Yangiliklar Maqolalar Tarqoq skleroz haqida bilasizmi?

Tarqoq skleroz haqida bilasizmi?


Zarifboy Ibodullaev,
professor, nevrolog

 Asab tizimi neyronlardan, ya’ni asab xujayralaridan tashkil topgan. Bosh miya va orqa miyani tashkil qiluvchi neyronlarga impulslarni olib keluvchi tolalarga dendritlar, impulslarni nerv xujayralaridan olib ketuvchi tolalarga aksonlar deb aytiladi. Mana shu aksonlar oppoq parda bilan qoplangan. Ushbu oppoq pardaga mielin deb nom berishgan. Nerv tolalarini zararlovchi turli murakkab viruslar (neyroviruslar) ushbu mielin pardani emiradi. Buning natijasida turli kasalliklar rivojlanadi. Shulardan biri – tarqoq skleroz. Nevrlogiya qiroli deb nom chiqargan frantsuz olimi Jan Marten Sharko 1866 yili bu kasallikni alohida ajratgan.

Jan Marten Sharko
(1824-1893)

Olim bu kasallikni “Tarqoq skleroz” deb ataydi. Chunki bu kasallik juda ko‘plagan nerv tolalari zararlanishi bilan kechadi. Demoqchimanki, uzun nerv tolalarini qoplab turgan oq parda emiriladi. Bu kasallik alomatlari bosh miya va orqa miyada tarqalib joylashgani uchun “tarqoq” iborasi kasallik nomida aks etgan. Oddiy odamlar orasida “skleroz” degan tushuncha “parishonxotir, xotirasi past” degan ma’noni anglatadi. Bu ibora halqimiz miyasiga singib ketgan. Biroq tibbiyotda “skleroz” iborasi to‘qimalarning emirilishi degan ma’noni anglatadi. Tarqoq skleroz kasalligining diqqat va xotira buzilishiga umuman aloqasi yo‘q. Eng qizig‘i bu jiddiy kasallikning so‘nggi bosqichlarida ham parishonxotirlik va xotira buzilishlari deyarli kuzatilmaydi.

Tarqoq skleroz qaysi mamlakatlarda ko‘p uchraydi?

 Tarqoq skleroz shimoliy o‘lkalarda, ya’ni sovuq yomg‘ir ko‘p yog‘adigan, namgarlik yuqori bo‘lgan sovuq o‘lkalarda ko‘p uchraydi. Evropaning shimoliy o‘lkalari, AQSh ning shimoliy shtatlari, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya hamda Rossiyaning shimoliy xududlarida bu kasallik ko‘p tarqalgan. Quruq issiq bo‘ladigan o‘lkalarda, masalan, Turkiya, Markaziy Osiyo davlatlari, Hindiston, Janubiy Afrika, Yaponiya, Koreya, Mongolida bu kasallik juda kam uchraydi. Tabiiyki, O‘zbekiston ham tarqoq skleroz juda kam uchraydigan davlatlar sirasiga kiradi.

Qaysi yoshda ko‘p uchraydi?

Tarqoq skleroz, asosan, 20–40 yoshlarda ko‘p uchraydi. Ammo, bu kasallikning 10 yoshda yoki 50 yoshdan oshganlarda ham boshlangan holatlari uchrab turadi. Erkaklarga qaraganda ayollar ko‘p kasallanishadi.

Sababi nima?

Tarqoq skleroz rivojlanishiga turtki bo‘luvchi omillar juda ko‘p. Bir qator tashqi va ichki salbiy omillarning birin-ketin ta’sir qilishi yoki kuchli darajada ifodalangan stress bu kasallik rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Bizning kuzatuvimizda turgan 3 nafar ayolda ham tarqoq skleroz kuchli stress sababli rivojlangan. Bunga oid ma’lumotlar adabiyotlarda ham ko‘p keltirilgan. Shuningdek, tez-tez kuzatiluvchi virusli infektsiyalar, genetik omillar, radiatsiya, ekologik omillar, sovuq va nam iqlim, gormonal buzilishlar, immunobiologik omillar, zaxarli kimyoviy moddalar ta’siri, genetik yo‘llar bilan etishtirilgan oziq-ovqatlarni ko‘p iste’mol qilish tarqoq skleroz rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Tarqoq skleroz rivojlanishi uchun patogen omillar organizmning immun mexanizmini izdan chiqarishi kerak. Bu erda genetik omillar o‘rni ham isbot qilingan. Tarqoq skleroz ushbu kasallikka genetik moyillik bor odamlarda rivojlanadi. Bu og‘ir kasallik 20 foiz qarindosh-urug‘lar orasida turmush qurganlarda uchrashi ham isbot qilingan.

