miyacha ham xuddi bosh miya katta yarim sharlari kabi tashqi tomondan po‘stloq bilan qoplangan va kulrang tusga ega. Miyachaning po‘stloq neyronlaridan chiquvchi nerv tolalari uning oq moddasini hosil qilishda ishtirok etadi. Miyachaning oq moddasi ichida joylashgan kulrang tusdagi tuzilmalar miyacha yadrolari deb aytiladi. Ular 4 juft bo‘lib tana muvozanati va harakatlar koordinatsiyasini boshqarishda bevosita ishtirok etishadi.
Tana muvozanati deganda, “Miyacha faqat to‘g‘ri yurish uchun javob berarkan” deb o‘ylamang. Miyacha zararlanganda oyoq-qo‘llarda falajliklar bo‘lmasa-da, odamning bir maromdagi harakat faoliyati izdan chiqadi. Chunki qog‘ozga oddiy nuqtani qo‘yishdan tortib, to inson bajaradigan eng murakkab yirik ishlar ham (masalan, samolyotni boshqarish) miyacha ishtirokisiz amalga oshmaydi. Bizning husnixatimiz chiroyliligi, ravon gapirishimiz, ovqatlanayotganda qoshiqni bemalol og‘zimizga olib kelishimiz, eshikka kalitni tiqib bemalol ochishimiz, choynak-piyolalarni chiroyli qilib taxlab qo‘yishimiz, geometrik figuralar chizishimiz, boringki mushaklar ishtirokida bajariladigan biror-bir harakat miyacha ishtirokisiz ro‘y bermaydi.
Miyacha zararlansa nima bo‘ladi?
Mast odamning gandiraklab yurishini albatta ko‘rgansiz. Miyacha zararlansa ham odam xuddi mast odamdek gandiraklab yuradi, g‘o‘ldirab gapiradi va xatto otini ham yoza olmaydi. Uning qo‘lidan narsalar tushib ketaveradi, eshik teshigiga kalitni to‘g‘ri tiqa olmaydi, piyoladagi choyni og‘ziga olib kela olmay to‘kib yuboradi, tugmasini taqa olmaydi va h.k. Shuning uchun ham miyacha harakat faoliyatini koordinatsiya qiladi deb aytamiz. Biroq miyacha zararlansa, odam mast kishiga o‘xshab aqlini yo‘qotmaydi. Chunki miyachada aql markazlari joylashmagan.
Atrofiya nima?
“Atrofiya” degani – to‘qima yoki xujayraning kichrayishi, emirilishi va yo‘qolishi, degan ma’noni anglatadi. Bu jarayon miya xujayralarida kechsa, miya atrofiyasi haqida so‘z boradi. Yosh o‘tgan sayin miya xujayralarining atrofiyaga uchrashi – bu tabiiy xol.
Miyacha atrofiyasi bilan bog‘liq kasalliklar juda ko‘p bo‘lib, bunday bemorlar chayqalib yurishga, yurganda bir tomonga yoki orqaga og‘ib ketishga shikoyat qilishadi. Bu holatni ko‘pchilik bosh aylanishi bilan izohlaydi, ya’ni chayqalib yuradigan bemor boshim aylanayapti, deb shikoyat qiladi. Biroq chayqalib yurish har doim ham bosh aylanish bilan bog‘liq bo‘lavermaydi. Tibbiy tilda chayqalib yurishga va tik tura olmay gandiraklab ketishga ataksiya deb aytiladi. Ataksiya xuddi mast odamning yurishini eslatadi. Ba’zida bunday bemorni ko‘rgan odam ko‘p ichibdi, oyog‘ida ham tura olmayapti, deb koyib qo‘yadi. Demak, ataksiya qanday holat ekanligini bilmoqchi bo‘lsangiz, mast odamni ko‘z oldingizga keltiring.
Aytib o‘tganimdek, miyacha inson muvozanatini saqlash va uning ravon harakatlari uchun javob beradi. Miyacha faoliyati buzilishiga sababchi bo‘luvchi qon tomir kasalliklar, miyacha jaroxatlari, miyachaning yallig‘lanish kasalliklari, nasliy kasalliklar (ayniqsa, bolalarda) ataksiyaga olib keladi. Miyacha atrofiyasi bilan kechuvchi nasliy kasalliklarning 50 dan ortiq turi mavjud. Bunday holatlarni bolalik davridan aniqlab olish mumkin. Bunday holatlar genetik nuqson bilan bog‘liq bo‘lib, butun oila a’zolarida birvarakayiga uchrashi mumkin. Bolalarda uchraydigan miyachaning nasliy kasalliklarida bolaning mushaklari bo‘shashgan bo‘lib, qo‘llari bilan qiladigan harakatlarda juda qiynaladi. Ba’zi bolalar o‘zini-o‘zi eplay olmay qoladi.
Tashxis qo‘yish va davolash
Agar miyacha atrofiyasi oila a’zolarining 2-3 nafarida uchrasa, genetik tekshiruvlar orqali kasallik turini aniqlab olish kerak. Bunday genetik tekshiruvlar Toshkent shaxrida joylashgan skrining markazlarida qilinadi. Insonda uchraydigan har qanday genetik kasalliklarni aniqlashning “Mendeleev jadvali” ga o‘xshagan jadvali bor. Vrach-genetik bemorda aniqlangan nuqsonni “Genetik nuqsonlar” jadvali bilan taqqoslaydi va bemorga to‘g‘ri tashxis qo‘yadi. Biz nevropatologlar bunday bemorlarga tashxis qo‘yishda albatta genetik tekshiruvlar natijasiga tayanamiz. Hammamiz biladigan MRT miyaning zararlangan yoki zararlanmagan ekanligini ko‘rsatishi mumkin, biroq kasallik sababini har doim ham aniqlab beravermaydi.
Esda tuting: Gohida uchrab turadigan chayqalib ketish oddiy charchashdan, qon bosim o‘ynaganidan yoki kam qonlikdan bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun faqat shifokor ko‘rsatmasiga qarab ish tuting.