 Nerv sistemasida qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi?

Bu kasallikda nerv tolalarini o‘rab turgan mielin parda emiriladi. Bu jarayon bir necha yil mobaynida asta-sekin rivojlanadi. Rasmga qarang. Ushbu jarayonlar immunologik va patokimyoviy jarayonlar yig‘indisidan iborat bo‘lib, nerv sistemasining mielin parda bilan qoplangan joylarida kechadi. Tarqoq sklerozda immunologik buzilishlar mielin emirilishida etakchi o‘rinni egallaydi. Shuning uchun ham, tarqoq sklerozni autoimmun kasallik deb atashadi.

Shunday qilib, organizmda kechayotgan immunopatologik reaktsiyalar o‘ziga xos surunkali yallig‘lanish jarayoni bilan kechadi. Bu jarayon nerv sistemasining mielin to‘qimasi bor joylarda, ya’ni bosh va orqa miyaning oq modda bilan qoplangan joylarida ro‘y beradi. Natijada tarqoq skleroz chandiqlari (o‘choqlari) paydo bo‘ladi. Morfologik o‘zgarishlar nafaqat mielin to‘qimasi emirilgan joylarda, balki normal mielin to‘qimasi bo‘ylab ham kuzatiladi. Demak, mielin parda emirilishi bosh miya va orqa miya oq moddasining har qanday joyida ham aniqlanishi mumkin. Tarqoq sklerozda, asosan o‘tkazuvchi yo‘llar zararlanishining asosiy sababi autoimmun reaktsiyalarning mielin oqsillariga qarshi yo‘naltirilganligi bilan izohlanadi. Demak, nerv sistemasining qaerida o‘tkazuvchi yo‘l bo‘lsa, o‘sha joylar zararlanaveradi.

 Belgilari qanday?

Eng qizig‘i bemorning bosh miyasini MRT qilib tekshirganda tarqoq skleroz o‘choqlari aniqlanadi-yu, biroq nervologik belgilar aniqlanmaydi. Bizning miyamiz shu qadar chidamli! Chunki nevrologik funktsiyalar sog‘lom qolgan boshqa nerv xujayralari hisobiga bir necha oygacha, ba’zan 1-2 yilgacha saqlanib qoladi. Mutaxassislar fikricha, ma’lum bir funktsiyaga javob beruvchi nerv tolalarining 40 % dan oshig‘i zararlansagina nevrologik simptomlar paydo bo‘la boshlaydi. Demak, MRT tekshiruvida sklerotik o‘choqlar aniqlansa-yu, biroq nevrologik belgilar paydo bo‘lmasa, bunday bemor kuzatuvga olinishi kerak yoki boshqa tekshiruvlarni (masalan, immunologik testlar) o‘tkazish lozim. Agar bosh miyaning MRT tekshiruvida tarqoq sklerozga xos patologik o‘choqlar aniqlansa, orqa miya ham MRT qilinishi kerak. Bu qoida tashxisni to‘g‘ri aniqlash uchun zarur bo‘lgan shartlardan biridir. Chunki TS uchun nerv sistemasining turli joylarida sklerotik o‘choqlar paydo bo‘lishi juda xos. Bunday qo‘shimcha tekshiruvlar erta tashxis qo‘yishni osonlashtiradi va davolashni erta boshlashga imkon yaratadi.

Tarqoq sklerozning asosiy belgilari quyidagilar:

  • Muvozanatning buzilishi, chayqalib yurish;
  • Ko‘rishning birdan yo‘qolib, yana qayta tiklanishi;
  • Harakat buzilishlari, falajliklar, ayniqsa oyoqlarda;
  • Depressiya, apatiya va ipoxondriya holatlari;
  • Bosh aylanishi, yutish funktsiyalarining buzilishi;
  • Orqa miya bo‘ylab tok urib o‘tgandek bir zumli og‘riqlarning paydo bo‘lishi;
  • Tanada chumoli yurgandek sezgilarning paydo bo‘lishi;

Esda tuting: Ko‘rsatib o‘tilgan bu belgilar boshqa nevrologik kasalliklarda ham uchraydi, xatto nevroz va isteriyada ham. Shuning uchun o‘zingizga tashxis qo‘yishga shoshmang. Tarqoq skleroz tashxisini bir necha oy kuzatuvlar biz nevrologlar ham zo‘g‘ra aniqlaymiz.

 Tashxis qanday qo‘yiladi?

 Aytib o‘tganimdek, to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun bir necha muddat kuzatuvlar kerak bo‘ladi. “Tarqoq skleroz” barcha nevrologik kasalliklar ichida eng murakkab kasallik bo‘lib, o‘ta jiddiy tekshiruvlar asosida tashxis qo‘yiladi.

Bular immunologik va virusologik tekshiruvlar, MRT tekshiruvlari (har 3-6 oyda qilinadi), biokimyoviy tekshiruvlar va h.k. Tashxis qo‘yish uchun Evropa va AQSh da ishlab chiqilgan maxsus algoritmlar mavjud. Har bir nevropatolog ushbu sxemalarga qatiyan amal qilgan holda xulosa chiqarishi lozim. Bu erda xato qilib qo‘ymaslik kerak. Chunki tarqoq sklerozda bemorni davolash boshqa kasalliklarni davolashdan ancha farq qiladi, dorilari ham boshqacha.

Bu kasallikni aniqlash va davolashga oid eng so‘nggi ma’lumotlar bizning “Asab kasalliklari” darsligimizda to‘la bayon qilingan. Ushbu darslik bilan bog‘liq ma’lumotni asab.cc saytidan ham topib olishingiz mumkin.

 Davolash qanday boshlanadi va olib boriladi?

 Tarqoq skleroz bilan kasallangan bemorni davolash o‘ta murakkab va uzoq davom etuvchi jarayondir. Davolash muolajalari ijobiy natija berishi uchun ular uzluksiz olib borilishi va dorilar etarli dozada hamda uzoq muddat tavsiya etilishi kerak. Agar davolash davrida ijobiy klinik o‘zgarishlar kuzatilsa va MRT da sklerotik o‘choqlar hajmi kichraysa yoki yo‘qolsa (odatda, 1 yil ichida) davolash samarali ketayapti, deb xulosa qilish mumkin. Biroq bu bemor to‘la tuzaldi, degani emas. Davolash to‘g‘ri olib borilsa, 75 % holatlarda uzoq remissiyaga erishish mumkin. Agar faol davolash natijasida kasallik to‘xtatilsa, ushbu holat qancha vaqt davom etishi mumkinligini oldindan aytib bo‘lmaydi. Davolash jarayoni uzoq davom etganligi sababli ichki a’zolarni ham tekshirib turish lozim. Har bir bemorni davolashda uning umumiy ahvoliga qarab individual yondoshish o‘ta muhim. Davolashdan asosiy maqsad – bemorning funktsional faolligini saqlab qolish. Har bir davolovchi vrach “Avvalombor ziyon keltirma” qoidasiga amal qilishi kerak.

Dunyoda nima gap?

 Jahonning yirik laboratoriyalarida mielin emirilishini to‘xtatishga oid yangi dorilar yaratish ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Yaqin yillar ichida o‘ta samarali yangi dorilar yaratilishi qilinishi ehtimoldan yiroq emas.

 Reabilitatsiya choralari

Kasallik surunkali kechgani uchun bemorni parvarish qilishga va tiklanish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar olib borishga katta e’tibor qaratish lozim. Bemorning ruhiy salomatligi katta ahamiyatga ega. Davolash jarayonida tibbiy psixolog ham albatta ishtirok etishi lozim. Chunki kasallikning kechishida tibbiy-psixologik yordamning ahamiyati cheksiz. Umumiy amaliyot shifokoriga bunday bemorlarni ro‘yxatga olib, davolash-profilaktika ishlarini rejali tarzda olib borishi, ichki a’zolar faoliyatining bir maromda ishlashini ta’minlashga oid maslahatlar berib turishi, zarur laborator tekshiruvlarga o‘z vaqtida yuborib turishi talab etiladi. Aytib o‘tganimdek, O‘zbekistonda bu kasallik juda kam uchraydi. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga o‘xshash belgilarni o‘zlarida uchratgan bemorlar xavotirga tushmasdan, umumiy amaliyot shifokoriga yoki yashash joyidagi nevropatologga uchrashlari tavsiya etiladi. Har qanday kasallikning dastlabki davrida davolash deyarli har doim samarali tugaydi. Salomat bo‘linglar.



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив